O‘zA O`zbek

13.08.2018 18:41 Chop etish versiyasi

Bunda yurt madhini kuylash baxt

Bunda yurt madhini kuylash baxt Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.Sayfullayev yurtimizni ulug‘lash, yoshlarni vatanparvarlik, yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usida tarbiyalashda ijodkorlar zimmasida g‘oyat ulkan mas’uliyat bor ekanini ta’kidladi.

Joriy yil o‘ninchi marta o‘tkazilayotgan mazkur ko‘rik-tanlov Vatanimizni sharaflovchi eng yaxshi qo‘shiqlarni saralash imkonini berayotgani bilan ahamiyatlidir. Bu yilgi tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, tuman, shahar, viloyatlar bosqichlarida 32 ming 600 nafardan ortiq ijrochi o‘z qo‘shiqlari bilan ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 28 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq san’at bayrami “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazildi. Tanlovda Mudofaa, Ichki ishlar, Madaniyat, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan ko‘plab yangi qo‘shiqlar taqdim etildi.

Ijodiy loyihada Samandar Alimov, Rustam Alimardonov,Rahim Mirzakamolov singari opera ustalari Vatanni madh etuvchi qo‘shiqlari bilan qatnashgani mumtoz san’atimiz jozibasi va maftunkorligi, xonandalarimizning betakror ovozi, ijodiy salohiyatidan bahramand bo‘lish imkonini berdi.

20.jpg

– Tanlovda “Yaxshilik ziyosi” nomli qo‘shiq bilan qatnashdim, – deydi O‘zbekiston xalq artisti S.Alimov. – Tanlov yoshi, professional darajasi turlicha bo‘lgan xonandalarning ijodiy imkoniyatlarini tomoshabinga taqdim etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Hakamlar hay’ati raisi, kompozitor Avaz Mansurovning ta’kidlashicha, bugungi kunda turli tantanalar, davralarda baralla yangrayotgan “Yurt ishqida yonaman”, “Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!”, “Ulug‘imsan, Vatanim!” kabi xalqimizning sevimli qo‘shiqlari ham “O‘zbekiston Vatanim – manim”, “O‘zbekiston qo‘shiq bayrami” kabi ijodiy loyihalar samarasida yaratilgan.

...Sahnada qo‘shiq yangraydi. Ular ta’sirchan, jo‘shqin, tantanavor. O‘zbekistonni qadrlashga, e’zozlashga, tinch va osoyishta kunlarimiz uchun shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga chorlaydi.

– So‘z va musiqa – qo‘shiqning ikki qanoti, – deydi shoira Farida Afro‘z. – Shu qanotlar mustahkam bo‘lganidagina puxta, tinglovchi qalbidan o‘rin oladigan qo‘shiq yaratiladi.

An’anaga ko‘ra, “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichig‘olib va sovrindorlari Mustaqillik bayrami arafasida e’lonqilinadi.

Nazokat Usmonova, Farhod Abdurasulov (surat) O‘zA
3 270