Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.09.2017 20:17 Chop etish versiyasi

Buloqboshi tumanida ichimlik suvi taqsimlash inshooti foydalanishga topshirildi

"Sanoat" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan tuman “Suvoqova” davlat unitar korxonasiga qarashli suv taqsimlash inshootining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda mamlakatimizda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, turmush sharoitini yanada yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimizning joriy yil 20-apreldagi “2017-2021-yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur hujjatda, ayniqsa, qishloq aholisi uchun yanada qulay va munosib ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish, 2017-2021-yillarda mamlakatimizda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya xizmati ko‘rsatish samaradorligini oshirish, iste’molchilarning barcha hududlarda sifatli ichimlik suvidan foydalanishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Joriy yilda viloyatda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga qaratilgan umumiy qiymati 44 milliard so‘m bo‘lgan loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Andijon shahridagi “Just Moment" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan "Munduz-Sanoat" suv tarmog‘i loyihasi doirasida olib borilgan qurilish ishlariga qariyb 7 milliard so‘m sarflandi, 14 kilometr masofaga suv quvuri tortildi. Bu Buloqboshi tumanidagi Istiqlol, Neftchilar, Sanoat, Balandchek mahallalari aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonini berdi.

– Mahallamiz aholisi uchun ichimlik suvi bir necha kilometr uzoqdan transportda tashib kelinar edi, – deydi Sanoat mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Muhammadjon Yo‘ldoshev. – Yangi suv taqsimlash inshooti barpo etilishi bilan ushbu muammo to‘la-to‘kis hal etildi. Bundan yoshu keksa, ayniqsa, ayollarimiz nihoyatda xursand.

Chekka hududlarda aholining turmush farovonligini yuksaltirish, maishiy sharoitini yaxshilashga qaratilgan bunday ezgu ishlar yurtdoshlarimizning davlatga, ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.

Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
2 648






Все о погоде - Pogoda.uz