O‘zA O`zbek

29.05.2020 Chop etish versiyasi

BUGUNNING GAPI: Gʻallaoroldagi bankomatlar muammosiga yechim bormi?

BUGUNNING GAPI: Gʻallaoroldagi bankomatlar muammosiga yechim bormi?

Gʻallaorollik fuqarolar hududdagi bankomatlar tez-tez ishlamay qolayotgani, ishlaganda ham baʼzan naqd pul boʻlmasligidan shikoyat qilmoqda.

– Tuman markazidan uzoqda yashaymiz, qishlogʻimizda asosan naqd pul bilan savdo qilinadi, – deydi gʻallaorollik Dilnoza Ernazarova. – Shu bois bizga naqd pul juda zarur. Buning uchun esa, tuman markaziga 6 kilometr yoʻl bosib bankomatdan pul yechtirgani borishga toʻgʻri keladi. Ammo baʼzida bankomat ishlamay qolgan yoki pul yoʻq boʻladi. Turnaqator navbatda turgan odamlar asabi buziladi. Ertalabdan kechgacha navbat poylaymiz? Axir karantin sharoitida odamlar toʻplanib turishi yaxshi emas. Nega bankomatlar doimiy ishlamaydi?

Bu vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan bogʻlandik.

– Hozirgi kunda Jizzax viloyatida 239 bankomat oʻrnatilgan boʻlib, shundan Gʻallaorol tumanida 11 bankomat mavjud (3 UZCARD, 8 HUMO toʻlov tizimi bankomatlari). Tunu kun faoliyat yurituvchi shoxobchalar soni esa 3 tani tashkil etadi. Shuningdek, bankomatlar tarmogʻi respublika boʻylab bosqichma-bosqich kengaytirib borilmoqda, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Toʻlov tizimlari departamenti boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Xushvaqt AZIZOV. – Agar bankomatlar ishlamay qolsa, shunga oʻxshash boshqa holatlar kuzatilsa bankomatlarga xizmat koʻrsatuvchi banklar yoki Markaziy bankning yagona ishonch telefoniga (71-200-00-44, 71-212-62-51) murojaat qilish mumkin.

Qayd etish joizki, toʻlov tizimlari infratuzilmalaridagi barcha bankomatlarning uzluksiz ish faoliyati (ishchi holati) hamda ularning naqd pul mablagʻlari bilan taʼminlanishi bank tizimining masʼul xodimlari tomonidan doimiy va qatʼiy nazoratga olingan. Oʻz navbatida, gʻallaorollik fuqarolar eʼtirozida bayon etilgan holat aynan qaysi bankka qarashli bankomatda roʻy bergani yoki uning dislokatsiyasiga doir aniq maʼlumot boʻlgan taqdirda, bunday vaziyat operativ koʻrib chiqilishini yoxud bankomat qurilmasida koʻrsatib oʻtilgan telefon raqamlari orqali xabar berilishi lozimligini maʼlum qilamiz.

Bundan tashqari, fuqarolar Gʻallaorol tumanida faoliyat yuritayotgan barcha bank kassalaridagi mavjud 39 terminal orqali ham pulni naqdlashtirib olishi mumkin. Bu esa, oʻz navbatida, aholi oʻziga yaqin boʻlgan istalgan bank filialiga murojaat qilib, kartadagi mablagʻini naqdlashtirish imkonini beradi.

Shu oʻrinda fuqarolarga eslatib oʻtish joizki, UZCARD toʻlov tizimi bank kartalari bilan HUMO toʻlov tizimi bankomatlaridan naqd pul yechishga urinishlar uchrab turgani sababli, bank kartalari qaysi toʻlov tizimiga tegishli boʻlsa, aynan shu tizim infratuzilmasidagi bankomatlardan foydalanish kerak.

* * *

Yana bir maʼlumot. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Axborot xizmati xabar berishicha, 25-may holatiga koʻra, hududlarda qariyb 7 mingga yaqin bankomat bank infratuzilmalari va aholi gavjum obyektlarda oʻrnatilgan. Ulardan HUMO toʻlov tizimi bankomatlari 3186, UZCARD toʻlov tizimi bankomatlari 3811 tani tashkil etadi. Agar HUMO va UZCARD toʻlov tizimlari oʻzaro kelishib, integratsiya qilinsa, yaʼni karta va bankomatning qaysi toʻlov tizimiga qaramasdan foydalanish imkoniyati yaratilsa, bankomatlar tarmogʻi oʻz-oʻzidan ikki marta kengayadi.

796
Shahnoza Mamaturopova, OʻzA