O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Bugun saylovchi ham avvalgiday emas

Bugun saylovchi ham avvalgiday emas

Saylov qonunchiligini buzganlik uchun qanday javobgarlik belgilangan?

Bu kabi savollarga javob topish tobora yaqinlashib kelayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga boʻlib oʻtadigan saylovlar oldidan nihoyatda muhim.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida mamlakatimiz maʼmuriy sudlari sudyalari uchun saylov nizolarini hal etish masalalari yuzasidan boʻlib oʻtgan seminar-treningda ayni fikrlar alohida qayd etildi.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Videokonferensiya tarzida oʻtkazilgan seminar-trening barcha viloyatlarda faoliyat olib borayotgan maʼmuriy sudlar sudyalarini qamrab oldi.

Moldova davlat universiteti professori, Moldova Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining sobiq aʼzosi Yuriye Chokan va Moldova Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi Vadim Filipov muloqotlarning asosiy ishtirokchisi boʻldi.

Ekspert Yu.Chokan fikricha, saylovlarning ochiq, shaffof tarzda oʻtkazilishi saylov jarayonlariga haqiqiy baho berishda asosiy omil sanaladi. Mazkur tamoyillar, oʻz navbatida, saylovga oid qonun hujjatlari buzilishining oldini oladi. Oʻzbekistonda boʻlajak saylovlarda saylov qonunchiligini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar yuzaga kelmasligini taʼminlash uchun muhim huquqiy asos bor. Bu, albatta, Saylov kodeksidir. Mazkur kodeksda aks etgan normalar saylovlarni adolatli, haqqoniy oʻtkazish borasida xalqaro standartlarga mos. Shu bois Oʻzbekistonning Saylov kodeksi xalqaro miqyosda har tomonlama ijobiy baholanmoqda.

Ekspertning soʻzlariga koʻra, fuqarolar saylov huquqlarining sud himoyasi haqidagi tushunchalarga ega boʻlishi katta ahamiyatga ega. Saylovga oid targʻibotlarda bu masalaga ham alohida eʼtibor qaratish zarur.

– Saylov huquqi fuqarolarning eng muhim konstitutsiyaviy-siyosiy huquqlaridan biri, – dedi Toshkent viloyati Maʼmuriy sudi sudyasi Azizjon Ernazarov. – Uni bevosita va bilvosita cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi. Agar saylov huquqi buzilsa, saylov komissiyasi, okrug saylov komissiyasi, Markaziy saylov komissiyasi yoki toʻgʻridan-toʻgʻri maʼmuriy sudlarga murojaat qilish lozim. Saylov kodeksida saylov komissiyalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi batafsil aks etgan. Unga koʻra, saylov komissiyalari murojaatlar boʻyicha tekshiruvlar oʻtkazib, uch kunlik muddatda ularga yozma javoblar beradi. Saylovga kamida olti kun qolganida yoki ovoz berish kuni kelib tushgan murojaatlarni esa darhol koʻrib chiqib, javob qaytarishi shart. Murojaatlar qaydlov daftarida roʻyxatga olinishi lozim. Saylov komissiyasining raisi murojaatni koʻrib chiqish va unga doir qaror qabul qilish uchun tegishli komissiyani ushbu Kodeksda belgilangan muddatlarda chaqiradi va uning majlisini oʻtkazadi. Majlisga manfaatdor shaxslar taklif etilishi mumkin. Murojaatni koʻrib chiqqan saylov komissiyalari aʼzolari uni koʻrib chiqish natijalari va qabul qilingan qaror toʻgʻrisida murojaat yuborgan shaxsni xabardor qilishi shart.

Saylov komissiyalarining qarorlari ustidan shikoyat tushsa-chi? Uni koʻrib chiqish tartibi qanday?

Muloqotlar davomida bu masala xususida ham toʻxtalib oʻtildi. Qayd etilganidek, deputatlikka nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalar organlari, deputatlikka nomzodlar, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin oʻn kun ichida yuqori turuvchi saylov komissiyasiga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin. Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan qaror qabul qilinganidan keyin oʻn kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin. Shikoyat kelib tushganidan keyin uch kun ichida, saylovga kamida olti kun qolganida esa darhol koʻrib chiqilishi kerak. Shikoyat bergan shaxslar shikoyatni koʻrib chiqishda bevosita ishtirok etish huquqiga ega.

– Saylov qonunchiligini buzganlik uchun amaldagi qonunlarimizda tegishli javobgarlik belgilangan, – dedi Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumani Maʼmuriy sudi raisi Nurali Javliyev. – Bu borada qoʻllaniladigan javobgarlik choralaridan biri – maʼmuriy javobgarlik. Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida “Saylov va referendumni tashkil etish hamda oʻtkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik” deb nomlangan VI-bob mavjud. Unda saylov jarayonida sodir etilishi mumkin boʻlgan qonunbuzilishlar uchun maʼmuriy javobgarlikni nazarda tutuvchi normalar oʻz ifodasini topgan. Yaʼni, saylov komissiyalari faoliyatiga aralashish, komissiya qarorlarini ijro etmaslik, nomzodning, ishonchli vakilning yoki kuzatuvchining huquqlarini buzish, saylovoldi tashviqoti olib borish shartlarini buzganlik, siyosiy partiyalar va nomzodlar haqida ataylab yolgʻon maʼlumotlarni eʼlon qilish va boshqa huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan. Maʼmuriy javobgarlik subyekti fuqarolar va mansabdor shaxslar boʻlishi mumkin.

Oʻzbekistonda saylov tizimi faqat qonunchilik nuqtayi nazaridan yangilanmadi. Zero, bugun saylovchilar ham avvalgiday emas – ularning tafakkuri yangi, dunyoqarashi zamonaviy. Ular bu siyosiy jarayonda ishtiroki muhim ekanini yaxshi anglaydi, saylash va saylanish huquqi haqida koʻproq biladi. Bir soʻz bilan aytganda, saylovga befarq emas. Bularning bari joriy yilning 22-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga boʻlib oʻtadigan saylovlarda yana bir karra oʻz isbotini topadi. Seminar-trening ishtirokchilari ana shunday yakdil fikrda.

510
Feruza MIRZAKOMILOVA, OʻzA