O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Bugun matbuotda…

Bugun matbuotda…


Abdulla Qodiriy qanday usulda kartoshka yetishtirgan?

Sharhimizni xushxabar bilan boshlaymiz. Yaqindan Gvardiya nomi yangi gazeta chiqa boshlabdi. Nashrning ilk sonini varaqlab, uning sahifalari rang-barang mavzudagi tahliliy maqolalarga boy ekanligiga guvoh boʻldik.

0001 ракамли сурат.JPG

Xususan, shunday materiallardan birida yozilishicha, xalqimizning buyuk adibi Abdulla Qodiriy bobomiz ham ijod qilish bilan birga, usta-bogʻbon, mirishkor dehqon boʻlgan. U kishi kartoshka ekish uchun birinchi yili yerning bir tomonida odam boʻyi keladigan qilib chuqur qazir ekan. Soʻng yerni chopganda tuproqni hovuz tomonga surib, yerning ikkinchi tomonida chuqur paydo qilarkan. Keyin katta joʻyak olib kartoshka ekar ekan, kartoshka unib chiqqach, oʻsgani sayin uni koʻmib, tepaga chiqaraverarkan. Kartoshkalarni koʻmish shu darajaga yetar ekanki, qazilgan chuqurda bemalol bekinmachoq oʻynasa boʻlarkan. Yigʻim-terim mahalida har bir tupdan chelak-chelak hosil olgan ekan adib bobomiz...

Ishonch gazetasida chop etilgan “Yagona buyurtmachi xizmati” – oʻrtada “begona” yoʻq” sarlavhali maqolada 2018-yili Asaka tumanidagi 42-maktab binosi qurilishi uchun eʼlon qilingan tenderda yutgan pudratchi tashkilot va buyurtmachi oʻrtasida hanuzgacha davom etayotgan kelishmovchiliklar xususida soʻz yuritiladi. “Boy berilgan imkoniyatlar yoxud tibbiyotdagi ayrim muammolar haqida mulohazalar” nomli materialda esa tibbiyot sohasida uzoq yillardan buyon ishlab kelayotgan muallifning sohaga oid tanqidiy fikrlari va takliflari bayon etilgan.

“Gazetada maqola chiqarmoqchiman” sarlavhali maqolada ayrim oʻqituvchilarning toifasini oshirish maqsadida buyurtma maqolalar yozdirishi tanqid qilinadi.

“Sir emas, avvallari oliy taʼlim olish borasida olis tuman va qishloqlardagi aksariyat xotin-qizlarning orzulari sarobligicha qolib ketardi. Bunga moddiy yetishmovchilik yoki oiladagi muhit qaysidir maʼnoda taʼsir koʻrsatardi, — deb yoziladi Mahalla gazetasida eʼlon qilingan “Imtiyozlar qanchalik adolatli taqsimlanadi?” nomli maqolada. — Shu sabab qanchadan-qancha ilmga tashna va qobiliyatli qizlar oila tashvishi bilan oʻralashib qoldi. Joriy yilda esa ana shunday nozik xilqat vakillari uchun yana bir imkoniyat eshiklari ochildi. Ular uchun OTMga alohida imtiyoz belgilab berildi. Xoʻsh, xotin-qizlar imtiyozli asosda oliy oʻquv yurtlariga qanday tartibda qabul qilinadi? Imtiyozlar kimlar uchun belgilangan? Ular qanchalik adolatli taqsimlanadi?” Bu savollarga Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshligʻi Dilshoda Mirzajonovaning javoblarini oʻqiysiz.

“Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari”. Bu ulugʻvor gʻoya bugun yangi Oʻzbekistonning, har bir vatandoshimizning istiqbolga qaratilgan azmu qaroriga aylandi. Inson ulugʻ gʻoya va daʼvatlardan kuch oladi, ularga qarab qaddini rostlaydi. Ularga mos ravishda oʻktam qadam tashlashga intiladi. Tiklanishsiz yuksalish boʻlmaganiday, buyuk niyat va maqsadsiz kuchli harakat, nurafshon kelajak boʻlmaydi, — deb boshlanadi Yangi Oʻzbekiston gazetasida 2-iyul — Oʻzbekiston Respublikasi davlat gerbi qabul qilingan kun munosabati bilan eʼlon qilingan “Milliy yuksalish mujassam ulugʻvor Vatan timsoli” sarlavhali materialda. — Ana shu maʼnoda davlat ramzlari bugun xalqimizga hayot sinovlarini mardona yengib oʻtishda, har kun, har lahza gʻurur va matonat bilan milliy yuksalish sari qadam tashlashda betimsol kuch-qudrat baxsh etmoqda.

Xalq soʻzi gazetasida bosilgan Rahim Sherqulovning “Ming marta eshitgandan, bir marta koʻrgan afzal” sarlavhali maqolasida esa Fargʻona viloyatga uyushtirilgan press-tur tafsilotlari, xususan, bugungi kunda hududda amalga oshirilayotgan ishlar, qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar va muammolar, koʻzda tutilgan rejalar haqida batafsil maʼlumotlar berilgan.Jurnalistlar media-tur doirasida dastlab Margʻilon shahrida Ibrohimjon Sultonov tashabbusi bilan Hunarmandlar markazi qurilib, foydalanishga topshirilgani, bu yerda 600 nafar usta faoliyat boshlab, 200 ortiq turdagi atlas va adras toʻqish, gilamchilik, maishiy xizmat, tikuvchilik, hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgani, natijada 2 mingga yaqin xotin-qizlar va yoshlar ish bilan taʼminlangani bayon etilgan.

Pravda Vostoka gazetasida berilgan “Molodej novogo dnya: nas jdut velikiye dela!” (“Yangi kun yoshlari”: bizni buyuk ishlar kutmoqda”) sarlavhali materialda esa mamlakatimizda yoshlarga oid davlat dasturining samaralari haqida soʻz yuritiladi.

“Pandemiya sharoitida dunyoga mashhur brendlar katta talafot koʻrmoqda. Biroq distansion texnologiyalarga asoslangan holda oʻz daromadlarini oshirishga erishmoqda”degan mulohazalar qayd etilgan “Narodnoye slovo” gazetasida eʼlon qilingan Gulshana Xudoyorovaning “V innovatsionnom razvitii ne dopustit tormoza” (“Innovatsion rivojlanishni toʻxtatib boʻlmaydi”) sarlavhali materialida. Unda taʼkidlanishicha, Oʻzbekistonda sanoatni rivojlantirish zamonaviy ishlab chiqarishning yangi texnologiyalaridan boxabar boʻlgan koʻplab yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni talab etadi. Biroq oʻtkazilgan tahlillar ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish koʻngildagidek emasligini koʻrsatmoqda. Xususan, innovatsion menejment sohasida texnologiyalarni transfer qilishga qodir boʻlgan malakali mutaxassislar yetishmaydi.

* * *

Yangi rukn va maqola haqidagi fikr, taklif va istaklaringizni pochta@uza.uz manzilida kutib qolamiz.


1 382
OʻzA