O‘zA O`zbek

14.08.2018 16:11 Chop etish versiyasi

Bugun fermer qishloqdagi asosiy kuchga aylandi

Bugun fermer qishloqdagi asosiy kuchga aylandi
Sirdaryo viloyati Guliston tumanida “Fermerlik harakati rivoji – qishloq taraqqiyoti va farovonligi garovi” mavzuida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Sirdaryo viloyati hokimligi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi, viloyat Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda deputatlar, tuman hokimligi vakillari, yosh fermerlar, o‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan yigit-qizlar ishtirok etdi.

Bugun fermer qishloqdagi asosiy kuchga aylandi. Davlatimiz tomonidan fermerlarning erkin faoliyat yuritishi uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlar, imtiyoz va preferensiyalar, eng muhimi, yangi g‘oya va innovatsion texnologiyaga tayanilgan harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash soha vakillari uchun mustahkam tayanch vazifasini o‘tamoqda.

Bugungi kunda viloyatda 323 yosh fermerlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Muloqotda ana shu faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, bu borada qabul qilingan va qilinayotgan qonunchilik hujjatlarini keng targ‘ib etish, erishilayotgan yutuqlarini ommalashtirish, milliy va xorijiy ilg‘or tajribalar bilan tanishtirish, shu bilan birga, yosh fermerlarning faoliyati davomida yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yosh fermerlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar o‘rganildi. Aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli mutasaddi rahbarlarga aniq topshiriq va vazifalar yuklatildi.

A.Qayumov, O‘zA
1 946