O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

12.09.2018 18:27 Chop etish versiyasi

Bu yoʻlga qayta kirmang

Bu yoʻlga qayta kirmang Samarqand viloyatidagi mahallalarda giyohvand moddalarni nazorat qilish davlat komissiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi giyohvand moddalarni nazorat qilish milliy markazi ekspertlari tomonidan aholi bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.

Bulungʻur tumanidagi “Xoʻjamazgil” mahalla fuqarolar yigʻinida tashkil etilgan shunday tadbirda giyohvand moddalarni nazorat qilish davlat komissiyasi raisi oʻrinbosari O.Narzullayev, Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari R.Qobilov va boshqalar bugungi kunda dunyo miqyosida giyohvandlikka qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar, bu borada yurtimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi. Narkotik moddalar yetishtirish va isteʼmol qilish, oldi-sotdisi bilan shugʻullanish uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari, bu illatning jamiyatdagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitga, tinchlik-osoyishtalikka salbiy taʼsiri haqida aniq faktlar asosida soʻz yuritildi.

Uchrashuv yakunida giyohvandlikning millionlab kishilarning naslini mayib-majruh etayotgani, umriga zomin boʻlayotgani haqida hikoya qiluvchi “Intiho yoxud yoʻqlikka qarab” nomli videofilm namoyish etildi.

Shuningdek, tadbir tashkilotchilari Farmontepa qishlogʻida yashovchi, ilgari giyohvand moddalar savdosi bilan shugʻullanganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan va hozirda jazo muddatini oʻtab ozodlikka chiqqan fuqarolarning xonadoniga borib, ularning hayot tarzi, oilaviy sharoitini oʻrgandi. Bu fuqarolar va ularning oila aʼzolariga zarur tavsiya va maslahatlar berdi.

Gʻ.Hasanov, OʻzA