O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

05.09.2018 17:43 Chop etish versiyasi

Bu yil terimchiga 1 kg. paxta uchun 300 soʻm miqdorida naqd pulda kunlik ustama haq toʻlanadi

Bu yil terimchiga 1 kg. paxta uchun 300 soʻm miqdorida naqd pulda kunlik ustama haq toʻlanadi
Ilgari paxta mavsumida terimchilarga munosib haq toʻlanmagan. Yeb-ichish, yashash sharoitlari toʻliq yaratib berilmagan. Joriy yil bu kabi kamchiliklar, xatoliklarga yoʻl qoʻyilmaydi. Paxta teruvchilarga munosib haq toʻlanadi. Zarur sharoitlar yaratib beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir A.Aripov rahbarligida 2018-yil paxta hosilini yigʻib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda vazirlik va idoralar rahbarlari, tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Bu yil yetishtirilgan paxta hosilini yigʻib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish, yigʻim-terimda ishtirok etadigan terimchilarning moddiy manfaatdorligini taʼminlash va paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklarning moliyaviy holatini yanada mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ilgari paxta mavsumida terimchilarga munosib haq toʻlanmagan. Yeb-ichish, yashash sharoitlari toʻliq yaratib berilmagan. Joriy yil bu kabi kamchiliklar, xatoliklarga yoʻl qoʻyilmaydi. Paxta teruvchilarga munosib haq toʻlanadi. Zarur sharoitlar yaratib beriladi.

Maʼlumotlarga koʻra, paxtaning mashinada terilgan bir tonnasi uchun 400 ming soʻm xizmat haqi toʻlanadi. Qoʻlda terilgan bir kilogramm paxta uchun birinchi bosqichda kontraktatsiya shartnomasi majburiyati 60 foizgacha bajarilgunga qadar 650 soʻm, ikkinchi bosqichda 60 foizdan 80 foizgacha 850 soʻm, uchinchi bosqichda 80 foizdan ortganda 1000 soʻm mehnat haqi toʻlanishi belgilandi.

Shu bilan birga, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Nishon, Kasbi tumanlari, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Muzrabot tumanlarida (paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyat yuritayotgan hududlardan tashqari) terimchilarni paxta yigʻim-terimiga qoʻshimcha ravishda jalb qilish maqsadida Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan qoʻlda terilgan bir kilogramm paxta uchun terimchiga qoʻshimcha 150 soʻm ustama hamda oziq-ovqat mahsulotlari uchun 150 soʻm, jami 300 soʻm miqdorida naqd pulda kunlik ustama haq toʻlanadi. Bu yil paxta terimi uchun toʻlangan puldan soliq olinmaydi. Terimchi toʻliq mehnat haqini oladi. Terim pullari har besh kunda, zarur boʻlganda har kuni berilishi taʼminlanadi.

Bu yil paxta yigʻim-terimi uchun 26 mingdan ziyod terim otryadi tuzilib, 2 milliondan ortiq terimchi jalb etilishi qayd etildi. Xohlagan odam ixtiyoriy ravishda mehnat taʼtiliga chiqib, paxta yigʻim-terimida ishtirok etishi mumkin. Bunda u maʼlum terim otryadiga biriktiriladi, mehnat shartnomasi tuziladi hamda toʻliq mehnat haqini olish imkoniyatiga ega boʻladi.

Davlat ehtiyojlari uchun kontraktatsiya shartnomalarida belgilangan miqdordan ortiqcha topshirgan fermer xoʻjaliklariga paxta xomashyosi xarid narxlariga 15 foiz miqdorida ustama toʻlanadi.

Qayd etildiki, 18 yoshga toʻlmagan yoshlar, umumtaʼlim maktablari yoki boshqa taʼlim muassasalari oʻquvchilari hamda oʻqituvchilari, tibbiyot xodimlarini paxta yigʻim-terimiga jalb etish qatʼiyan taqiqlanadi. Shuningdek, aholini majburan paxta terimiga olib chiqishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bu hol kuzatilgan taqdirda tegishli jazo choralari qoʻllaniladi. Terimchilarni tushlik, ichimlik suvi bilan taʼminlash, paxta maydoniga olib borish va olib kelish fermer xoʻjaligi tomonidan amalga oshiriladi.

Paxta yigʻim-terimi mavsumida Vazirlar Mahkamasidan vakillar biriktirilib, maʼlum hududlarga yuboriladi. Ushbu vakil u yerdagi mehnat sharoitlarini nazorat qiladi, metodik tushuncha va maslahatlar beradi, qoʻyilgan vazifalarning vaqtida va shaffof bajarilishini oʻrganadi. Prokuraturadan biriktirilgan xodimlar majburiy mehnatning oldini olish, fermer va terimchilarning manfaatini himoya qilish boʻyicha ishlarni amalga oshiradi.

Bosh vazir ushbu ishlarni tizimli va uyushqoqlik bilan amalga oshirish, odamlarning ongi va yondashuvini oʻzgartirish, tartib buzilishi holatlarida zudlik bilan axborot berishda ommaviy axborot vositalari haqiqiy yordamchi boʻlishi zarurligini taʼkidladi.

Nurillo Nasriyev, OʻzA