O‘zA O`zbek

17.05.2020 Chop etish versiyasi

Bu shunday hukm boʻladiki, oʻqilsa, shikoyatga oʻrin qolmaydi

Bu shunday hukm boʻladiki, oʻqilsa, shikoyatga oʻrin qolmaydi

“Ha, mening Vatanim bor, — deydi Frans Kafka. – Bu – nemis tili.”

Til – Vatan. Til – Xalq.

Tilning qaddini tiklashday ulugʻ ishda allaqayerlardagi millatchilarning qora soyalari bilan tortishishdan esa maʼni yoʻq.

Bizning zaruratsiz tushirayotgan qamchilarimiz jonsiz soyaga taʼsir qilmagani holda (taʼsir qilganida nima oʻzgarardi? Ular tilimiz borasida “tarbiyalanib” qolarmidi?) olisda turib otilgan toshlardan boshimiz yorilayotganday his qilayapmiz oʻzimizni. Har qalay, vaziyat ana shunga oʻxshash ruhiy manzarani eslatayapti.

Tasavvur qiling, Onaizoringizni xoʻrlayaptilar. Siz uning Yaratgan bergan qadrini tiklash uchun masalani muhokamaga qoʻyasizmi?! Uning maqomini belgilash uchun unga dushman boʻlgan oʻsha kuchlarga quloq solib oʻtirasizmi?!

Hamma narsani muhokama qilish mumkin, lekin bizningcha, Onaning maqomini tiklash masalasi muhokama qilinmasligi kerak.

Bu borada xuddi fransuzlarday “Hukm qatʼiy – shikoyatga oʻrin yoʻq!” qabilida ish tutilishi shart. Aslini olganda, bizda bundan boshqa yoʻlning oʻzi yoʻq. Koʻrdik, Davlat tilining qadri siyosiy yoʻl bilan oʻrniga qoʻyilmasa, uning qaddini mehr-muhabbat bilan tiklab boʻlmas ekan.

Ammo, tilga boʻlgan mehr-muhabbatimiz haqqi-hurmati hayajonlanayapmiz, ehtiroslarga berilayapmiz, va oqibatda, ularga bunday “materiallar”dan masalliq oʻrnida foydalanishlari uchun imkon yaratayapmiz.

Toki gap Ona tili haqida, uning asl maqomi haqida ketayotgan ekan, gapni qoʻyib, ishni oxiriga yetkazish kerak.

Aks holda, soyaga urayotgan qamchilarimiz irodasizlikning, qatʼiyatsizlikning, kuchsizlikning ifodasi oʻlaroq “zuvullab” turaveradi.

Mustabidlar qoʻlida shahid ketgan buyuk shoirimiz Choʻlpon xalq boshiga kelgan qora kunlarni butun vujudidan oʻtkazdi. Xalqning turmush tarzida ijtimoiy mutelikning ming bir shaklini koʻrdi. “Qora bulutlar...” balosi yoki “Toshloqda behuda chopish”ning kasofatini nainki sheʼrlarida bashorat qildi, shuningdek, tarjimalariga-da, erkning ruhini singdirdi. U Krilovning masalini ona tiliga oʻgirayotgan paytda ham yuragida ana shu ulkan dard bor edi:

“Daraxtning boʻshini qurt yeydi doim,

Tarixda misollar juda koʻp bunga...”

Nurulla Narzullayev

7 440
O'zA