O‘zA O`zbek

08.07.2019 18:41 Chop etish versiyasi

“Bozorlik qilaman”, deb “bozorlik”dan ayrilib qolmang!

“Bozorlik qilaman”, deb “bozorlik”dan ayrilib qolmang!

Avtomobilni qoldirish uchun joy qidirish davomida haydovchilar 3.27 belgisini “payqamaslikka” koʻnikib qolishgan, bu esa poytaxt yoʻllarida tirbandlikka olib kelib, transport va piyodalar harakatiga xalal beradi.

Ushbu belgi ostida transport qoldirish mumkin emasligi Yoʻl harakati qoidalari tomonidan bekorga belgilanmagan. Aksariyat haydovchilar belgilangan joygacha ortiqcha 100 metr masofa bosib oʻtishga erinib, 3.27 belgisi ostida bir necha daqiqaga toʻxtasa hech narsa boʻlmaydi deb oʻylashadi. Toʻxtash va toʻxtab turish qoidalarini buzilishi nuqtai nazaridan poytaxt bozorlari eng muammoli joylar hisoblanishadi.

10-iyul kunidan Toshkentning bir nechta bozorlari yaqinidagi yoʻllar boʻylab toʻxtash va toʻxtab turish qoidalari buzilishini qayd etuvchi avtomatlashtirilgan foto va videokameralar ish boshlashadi. Masalan, Chilonzor tumanini Toshkent halqa avtomobil yoʻlining oʻzidayoq 3.27 belgisini mensimaganlarni qayd etishga moʻljallangan 4 ta statsionar avtomatlashtirilgan kameralar oʻrnatilgan. Hozirgi vaqtda Abu-Saxiy, Bek Toʻpi, Ippodrom, Oʻrikzor bozorlari yoʻllarida avtomatlashtirilgan tizim oʻrnatilgan boʻlib, Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan bu yoʻnalishdagi ishlar davom ettiriladi.

Oʻrnatilgan kameralar 360 gradusga oʻgirila oladi. Avtomobil mumkin boʻlmagan joyda toʻxtagach, videokamera avtomatik tarzda (inson aralashuvisiz) vaqtni va “qoidabuzar”-avtomobilning davlat raqamini qayd etadi. Maʼlumotlar onlayn-tarzda bazaga yoʻnaltiriladi, u yerda esa AutoCon-SC/M dasturiy taʼminot jarima solish boʻyicha Qarorni shakllantirib uni “Oʻzbekiston pochtasi” AJga qoidabuzarga joʻnatish uchun yoʻllaydi. Xatda jarimani 60 kunlik muddat ichida toʻlash zarurligi, ushbu muddat tugagach tizim xatga biriktirilgan kvitansiyani avtomatik tarzda toʻsib qoʻyib, jarima toʻlanmaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qoshidagi Majburiy ijro byurosiga (MIB) joʻnatishi maʼlum qilinadi. MIB, oʻz navbatida, transport vositasi egasining nomiga rasmiylashtirilgan mulkka taqiq qoʻyadi. Ushbu sanksiyalar qoidabuzar-avtomobil egasiga oldi-sotdi kelishuvlarini olib borishga yoʻl qoʻymaydi. YHQni buzganlik uchun jarimani oʻz vaqtida toʻlamaslik ham qoʻshimcha moddiy xarajatlarga olib keladi.

Bundan tashqari, kamera qoidabuzarlikni qayd etib uni Markazga yoʻllaganidan keyin, toʻlov muddati davomida sizga nisbatan bir qator cheklovlar oʻrnatiladi. Xususan, sizda mashinani IIBB YHXB tumanlararo boʻlinmalarida texnik koʻrikdan oʻtkazish yoki boshqa fuqaroning nomiga rasmiylashtirish imkoni boʻlmaydi. Ushbu cheklov boʻlajak xaridorni “qarzdor” mashina sotib olib qoʻyishda himoya qiladi.

Eslatib oʻtamiz, 3.27 belgisi ostida avtomobilni toʻxtatish Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 128-6-moddasiga muvofiq EKIHning 3 baravarigacha (608 190 soʻm) jarima solinishiga sabab boʻlishi mumkin.

Haydovchilarni va transport vositasini ijaraga bergan fuqarolarni jarimalar mavzusiga eʼtibor berishlarini tavsiya etamiz. OʻzR MJKning 17-1-moddasiga muvofiq, Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yoʻl harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan taqdirda, maʼmuriy javobgarlikka transport vositasining mulkdori tortiladi.

Toʻxtab turish joyini tanlashda yoʻl harakati ishtirokchilarining huquqlarini hurmat qiling! Bozorga kelganda avtoturargoh xizmatlaridan foydalaning.

Toshkent shahar Ichki ishlar
Bosh boshqarmasi matbuot xizmati 

OʻzA
2 451