O‘zA O`zbek

30.03.2020 Chop etish versiyasi

Bozordagi taʼminot nazoratda: xavotirga asos yoʻq

Bozordagi taʼminot nazoratda: xavotirga asos yoʻq

Fargʻona viloyatida karantin davrida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, ularning narx-navosini asossiz oshirib yuborilishini oldini olish borasida doimiy nazorat yoʻlga qoʻyilgan. Bu borada yurtdoshlarimizni xavotirlanishi va vahimaga tushishiga hojat yoʻq.

Ikki kun mobaynida viloyatdagi oltita sektor rahbarlari oʻzlari masʼul boʻlgan hududlarda boʻlib, bozorlardagi taʼminotni oʻrgandi hamda ularda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrildi.

Yurtimizda koronovirus pandemiyasi tarqalganligi xususida xabar tarqalgach, aholi oziq-ovqat mahsulotlarini shoshilinch sotib olishga kirishdi. Dastlab baʼzi hududlarda kartoshka taqchilligi yuzaga kelgani, ayrim mahsulotlarning narxi oshib yuborilganlik holati ham kuzatildi. Ammo bu kabi holatlar masʼul idoralar tomonidan nazoratga olinib, qisqa fursat ichida barchasi iziga tushdi.

Viloyat hokimligi tomonidan bu borada aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan boʻlib, bugungi kunda shahar va tumanlardagi 24 ta dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkalarining faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Qoʻqon shahridagi markaziy dehqon bozorida boʻlganimizda aholining kundalik ehtiyoji uchun zarur boʻlgan mahsulotlar arzon narxlarda sotilayotganini guvohi boʻldik. Maʼlum boʻlishicha, bu yerda 120 tonna kartoshka, 200 tonna sabzi, 60 tonna piyoz zaxira qilindi. Bir kilogram kartoshka 3 ming 500 soʻmdan sotilmoqda.

– Roʻzgʻor uchun kerakli mahsulotlarni xarid qildim, narxi ham arzon –deydi Qoʻqon shahrida yashovchi Azizbek Rahmonov.– Rastalarda hamma narsa bor.

Beshariq tumanidagi dehqon bozorida ham barcha mahsulotlar uzluksiz taʼminlanyapti. Qirgʻiziston va Toshkent shahridan 26 tonna kartoshka olib kelinib, har kuni sotuvga chiqarilyapti. Sabzi, piyoz kabi mahsulotlari ortigʻi bilan zaxira qilingan. Dangʻara, Furqat, Oʻzbekiston, Buvayda boshqa tumanlarda ham shu kabi ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyatdagi barcha bozorlar tomonidan onlayn buyurtmalar olinayotgan boʻlib, uyidan chiqa olmaydigan fuqarolar uchun zarur mahsulotlar yetkazib berilyapti. Shuningdek, Fargʻona va Margʻilon shaharlaridagi dehqon bozorlarida shu kabi ishlar olib borilyapti. Ayni damda Qirgʻizistondan katta miqdorda kartoshka olinib, zaxira qilib qoʻyildi.

858
M. Sulaymonov, OʻzA