O‘zA O`zbek

03.06.2020 Chop etish versiyasi

Bozordagi savdo jarayonida qalbaki 100 ming soʻmliklar aniqlandi

Bozordagi savdo jarayonida qalbaki 100 ming soʻmliklar aniqlandi

Oson yoʻl bilan boyib ketish istagi baʼzi odamlarni turli koʻylarga solib keladi. Qalbaki pul yasash shulardan biri boʻlib, oqibati yaxshilik bilan tugamasa ham hamon davom etib kelmoqda.

Andijondagi bozorlardan birida fuqaro N.N. 5 dona seriya va raqamlari bir xil boʻlgan 100 ming soʻmlik kupyuralarni muomalaga kiritmoqchi boʻlgan. Ammo sotuvchi pulning haqiqiyligiga shubha qilgan.

Pullar qalbaki ekanligi shubhaga olinib, ashyoviy dalil sifatida olingan. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Ulugʻnor tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonidagi ekspertiza natijalari esa bu pullar nusxa koʻchirish yoʻli bilan rangli printerda chop etilganligi aniqlangan.

Fuqaro N.N. qalbaki pullarni bozorda notanish ayoldan oʻzidagi mayda pullarni yirik kupyuraga aylantirgan vaqtida olganligini bildirgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati xabariga koʻra, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, qalbaki pul yasash qonunga zid boʻlib, Jinoyat kodeksining 176-moddasiga muvofiq, “Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish” ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Jinoiy harakat toifasiga qarab jazo ogʻirlashib borishi, ozodlikdan mahrum qilish oʻn besh yilgacha boʻlishi mumkin.

1 386
Muattar Roʻziboyeva, OʻzA