O‘zA O`zbek

20.09.2019 Chop etish versiyasi

Boysun va Qumqo‘rg‘on tumani hokimlari, Surxondaryo viloyati hokimining ikki o‘rinbosari o‘zgardi

Boysun va Qumqo‘rg‘on tumani hokimlari, Surxondaryo viloyati hokimining ikki o‘rinbosari o‘zgardi

Xalq deputatlari Boysun tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rildi. To‘raev O‘ktam Ismoilovich boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan Boysun tumani hokimi vazifasidan ozod etildi. Shu kungacha Sariosiyo tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Jo‘raev Asqarali Chorievich Boysun tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Jo‘raev Asqarali Chorievich 1972 yilning 17 martda Denov tumanida tug‘ilgan. 1994 yilda Namangan sanoat-texnologiya instituti, 2002 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi organlarida turli vazifalarda xizmat qilgan. 2016 yildan Sariosiyo tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritayotgan edi.

Xalq deputatlari Qumqo‘rg‘on tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Choriev Normo‘min Omonovich boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan Qumqo‘rg‘on tumani hokimi vazifasidan ozod etilib, o‘rniga shu kungacha viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Gapparov Rahmatullo Boboxonovich tuman hokimi etib tasdiqlandi.

Gapparov Rahmatullo Boboxonovich 1984 yil 24 mayda Qumqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 2005 yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini tamomlagan. 2018 yilda Surxondaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangunga qadar, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

Surxondaryo viloyati hokimligida xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, hokimlik apparati mas’ul xodimlari, shahar, tumanlar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan faollar yig‘ilishida tashkiliy masala ko‘rildi. Gapparov Rahmatullo Boboxonovich Qumqo‘rg‘on tumani hokimi etib tasdiqlanishi munosabati bilan Samatov Xolmamat Jo‘raevich viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

Samatov Xolmamat Jo‘raevich 1965 yil 25 avgustda Denov tumanida tug‘ilgan. 1987 yilda Toshkent qishloq xo‘jaligi instituti, 1993 yilda Moskva qishloq xo‘jaligi akademiyasini tamomlagan. 2019 yilning 27 fevralida Qumqo‘rg‘on tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangunga qadar viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi tizimida, viloyat hokimligida turli vazifalarda, 2009-2016 yillarda Oltinsoy tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Choriev Ro‘zimurat Kungratovich boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilib, o‘rniga shu kungacha Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filiali direktori lavozimida ishlab kelgan Begimqulov Chori Rahmonovich tayinlandi.

Begimqulov Chori Rahmonovich 1974 yil 10 oktabrda Sherobod tumanida tug‘ilgan. 1998 yilda Toshkent davlat agrar universitetini tamomlagan. 2017 yilda Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filiali direktori etib tayinlangunga qadar Toshkent davlat agrar universitetida faoliyat yuritgan.

Xalq deputatlari Boysun va Qumqo‘rg‘on tumani Kengashlarining navbatdan tashqari sessiyalari hamda viloyat faollari yig‘ilishida Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov so‘zga chiqdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sh. Kudbiev ishtirok etdi.

4 066
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA