Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2018 18:25 Chop etish versiyasi

Boyovutda qoidabuzarliklar 18 foizga kamaydi

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida yo‘l harakati qoidabuzarliklari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foizga kamaydi.

Prezidentimizning 2017- yil 11-iyuldagi “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tumanda qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Haftaning har payshanba kuni o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari, har shanba kuni viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi alohida yo‘l-patrul xizmati otryadi bilan birgalikdagi qo‘shma reydlar yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Joriy yilning yanvar oyida tumandagi 80 ta’lim muassasasi, 105 korxona-tashkilot va mahalla fuqarolar yig‘inlarida 24 marotaba yo‘l harakati qoidalari targ‘iboti va yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlari o‘tkazildi. Qoidabuzarlik holatlari keng jamoatchilik o‘rtasida atroflicha muhokama qilindi.

Boyovut tumani IIB yo‘l harakati xavfsizligi guruhi xodimlari tomonidan joriy yilning yanvar oyida 46 yo‘l harakati qoidabuzarliklari aniqlandi. Ularning 25 tasi qo‘pol ravishda qoida buzish holatlaridir. Jumladan, mast holda transport vositasini boshqarish, avtomobilni boshqarayotganda uyali aloqa vositasidan foydalanish, belgilangan tezlikni oshirish, yo‘ldagi chiziq va yo‘l belgilariga amal qilmaslik, qizil chiroqda o‘tish, texnik ko‘rikdan o‘tkazmay transportdan foydalanish va boshqalar qayd etildi. Qoidabuzarlarga nisbatan tegishli choralar qo‘llanilib, deyarli har bir qoida buzilishi keng jamoatchilik o‘rtasida artoflicha muhokama qilindi.

– Hududimizda yo‘l-transport hodisalari tufayli halok bo‘lganlar qayd etilmagani quvonarli albatta, – deydi Boyovut tumani IIB yo‘l harakati xavfsizligi guruhi katta inspektori, leytenant Sherali Xudoyqulov. – Shuningdek, yo‘l-trnasport hodisasi tufayli tan jarohati olish holatlari 50 foizga kamaygan bo‘lsa-da, bu borada hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. 2017 yil davomida tuman hududida 18 turli yo‘l belgilarini yangisiga almashtirdik. 35 piyodalar o‘tish joyi belgilanib, harakat tezligi yuqori bo‘lgan 2 ko‘chadagi sun’iy yoritgichlar yangilandi. 1 ming 500 metr ko‘cha tubdan qayta ta’mirdan chiqarilib, 49 kilometr ko‘cha joriy ta’mirlandi. Tuman hududida 2 svetofor yangisiga almashtirildi. Mavjud kamchiliklar aniqlanib, qish mavsumida ko‘chalar holatini harakat xavfsizligi talablari asosida amalga oshirmagani uchun 1 nafar yo‘l qurilish idorasi mas’ul xodimiga ma’muriy chora qo‘llanildi. Kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi idoralar rahbarlariga nisbatan 2 taqdimnoma kiritilib, ijro muddati qat’iy nazoratga olindi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
7 502