O‘zA O`zbek

18.07.2019 19:13 Chop etish versiyasi

Boyovutda bitiruvchilar jamgʻarmasi tashkil etildi

Boyovutda bitiruvchilar jamgʻarmasi tashkil etildi

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashgan maktab internatida umumtaʼlim maktablari orasida birinchilardan boʻlib ushbu dargohni turli yillarda tamomlagan bitiruvchilar tashabbusi bilan Bitiruvchilar jamgʻarmasi tashkil etildi.

Jamgʻarmani tashkil etishdan asosiy maqsad - iqtidorli, bilimli oʻquvchi va talabalarning oʻz bilimlarini yanada mustahkamlashlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, ularni turli musobaqalarda faol ishtirokini taʼminlashga koʻmaklashish, imkoniyatlari yetarli boʻlmagan oʻquvchi va talabalarni moddiy qoʻllab-quvvatlash; oʻqituvchilarning mehnatiga yarasha qoʻshimcha ragʻbatlantirish, taʼlim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yordam berishdan iboratdir.

Ushbu jamgʻarma mazkur taʼlim muassasasini bitirib ketgan 400 ga yaqin bitiruvchilarni oʻzida jamlagan boʻlib, jamgʻarma va bitiruvchilar vakillari tomonidan ishlab chiqilgan yoʻl xaritasi asosida ish faoliyatini boshladi.

Xususan, jamgʻarma yoʻl xaritasida oʻquv jarayoni uchun jihozlar xarid qilish, iqtidorli oʻquvchilar uchun maxsus stipendiya tashkil etish, kam taʼminlangan oilalar farzandi boʻlgan oʻquvchilarning badal pullarini toʻlab berish, oʻqituvchilarni ragʻbatlantirib borish hamda maktab internatini moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga koʻmaklashish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, maktab internatning kutubxonasini ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan toʻldirish maqsadida bitiruvchilar tomonidan eʼlon qilingan “Oʻzim oʻqigan maktabimga kitob tuhfam” aksiyasi doirasida qisqa muddat mobaynida 700 ga yaqin kitoblar toʻplanishiga erishildi.

Aksiya yakuni boʻyicha jamlangan kitoblar navbatdagi oʻquv yili boshida topshirilishi rejalashtirilgan.

Maʼlumot uchun: Mazkur jamgʻarma Vazirlar Mahkamasining 2019-yil

17-apreldagi 321-son qarori bilan Taʼlim muassasalarida uni bitirib, yuksak yutuqlarga erishgan nomdor shaxslarning homiylik xayriya mablagʻlari hisobiga shakllantiriladigan bitiruvchilar jamgʻarmasi toʻgʻrisida nizom asosida tashkil etilgan.

Muattar Roʻziboyeva, OʻzA
782