O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Boy qishloqning kambagʻallari

Boy qishloqning kambagʻallari
“Kambagʻallik hamma vaqt, hamma odamning joniga tekkan narsa. Lekin odamzot joniga tekkan narsadan qutilish yoʻlini bilmasa osmon yiroq, yer qattiq boʻladi, unga koʻnikadi, shunchalik koʻnikadiki, bu narsa joniga tekkanini ham payqamay qoladi”

Abdulla Qahhor

Kambagʻallik ijtimoiy kasallik. Faqat oʻta sekin tuzaladigan, baʼzan tuzilmaydigan kasallik. Ammo har bir odam tuzalishga umid bilan yashaydi. Ammo har qanday kasallik kabi kambagʻallikka ham koʻnikish paydo boʻlsa, tuzilishi yana qiyin boʻladi.

Mamlakatimizda pandemiyaga qarshi kurash bilan bir vaqtda ushbu kasallikni kamaytirishga qaratilgan ishlar ham davom ettirilayotir. Prezidentimizning 2020-yil 26-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalarga muvofiq Oliy Majlis deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan tuzilgan ishchi guruhlar ayni hududlardagi mavjud ahvolni oʻrganib chiqib muhokamalar oʻtkazdi, tegishli tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.

Jumladan, ishchi guruhlar oʻrganishlari natijalariga koʻra, 1 million 383 mingdan ziyodroq aholi yashayotgan Jizzax viloyatida ehtiyojmand fuqarolar 83 ming 893 nafarni tashkil etar ekan. Hududdagi mavjud 231 ming 750 ta xonadonning 16 ming 485 tasi kambagʻallar roʻyxatiga olingan. Ushbu roʻyxatga kiritilgan oilalarning 2 ming 440 tasi boquvchisini yoʻqotganlar.

Ehtiyojmand fuqarolarning 393 nafarini yolgʻiz qariyalar, 4 ming 670 nafarini nogironlar, 34 ming 431 nafarini voyaga yetmaganlar, 30 ming 377 nafarini ishsizlar tashkil qiladi.

Boquvchisini yoʻqotganlar, yolgʻiz qariyalar, voyaga yetmaganlar jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalari ekanligi maʼlum. Demak, maʼlumotda keltirilgan 30 ming 377 nafar ishsizning bandligi taʼminlansa kambagʻallik muammosi hal boʻlishi mumkin ekanda.

Statistik hisobotlar boʻyicha viloyatda har yili shuncha ish oʻrni ham yaratilayotir.

Viloyat boʻyicha 35 milliard soʻm, shu jumladan, pandemiya davri uchun qoʻshimcha 18 milliard soʻm ish haqqi ajratilib, jami 39 ming 700 nafar kambagʻal fuqaro jamoat ishlariga jalb etilmoqda. Hududlarda 18 ta kooperatsiyaga jami 667 gektar yer maydoni ajratilib, ularga 1 ming 137 nafar fuqarolar aʼzo qilindi.

Bandlik jamgʻarmasidan jami 1 milliard 745 million soʻm subsidiya ajratilib, shu hisobdan 215 gektar bogʻ, 200 gektar tokzor barpo etildi, 252 gektar maydonda sabzavotchilik yoʻlga qoʻyildi va 1 ming 137 nafar fuqarolarning bandligi taʼminlandi. Bundan tashqari 12 ta agroklaster, 7 ta bogʻdorchilik, uzumchilik klasteri tashkil etilib, 7 ming 491 ta ish oʻrni yaratildi. Amalga oshirilayotgan bu va bu kabi ishlar natijasida jami 11 ming 565 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Kambagʻallikni qisqartirish va iqtisodiyotni rivojlantirish uchun tadbirkorlik yaxshi rivojlangan va aholi zich joylashgan hududlar atrofida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan va boʻsh turgan yer maydonlarida kichik sanoat zonalari tashkil etish ustida ishlar olib borilayotir. Zarur infratuzilma yaratish uchun kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalariga byudjetdan 100 milliard soʻm ajratish koʻzda tutilmoqda. Ulardagi yer uchastkalari tadbirkorlarga bozor qiymatida egalik huquqi bilan sotiladi. Ushbu loyiha oʻzini oqlasa, ikkinchi yarim yillikda yana qoʻshimcha 150 milliard soʻm ajratilishi rejalashtirildi va maxsus ishchi guruhi tuzildi.

Bugungi kunda aholini kambagʻallikdan chiqarishda koʻrilayotgan choralarning koʻpchiligi muvaqqatligi, jumladan, qishloq xoʻjaligi ishlarining mavsumiyligi muammoni toʻliq hal etish imkonini bermaydi. Shu bois bandlikni taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan katta-katta loyihalarga, koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramay kambagʻallikning birinchi sababi boʻlgan ishsizlikka barham berilmayotir. Statistik maʼlumotlar esa har doim haqiqiy ahvolni aks ettiravermaydi.

Masalan, Gʻallaorol tumani iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanish darajasi yaxshi tumanlardan biri hisoblanadi. Tumanning katta avtoyoʻl, temir yoʻl oʻtgan markaziy qismida sanoat ishlab chiqarish birmuncha rivojlangan. Lalmikor adirliklardan iborat katta hudud, chorvachilik, xususan, qoʻy boqishga qulay hisoblanadi.

Shu imkoniyatlar tufayli bu tumanga qoʻshnilar havas qiladi, gʻallaorolliklarning oʻzlari yashashdan ham nolimaydi. Boshqa joylarda boʻladigan hangomalarda “Gʻallorolda qoʻyi yoʻq odamning oʻzi yoʻq, shuning uchun qorni toʻq”, degan gapni tez-tez eshitish mumkin.

– Shukr, nolimaymiz, yaylov ham koʻp, qoʻy ham koʻp, – deydi “Koʻubuloq” qishloq fuqarolar yigʻini oqsoqollaridan biri, faxriy oʻqituvchi Abdumutal Isoqov. – Bundan oʻttiz yil burun sobiq shirkat xoʻjaligining 10 ming bosh qoʻyi boqilgan yaylovda hozirgi kunda ham shuncha qoʻy boqilayapti. Biroq shu davrda aholi soni 4-5 baravar oshgani, qishloqda birorta ishlab chiqarish korxonasi yoʻqligi, eshigida bir qoʻyi yoʻq oilalar ham ancha ekanligi hisobga olinsa, bizning qishlogʻimizda kambagʻallar Prezidentimiz aytib oʻtgan Respublika koʻrsatkichidan anchagina koʻproq boʻlsa kerak.

Qishloqdagi ehtiyojmand oilalarning koʻpligi pandemiya karantini paytida ayniqsa sezilayotir. Tuman, viloyat markaziga borib, kundalik ehtiyoji uchun pul topib tirikchiligini oʻtkazib kelayotgan odamlar bu soʻngi imkoniyatdan marhum boʻldi.

Xoʻrozboy Eslamasov yaqin yigirma yildan buyon Jizzax shahriga borib shaxsiy xonadonlarning qurilishida ishlab tirikchilik oʻtkazadi. Qishloqda qiladigan ish yoʻqligi uchun keyingi yillarda ikki oʻgʻlini ham yoniga oldi xususiy ustachilik qilayotir. Hovlisida moli boʻlmasa ham oʻzini birovdan kam hisoblamaydi, “ming qoʻyli boy” qishloqning fuqarosi sifatida kambagʻalligini tan olishdan or qiladi. Biroq kundalik ehtiyojini kunda topib kelgan oila karantin payti qiynalib qoldi. Karantin biroz yumshatilishi bilan yana shaharga qatnab ishlayotir.

Qishloqda unga oʻxshab tirikchilik oʻtkazayotganlar koʻp. Biroq ularning barchasi ham unga oʻxshagan chayir emas. Qora qozonni qaynatishga qiynalayotganlar ancha.

Bu ahvolni tuman markazidan to Qoʻytosh posyolkasigacha boʻlgan hududdagi oʻndan ziyod qishloqning barchasida koʻrish mumkin. Biror sanoat korxonasi boʻlmagan, nam yetarli kelgan yilda lalmi ekindan bir marta hosil olish mumkin boʻlgan hududdagi 4 mingga yaqin xonadonning 10-15 tasi “ming qoʻyli boy” atalgani bilan koʻpchiligi bir qoʻyga ega emas.

Tumanda ana shunday lalmikor hududda yashovchilar koʻpchilikni tashkil etadi. Shuning uchun ishchi guruh tomonidan ushbu tumanda kambagʻallikni kamaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganishda bu jihatlarga alohida eʼtibor qaratdi.

171 ming 300 ziyod aholi yashaydigan tumanda 2 ming 149 ta kambagʻal oilalar roʻyxatga olingan. Oʻrganishlarga koʻra, kambagʻallar roʻyxatiga kiritilgan fuqarolarning 4 ming 897 nafarini mehnatga layoqatli ishsizlar tashkil etadi.

Tuman hokimining qarori bilan ishsiz oilalarni daromad bilan taʼminlash uchun 753,1 gektar yer maydoni ajratilgan. Bu maydonlarda ishlab chiqarish kooperativlari tashkil etib, 420 nafar kambagʻal oila aʼzolari aʼzo qilinishi rejalashtirilgan. Ularga 936,6 million soʻm subsidiya ajratilishi koʻzda tutilmoqda.

Masalan, “Moltob” qishloq fuqarolar yigʻini hududida tashkil etilgan “AGRO MEGA CLAS” ishlab chiqarish kooperatsiyasiga 20 gektar yer ajratilib, 50 nafar kambagʻal oilalar aʼzolari aʼzo qilindi.

Shuningdek, tumandagi roʻyxatga olingan kambagʻal oilalardagi ishsizlardan 930 nafari jamoat ishlariga, 281 nafari qurilishga, 394 nafari qishloq xoʻjalik ishlariga, 255 nafari boshqa sohalarga jalb qilindi.

Xuddi shunday ishlar viloyatning barcha tumanlarida amalga oshirilmoqda.

Bu ishlar albatta oʻzining samarasini beradi. Faqat barcha hududdagi va sohadagi ishlar aniq hisob-kitob qilinishi kerak. Biroq hozir eng asosiy raqam – roʻyxatga olingan kambagʻallar sonini aniq deb boʻlmaydi. Boisi hozirgacha respublikamizda kambagʻallik toifasini belgilash mezoni yoʻq.

Prezidentimizning Oliy Majlisga 2017-yil 22-dekabrdagi Murojaatnomasida aholining munosib hayot darajasi uchun zarur boʻlgan daromadlarni aniqlash boʻyicha “isteʼmol savatchasi” tushunchasini qonunchilikda mustahkamlash va uni amalda taʼminlash mexanizmlarini yaratish vazifasi qoʻyilgan edi. Bu vazifa 2018-yil Davlat dasturiga kiritildi. Biroq hozirgacha “isteʼmol savatchasi” mezoni ishlab chiqilmadi. Demak, kambagʻal toifasiga kiritilganlar amalda roʻyxatga olinganlardan koʻp ham boʻlishi ehtimolga yaqin.

Bu masalani davlatimiz rahbari joriy yil 3-iyun kuni kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida yana kun tartibga olib chiqib, 1-oktyabrgacha tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor va minimal isteʼmol savatchasining huquqiy asoslarini ishlab chiqish vazifasini qoʻydi. Ushbu mezonning aniq belgilanishi kambagʻallikni qisqartirishda muhim qadam boʻladi.

1 530
T. BEKNAZAROV, OʻzA