12.12.2012 16:56 Jamiyat

Botulizmga chalinmaslikning yo‘li – ozodalik

Kuz-qish mavsumida aholi orasida botulizm – ovqatdan zaharlanish kasalligi uchrab turadi. Bunga asosan uy bekalarining xonadon sharoitida tayyorlagan, sifati belgilangan talablarga javob bermaydigan tuzlama-yu murabbolari sabab bo‘ladi. Bunday muammolarning oldini olish uchun nima qilmoq kerak?

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari, Respublika Bosh davlat sanitariya vrachi Saidmurod Saydaliyev bu xususda quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Qish va erta bahor fasllarida aholi o‘rtasida uy sharoitida tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida ovqatdan zaharlanish – botulizm kasalligi uchrab turadi, – deydi S.Saydaliyev. – Dekabr oyining birinchi haftasida turli viloyatlarda o‘ttizdan ziyod ana shunday holat qayd etildi.

Buning sababi oddiy – uy sharoitida konserva mahsulotlari tayyorlashda hamma ham zarur texnologik jarayonlar, sanitariya me’yorlari va shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘la rioya qilmaydi. Shuningdek, ularni belgilangan haroratda saqlashga ham ko‘pincha e’tibor berilmaydi. Natijada konservadagi botulizm sporalari tez rivojlanadi va zaharli toksinlar chiqaradi.

Botulizm sporalari bilan zararlangan konserva mahsulotlarining tashqi ko‘rinishi, hidi va ta’mida deyarli o‘zgarish kuzatilmaydi. Faqat shisha idishning tunuka qopqog‘i “shishadi”. Bunday mahsulotni iste’mol qilib zaharlangan odamda uning belgilari paydo bo‘lish jarayoni ikki soatdan sakkiz-o‘n kungacha cho‘ziladi. Holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, qorinda og‘riq paydo bo‘lishi kasallikning klinik belgilaridir. Bunday vaziyatda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Aks holda, kasallikning og‘ir shakllari – yurak, qon-tomir va o‘pka xastaligi yuzaga kelishi, bemorning hayoti butunlay xavf ostida qolishi mumkin.

Har qanday kasallik kabi botulizmning oldini olish ham insonning o‘z qo‘lida. Buning uchun uy sharoitida sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘liq rioya qilmay tayyorlangan konservalarni, bozorlarda, ko‘cha-ko‘yda noqonuniy savdo bilan shug‘ullanayotgan shaxslar tomonidan sotilayotgan, sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilmaslik lozim.

Mamlakatimiz sanitariya-epidemiologiya sohasi mutaxassislari tegishli davlat va jamoat tuzilmalari vakillari bilan hamkorlikda bozorlarda, savdo majmualarida, belgilanmagan joylarda bunday mahsulotlar sotilishining oldini olish, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida muntazam reydlar o‘tkazmoqda. Ta’lim muassasalarida va jamoat joylarida faoliyat yuritayotgan kafelar, ovqatlanish shoxobchalarida sanitariya-gigiyena sharoitiga to‘liq rioya etilishini ta’minlash – doimiy e’tiborda.

Ayni kunlarda xalqimiz Yangi yil bayramini nishonlashga qizg‘in taraddud ko‘rmoqda. Ana shunday bayram va shodiyonalarni oila davrasida to‘kin dasturxon atrofida nishonlash go‘zal an’analarimizdan hisoblanadi.

O‘z navbatida ishlab chiqaruvchilarimiz ham xalqimizning bayram dasturxoniga xilma-xil mahsulotlar yetkazib berish maqsadida keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda. Bugun yurtimizdagi qaysi bir savdo majmuasi va bozorga kirsangiz, ulardagi mahsulotlarning xilma-xilligini ko‘rib ko‘zingiz yashnaydi. Xususan, gipermarket, supermarket va minimarketlar, bozorlarda sanoat usulida, belgilangan talablar asosida ishlab chiqarilgan konserva mahsulotlarining barcha turlari mavjud. Ularni saqlash sharoitiga ham to‘la rioya etiladi. Ushbu mahsulotlarning deyarli barchasi mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va sifati muvofiqlik sertifikati bilan kafolatlangan.

Bayram dasturxonini bezash uchun ana shunday zamonaviy savdo maskanlarimizga tashrif buyurish maqsadga muvofiqdir. Sotib olingan har bir oziq-ovqatning saqlanish sharoitiga va muddatiga ham qat’iy rioya etish zarur. Muddati o‘tib ketgan tort, pishiriqlar, shirinliklar, salatlarni iste’mol qilish sog‘liqqa zarar yetkazadi.

Qisqa qilib aytganda, har kim o‘zi va oilasining sog‘lig‘i uchun avvalo o‘zi mas’ul ekanini unutmasligi lozim.


O‘zA, Bahor Xidirova



Все о погоде - Pogoda.uz