O‘zA O`zbek

28.09.2019 Chop etish versiyasi

Bosh vazir qabulxonalari: muammo, yechim va samara

Bosh vazir qabulxonalari: muammo, yechim va samara

Jizzaxda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati tomonidan sayyor majlis va qabul oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati mudiri Gʻolibsher Ziyoyev rahbarligidagi ishchi guruh hududlardagi Bosh vazir qabulxonalari faoliyatini oʻrganish uchun joriy yil 25-26-sentyabr kunlari Jizzax viloyatida boʻldi.

Kotibiyat ishchi guruhi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmoniga muvofiq hududlarda tadbirkorlarning murojaatlarini koʻrib chiqish, ularning muammolari hal etish boʻyicha tashkil etilgan Bosh vazir qabulxonalari faoliyati oʻrganib chiqildi.

Oʻrganishlar yakuni Doʻstlik tumanida oʻtkazilgan sayyor majlisda Bosh vazirning viloyat, shahar, tuman qabulxonalari mudirlari, hokimliklar va boshqa mutasaddi tashkilotlar, idoralar, tijorat banklari rahbarlari hamda viloyatdagi tadbirkorlik subyektlari vakillar ishtirokida muhokama etildi. Majlisda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishning yangi tizimi – Bosh vazir qabulxonalari tashkil etilgani aholi muammolarini oʻz vaqtida hal etishda muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.

Toʻgʻrisini aytganda, mazkur tizim tashkil etilgunga qadar tadbirkorlarning viloyat yoki Respublika miqyosida hal etiladigan muammolari yechimiga uzoq vaqt talab etilar edi. Ayniqsa, ortiqcha ovoragarchiliklar mahalliy tadbirkorlarning ham, investorlarning ham hafsalasini pir qilib, tadbirkorlik rivojiga katta toʻsiq boʻlayotgandi. Endilikda tadbirkor va investorlarni qiynayotgan muammolar Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari orqali tezkor hal etilib, tadbirkorlarning vaqti va mablagʻi tejalmoqda.

Joylarda tadbirkorlarning hal etilishi mumkin va kerak boʻlgan muammolari anchagina. Korxona, ishlab chiqarishning ochilishi yoki muayyan yoʻnalishdagi investitsiyalar bir-biri bilan bogʻliq harakatlar zanjirini ishga tushiradi. Avvalo, bu fuqarolarning ish bilan bandligidir. Ikkinchidan, bu ushbu hududning iqtisodiy rivojida muhim hissa qoʻshadi.

Oʻrganishlar hududlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari keng rivojlanishi uchun imkoniyat kengayganini koʻrsatdi. Tadbirkorlar, investorlar oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda qabulxonalarga murojaat qilmoqda. Murojaatlar elektron maʼlumotlar bazasida qayd etilayotir. Agar muammo tumanda hal etilmasa, u mintaqaviy darajaga oʻrganiladi. Agar shunda ham vaziyat oʻzgarmasa, u respublika darajasida Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha Vakili, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa vakolatli organlar rahbarlari ishtirokida koʻrib chiqilishi uchun joʻnatilmoqda.

Misol uchun Doʻstlik tumanidagi “Olmas gambay”, “Usta safar ota”, “Joʻrabek-K” fermer xoʻjaliklari davlatga don sotish shartnoma rejalarini bajarganliklari, ammo haqlarini hisob raqamlariga oʻtkazib berilmayotgani boʻyicha murojaatlari tumanda hal etilmagan edi. Mazkur murojaat viloyat hokimi, Qishloq xoʻjalik vaziri va “Agrobank” respublika boshqaruviga yuborilib, bir hafta muddatda hal etib natijasi Vazirlar Mahkamasiga maʼlum qilish uchun topshirildi.

Sayyor majlisda Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini

koʻrib chiqish qabulxonalari faoliyatidagi kamchilik koʻrsatilib, ularning ishini yaxshilash yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi.

Shu kuni Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati mudiri Gʻ.Ziyayev sayyor qabul oʻtkazdi. Unda Bosh vazirning viloyatidagi, tumandagi qabulxonasi mudirlari, viloyat hokimligi masʼul xodimlari, Doʻstlik tumani hokimi va tuman hokimining oʻrinbosarlari, idoralar, tijorat banklari rahbarlari hamda viloyatdagi tadbirkorlik subyektlari vakillar ishtirok etdi.

– Bosh vazir qabulxonalari ochilishi biz, tadbirkorlarga umid bagʻishladi, – deydi Doʻstlik tumanilikyakka tartibdagi tadbirkor Gulbahor Boboyeva. – Ijaraga berib ishlatib kelayotgan uchta savdo doʻkonim tuman hokimi topshirigʻi bilan buzilishi kerak, deb faoliyati toʻxtatib qoʻyildi. Besh oydan buyon idorama-idora chopib hech natija chiqmadi. Endi umidim Bosh vazir qabulxonasidan.

Qabul davomida tadbirkorlar tomonidan qilingan 26 ta murojaatning 1 tasi joyida hal etildi, 25 ta murojaat respublika darajasida koʻrib chiqilishi uchun nazoratga olindi.

Murojaatlarda koʻtarilgan masalalar yuzasidan vazirlik va idoralarga oʻzlari qabul qilgan qarorlari va amalga oshirgan ishlari toʻgʻrisida tadbirkorlarni yozma ravishda xabardor qilishlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot berishlari yuklatildi.

1 735
T. BEKNAZAROV, J. YORBEKOV (surat), OʻzA