O‘zA O`zbek

10.12.2019 Chop etish versiyasi

Bosh qomusimizni madh etib...

Bosh qomusimizni madh etib...

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ham munosib nishonlandi. “Konstitutsiya – tinchlik va taraqqiyot kafolati” mavzusida o‘tkazilgan respublika ilmiy-amaliy konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Inson huquqlari milliy markazi, Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti hamda boshqa tashkilotlardan vakillar, Akademiya professor-o‘qituvchilari va tinglovchi-kursantlar ishtirok etdi.

Anjumanda “Konstitutsiyaning ustuvorligini ta’minlashda konstitutsiyaviy nazorat institutining roli va ahamiyati”, “Konstitutsiyada inson huquqlarining kafolatlanishi”, “Konstitutsiya – xalqimiz siyosiy-huquqiy mafkurasining mahsuli”, “Konstitutsiya va viborы” mavzularida ma’ruzalar tinglandi. Darhaqiqat, Asosiy qonunimiz demokratik huquqiy davlat va insonparvar fuqarolik jamiyatining mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda. Yurtimizda inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlanishida uning roli va ahamiyati katta.

Ilmiy-amaliy konferensiyada Konstitutsiyamizning jamiyat hayotida tutgan o‘rni va nufuzini yanada yuksaltirish, konstitutsiyaviy qoidalarni hayotimizga tatbiq etish borasida so‘z bordi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan bayram tadbiri esa elimiz ardog‘idagi san’atkorlar, taniqli adib va shoiralar, sport namoyondalarining chiqishlari bilan yodda qoladigan bo‘ldi. Tadbirda ta’kidlab o‘tilganidek, Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida hayotimizga tatbiq etilayotgan ulkan yangilanishlar, bunyodkorlik va yaratuvchilik harakatlari inson va uning manfaatlariga xizmat qilayotgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada Bosh qomusimizning hayotimizda tutgan o‘rni beqiyos. Asosiy qonunimizda ilgari surilgan ustuvor tamoyillar jamiyatimiz tinchligi va farovonligini ta’minlab, xalqimizning ezgu orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarmoqda.

– Bosh qomusimizda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari hamda an’analari hurmat qilinishi belgilab qo‘yilgan. Bu ham davlatimizning jahon hamjamiyatida o‘z taraqqiyot yo‘li va munosib o‘rni borligidan dalolat beradi. Shunday ekan, barchamiz, yoshlardan boshlab keksa avlod vakillarigacha Konstitutsiyamizda belgilab berilgan ustuvor tamoyillarni yuksak darajada hurmat qilishimiz va ularga amal qilishimiz lozim, – dedi O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov.

Shu kuni ta’lim muassasasining bir guruh ilg‘or va tashabbuskor kursantlariga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining buyuk ajdodlarimiz hayoti va faoliyati yoritilgan kitob jamlanmalari sovg‘a qilindi. Ona Vatanimizni madh etuvchi she’r va kuy-qo‘shiq ijro etildi.

Konstitutsiya bayrami munosabati bilan poytaxtimizdagi 23-sonli Mehribonlik uyida saxovat tadbiri tashkil etildi. Akademiyaning Jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlash hamda Ma’muriy huquq kafedralari tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati, tuzilishi, moddalarda aks etgan asosiy prinsiplar haqida bolajonlar qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Ularning bilim salohiyatini yanada boyitish maqsadida tezkor savol-javob o‘tkazilib, faollarga turli adabiyotlar tuhfa qilindi. 
– Tadbir juda ko‘tarinki ruhda o‘tdi, – deydi leytenant Sabina Tursunova. – Bolajonlarning qiziqishi, intiluvchanligi va bilim salohiyati tahsinga sazovor. Demak, Asosiy qonunimiz unib-o‘sib kelayotgan navqiron avlodning ta’lim-tarbiya olishi va jamiyatda o‘z o‘rnini topishida muhim dasturulamal bo‘lmoqda. 

Jamshid XOLOV,
IIV Akademiyasi matbuot xizmati.

4 854
O‘zA