Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.11.2017 14:22 Chop etish versiyasi

Bosh qomusimiz – baxtimiz poydevori

Bosh qomusimiz – baxtimiz poydevori Farg‘ona huquqshunoslik kolleji 2-bosqich o‘quvchisi Asilbek Abduhamidov bilimdonligi va zukkoligi bilan tengdoshlari orasida ajralib turadi. Shahar va viloyat miqyosida o‘tkaziladigan turli ko‘rik-tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallab kelayotgan Asilbek o‘zining muvaffaqiyatlarini Bosh qomusimizda belgilab berilgan kafolatlar samarasi, deb biladi.

8.JPG

– Barcha tengdoshlarim qatori mening hayotimda ham Konstitutsiyaning o‘rni katta, – deydi A.Abduhamidov. – Bilim olish, sport bilan shug‘ullanish, kasb-hunar o‘rganish, ishlash, dam olish va davolanish, chet ellarga chiqish imkoniyatim Konstitutsiyamizda kafolatlangan. Mustaqil O‘zbekiston farzandi sifatida orzularimga yetishish yo‘lidagi barcha eshiklar men uchun ochiq ekanini bilaman va bundan g‘ururlanaman. Kelgusida tanlagan sohamda sidqidildan xizmat qilishga, yurtimizning yanada ravnaq topishiga o‘z hissamni qo‘shaman.

Yosh avlodni har tomonlama yetuk, o‘z bilimi va qobiliyati bilan Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘sha oladigan insonlar etib tarbiyalash Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridandir.

Xalqimizning xohish-irodasi bilan 25 yil muqaddam qabul qilingan Asosiy qonunimiz barcha sohalar qatori ta’lim tizimini ham sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Birinchi Prezidentimizning 2001-yil 4-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, o‘z huquqidan foydalanish ko‘nikmasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Farg‘ona viloyatidagi ta’lim muassasalarida ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligini munosib kutib olish va keng nishonlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilayotir.

Farg‘ona huquqshunoslik kollejida yoshlarning zamonaviy bilim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi”, “Konstitutsiyaviy huquq” kabi bir qator fanlar o‘quvchilarning Asosiy qonunimizni bilish, huquqiy madaniyatini oshirish, ularni qonunlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

5.JPG

– Bosh qomusimiz hayot yo‘limizni yoritib turuvchi mayoqdir, – deydi kollej direktori Ra’no Boyqo‘ziyeva. – Kollejimizda barcha darslar Konstitutsiyamiz moddalari tahlili bilan boshlanadi. Bu Konstitutsiyaga oid bilimlarning o‘quvchilar ongi va qalbiga yanada chuqur singdirilishiga asos bo‘ladi. Muassasamizda ko‘plab ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilishi, Konstitutsiyamizni o‘rganishga bag‘ishlangan ochiq darslar, turli tadbirlar tashkil etilishi o‘quvchilarning bilim va iste’dodini sinovdan o‘tkazadi.

O‘tgan yili kollejda ta’lim olayotgan bilimdon o‘quvchilardan iborat “Konstitutsiyamizni o‘rganamiz” targ‘ibot guruhi tuzildi. Ushbu guruh a’zolari aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatni oshirish, Konstitutsiyaga oid bilimini boyitish maqsadini ko‘zlagan targ‘ibot guruhi umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, baxtimiz, osoyishta hayotimiz asosi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mazmun-mohiyatini targ‘ib qiladi, Konstitutsiyamizda belgilab berilgan huquq, burch va majburiyatlar haqida atroflicha tushuncha beradi, moddalarni birgalikda tahlil etadi.

7.jpg

– Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir, – deydi kollejning 1-bosqich o‘quvchisi Farangiz Rahimova. – Bizning ta’lim olishimiz ham Bosh qomusimizda belgilab qo‘yilgan. Ustozlarimiz darsni imkon qadar qiziq va sodda tarzda olib boradi. Biz o‘tilgan mavzularni yaxshi o‘zlashtirish, berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishga harakat qilamiz. Axborot-resurs markazi faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilgan. Bo‘sh vaqtimizda o‘tilgan mavzularni takrorlash, mustahkamlashda yoki badiiy asarlar mutolaasida bu yerdagi adabiyotlar bizning eng yaqin ko‘makchimizdir.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
1 659






Все о погоде - Pogoda.uz