O‘zA O`zbek

18.12.2017 19:29 Chop etish versiyasi

Bosh prokuror o‘rinbosari: “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan”

Poytaxtimizda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan «Ochiq eshiklar kuni» tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tomonidan YeXHTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan tadbir doirasida «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid islohotlar: erishilgan natijalar va dolzarb vazifalar» mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari E.Yo‘ldoshev mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida qayd etilganidek, jamiyatimizda “Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar” degan prinsipni qaror toptirish uchun bor kuch va imkoniyatlar safarbar etilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi e’tiborga molik ishlar qatorida korrupsiyaga qarshi kurashishning yaxlit tizimi yaratilganini alohida ta’kidlash lozim.

Tadbirda so‘zga chiqqan YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvisi Jon MakGregor O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi bosh g‘oyasi inson huquq va manfaatlarini ta’minlash ekanining o‘zi buning amaliy ifodasidir. Chunki korrupsiya nafaqat taraqqiyotga to‘sqinlik qiladi, balki uni amalga oshirgan shaxs boshqalarning huquqini ham paymol etadi. Shu ma’noda ushbu sohada bu yil mamlakatingizda alohida qonun qabul qilingani e’tiborga molik ish bo‘ldi.

O‘zbekiston 2008-yil Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. 2010-yili mamlakatimiz Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istanbul harakat dasturiga qo‘shildi.

– Dunyoda hech bir davlat korrupsiyadan xolimiz, deb ayta olmaydi. Shuning uchun bu illatga qarshi kurashish doimiylik kasb etishi zarur, –deydi BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Ashita Mittal. – Bu borada BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasi muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston mazkur konvensiyaga qo‘shilgach, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud va huquq-tartibot sohalarini mustahkamlash, muhimi, huquqbuzarlik va jinoyatlar profilaktikasiga e’tiborni kuchaytirgani diqqatga sazovor. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan butun dunyo ahlini tanishtirdi. E’tiborga molik jihati, mazkur nutqda xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qiladi, deb alohida ta’kidladi va buni amalda ta’minlash bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 2 fevraldagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi tasdiqlandi. Bosh prokuror rahbarligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi shakllantirilib, uning nizomi tasdiqlandi.

Bosh prokuratura Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining ishchi organi etib belgilangan. Komissiya tarkibiga mutasaddi vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar, umumiy hisobda 43 nafar a’zo kiritilgan.

– Idoralararo komissiya tomonidan o‘tgan davrda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli tashkiliy-huquqiy ishlar va amaliy tadbirlar ro‘yobga chiqarildi, – deydi Bosh prokuratura uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bahrom Qobilov. – Korrupsiyaga qarshi kurashish taomillarini o‘z ichiga olgan qonun loyihalari ishlab chiqildi. Bir qator idoraviy huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda, sohaga oid qonun hujjatlari ijrosini ta’minlashda davlat organlari bilan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligi yo‘lga qo‘yilgani o‘z samarasini bermoqda. Bu yo‘nalishda huquqiy targ‘ibot ishlari kuchaytirilayotgani natijasida aholida korrupsiya illatiga nisbatan murosasiz munosabat qaror topmoqda. Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar o‘tgan yilga nisbatan joriy yilda qisqargani buning yaqqol tasdig‘idir.

Konferensiyada ma’muriy islohotlarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy va tashkiliy-amaliy ishlarni amalga oshirishdagi muhim o‘rni, davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid monitoring natijalari, korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlik kabi masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
7 802