O‘zA O`zbek

16.08.2018 17:54 Chop etish versiyasi

Bosh prokuror boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Koreyaga tashrif buyurdi

Bosh prokuror boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Koreyaga tashrif buyurdi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi axborot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, Bosh prokuror O.Murodov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan Koreya Respublikasining ayrim huquqni muhofaza qiluvchi organlarida qator uchrashuvlar o‘tkazildi.

Xususan, Adliya vazirligida adliya vaziri o‘rinbosari janob Kim O Su bilan o‘tkazilgan uchrashuvda huquqiy sohadagi kelgusidagi hamkorlik va ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Adliya vazirligi vakillariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari, nisbatan qisqa davr ichida erishilgan jiddiy yutuqlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Koreya tarafi O‘zbekistondagi yangilanishlarga ijobiy baho berib, Koreya Respublikasi Adliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi oldiga qo‘yilgan umumiy vazifalarni inobatga olgan holda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash zarurati va bunga qat’iy hozirlik ifoda etildi.

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqi Komissiyasi raisi (xonim Pak Un Jon), Advokatlar assotsiatsiyasi raisi (janob Xyun Kim) va Koreya Respublikasi Bosh prokurori (janob Mun Mu Il) bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muhokamalar natijasida 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan Koreya Oliy prokuraturasi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘rtasidagi hamkorlik Dasturi imzolanishiga erishildi.

Bundan tashqari, tashrif davomida O‘zbek-koreys biznes markazida Bosh prokuror O.Murodov ishtirokida potensial investorlar bilan brifing o‘tkazildi.

O‘zA
2 474