O‘zA O`zbek

26.09.2020 Chop etish versiyasi

Bosh prokuraturada “Mehr - saxovat” koʻkrak nishonlari topshirildi

Bosh prokuraturada “Mehr - saxovat” koʻkrak nishonlari topshirildi
Prezidentimizning 2020-yil 26-mayda “Mehr-saxovat” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingan.

Mazkur hujjatda koronavirus pandemiyasi davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini koʻrsatgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga katta hissa qoʻshgan, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashda faol ishtirok etishda oʻrnak boʻlayotgan yurtdoshlarimizni “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash nazarda tutidgan.

Shu kunlarda “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni oʻz egalariga topshirilmoqda.

Bosh prokuraturada boʻlib oʻtgan videokonferensaloqa shaklidagi tadbirda prokuratura organlarining ushbu koʻkrak nishoniga sazovor boʻlgan bir guruh xodimlariga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda qayd etilganidek, dunyoda hech bir xalq yoki millat hayot sinovlaridan, taqdirning kutilmagan zarbalaridan xoli emas.

Nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo miqyosida ham nisbatan sertalofat kechayotgan joriy yilda xalqimiz koʻplab ogʻir sinovlarni boshidan oʻtkazmoqda.

photo_2020-09-26_18-41-15.jpg

Ayniqsa, jahon miqyosida keng tarqalib, global muammoga aylangan koronavirus pandemiyasi, Sardoba va Buxoroda roʻy bergan ofatlar, ular oqibatida kelib chiqqan iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa qiyinchiliklar matonatli xalqimizni yana bir bor imtihondan oʻtkazdi, uning irodasini tobladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan bu ofatlarning oqibatlarini bartaraf etish va ularning taʼsirini yumshatishga qaratilgan tashabbuslarning oʻz vaqtida ilgari surilgani tarixiy ahamiyat kasb etmoqda.

Zotan, sinovli damlar davlat va xalqni eng oliy maqsadlar yoʻlida yana-da jipslashtirdi.

Oʻzbekiston butun dunyoga har qanday sharoitda ham davlat va xalq hamjihatligining yorqin namunasini yana bir bor koʻrsata oldi.

Mamlakatimizdagi birdamlik va, eng asosiysi, davlat tomonidan oqilona siyosatning toʻgʻri yuritilgani butun jamiyatning murakkab jarayonlardan kam talofat bilan oʻtib olishiga, xalqimiz turmush darajasining barqarorligi saqlanishiga zamin yaratmoqda.

Keng koʻlamda amalga oshirilayotgan tegishli chora-tadbirlarning samarali roʻyobga chiqarilishida prokuratura organlarining ham hissasi bor.

photo_2020-09-26_18-41-11.jpg

Jumladan, prokuratura organlari tomonidan pandemiya sababli aholining murakkab ahvolga tushib qolgan qatlamlariga 5,2 mlrd. soʻm bevosita yoʻnaltirildi, Sardobadagi ofatdan jabr koʻrganlarga 2,8 mlrd. soʻmlik moddiy yordam koʻrsatildi.

“Oʻzbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga esa 5,9 mlrd. soʻmlik homiylik mablagʻi oʻtkazildi.

Bundan tashqari, prokurorlar sektorlari tomonidan 149 mingdan ziyod ehtiyojmand oilaning 55 mingga yaqini tegishli roʻyxatdan, yaʼni kambagʻallikdan chiqarildi.

Ayni paytda sinovli kunlarda ogʻir iqtisodiy-ijtimoiy ahvolga tushib qolganlarga xayriya va saxovat mablagʻlarini manzilli yetkazish, begʻaraz homiylik ishlariga keng jamoatchilikni jalb etish boʻyicha prokuratura organlari tomonidan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Albatta, bunday faoliyat Davlatimiz rahbari va xalqimizning eʼtiboridan chetda qolayotgani yoʻq. “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoniga 264 nafar xodimning sazovor boʻlgani buning yana bir isbotidir.

Tadbirda soʻz olganlar ushbu nufuzli mukofot masʼuliyat, xalqning rizoligi yoʻlida yana-da fidokorona mehnatga undovchi yuksak eʼtirof ekanligini taʼkidladi.


6 254
Muattar Roʻziboyeva, OʻzA