O‘zA O`zbek

15.05.2019 21:34 Chop etish versiyasi

Bosh prokuratura uyini AQSH dollarida sotayotgan fuqarolar ushlangani haqidagi xabarlarga izoh berdi

Bosh prokuratura uyini AQSH dollarida sotayotgan fuqarolar ushlangani haqidagi xabarlarga izoh berdi

Bosh prokuratura matbuot xizmati uy savdosi vaqtida fuqarolar R.T. hamda N.L.ning qoʻlga olinishi haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

“Bosh prokuratura huzuridagi Departamenti tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirda goʻyoki 2 xonali uyni 25 ming AQSH dollari evaziga sotayotgan vaqtda fuqarolar R.T. hamda N.L.larning ushlangani toʻgʻrisida OAVlarda berilgan xabarlar yuzasidan rasman maʼlum qilamizki, Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan bunday tadbir oʻtkazilmagan va oʻz-oʻzidan fuqarolar R.T. hamda N.L.larga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 177 va 189-moddalari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilmagan.

Shunga koʻra, jamoatchilik orasida turli notoʻgʻri talqin va taxminlar tarqalishining oldini olish maqsadida, ommaviy axborot vositalaridan prokuratura organlari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor yoki tergov tadbirlarini yoritishda faqat Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan rasmiy maʼlumotlarga tayanish va havola keltirishni qatʼiy soʻrab qolamiz”, deyiladi xabarda.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq baʼzi OAVda Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Departament tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirda 2 xonali uyni 25 ming AQSH dollari evaziga sotayotgan fuqarolar qoʻlga olingani haqida xabarlar tarqalgan edi.

OʻzA
626