O‘zA O`zbek

31.08.2018 21:51 Chop etish versiyasi

Bosh prokuratura avtomobillar savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar haqida maʼlumot berdi

Bosh prokuratura avtomobillar savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar haqida maʼlumot berdi Avtosalondan milliy avtomobillarimizni “shapka”siz sotib oldim desangiz odamlar ishonmaydi. Bu soxada bugungi kunda korrupsiya juda avj oldi va mashina sanoatimizning rivojlanishiga ham jiddiy toʻsqinlik qilib keldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, uning hududiy boʻlimlari tomonidan 2018 yilning oʻtgan davri davomida avtotransport vositalarini avtosalonlardan noqonuniy ravishda olib chiqib berish, rasmiylashtirish bilan bogʻliq korrupsiya, firibgarlik, mansab vakolatini suiisteʼmol qilish kabi holatlar boʻyicha jami 45 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Aniqlangan ushbu jinoyat ishlarini hududlar kesimida koʻradigan boʻlsak, Qashqadaryo, Namangan, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida 1 tadan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida 2 tadan, Andijon va Xorazm viloyatlarida 3 ta, Fargʻonada 4 ta, Toshkent shahrida 11 ta, Buxoro viloyatida 12 ta shunday holatlar roʻy bergani kuzatiladi..

Raqamlardan anglash mumkinki, bu boradagi qingʻirliklarda Buxorolik va poytaxtlik qoʻshtirnoq ichidagi “shovvozlar” yetakchilik qilmoqda. Negaligini aniqlab, bosh qotirgunimizcha, bu boradagi raqam-u faktlarning oʻzi hozirgi fikrni isbotlab, dalillab ham qoʻya qoladi. Mana, qarang: 2018 yil 17 may kuni Departamentning Buxoro shahar boʻlimi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkaziladi. Fuqaro Suhrob Barotov tomonidan Umida Boʻstonovaga Buxoro shahridagi avtosalonlarda yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali “Kaptiva” rusumli avtomashinani tez orada olib beraman deya vaʼda beriladi. Xizmat evaziga esa Suhrob Barotov 1500 AQSH dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida ushlandi.

Ana shunday yana bir firibgarlik xolatiga departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan chek qoʻyildi.

Xonqa tumani Ahillik mahallasida yashovchi fuqaroning qilgan murojaatida koʻrsatilishicha, Urganch shahrida yashovchi, “Xorazmavtosavdo” MCHJda ishlaydigan Azamat ismli shaxs “Damas” rusumli avtomashina sotib olish shartnomasi uchun undan 1100 AQSH dollari talab qilgan. Fuqaroning arizasi yuzasidan 2018 yil

25 avgust kuni tezkor tadbir oʻtkazildi. Unda fuqaro Azamat Yusupov firibgarlik yoʻli bilan 1100 AQSH dollarini olgan vaziyatda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Departamentning Toshkent shahar Shayxontoxur tuman boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Chilonzor tumanida joylashgan AVTOTЕXXIZMAT MCHJ muxandisi Zoxidov tanishlari orqali fuqaro Asanovaga Yunusobod tumanida joylashgan XUMO avtosalonidan LASЕTTI JЕNTRA rusumidagi avto mashinani sotib olib berishni vaʼda qilib, evaziga 900 AQSH dollarini 17-shaxar klinik shifoxonasi oldida olayotgan paytda qoʻlga olindi. Lekin Zoxidov oʻz koʻrsatmasida bu mablagʻning 700 AQSH dollarini AVTOTЕXXIZMAT ekspeditori Nazarovga berishini maʼlum qildi. Shunga muvofiq oʻtkazilgan tezkor harakatlar davomida Nizomiy Davlat pedagogika Universiteti atrofida Nazarov Zoxidovdan ushbu mablagʻni olayotgan vaqtda departament xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.

Yana bir firibgarlik holati fuqaro E.Parmanova arizasi yuzasidan Departamentning Fargʻona shahar boʻlimi xodimlari va ichki ishlar vakillari hamkorligida aprel oyida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fosh etildi. Gap shundaki, Margʻilonlik K.Oripov va Q.Dadaboyev hamda Andijonlik B.Baltabayevlar Andijon shahridagi avtomashinalar savdosi bilan shugʻullanuvchi “Bobur” MCHJ boʻlimi boshligʻi Q.Saliyev bilan oʻzaro til biriktirib, fuqaro E.Parmanovaga Neksiya-3 rusumli avtomashinani navbatsiz, bir kun muddat ichida sotib olib berishni vaʼda qilishadi. Evaziga talab qilingan 700 AQSH dollarini oʻsha avtosalon oldida olishayotgan paytda qoʻlga olinadi.

Shuningdek, fuqaro Arziyevning murojaatiga asosan, Departamentning Sirdaryo viloyat boshqarmasi xodimlari va ichki ishlar vakillari hamkorligida joriy yilning 22 may kuni tezkor tadbir oʻtkazildi. Gap shundaki, “Sirdaryoavtotexxizmat” MCHJ ijro intizomi va ish yuritish boʻyicha mutaxassisi Uralov va boshqalar oldindan til biriktirib, firibgarlik, yaʼni ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkini qoʻlga kiritish maqsadida fuqaro Arziyevga Toshkent shahrida joylashgan avtosalonlardagi

tanishlari orqali “Spark” rusumli avtomashinani sotib olish uchun shartnoma olib berishni vaʼda qilib,evaziga 500 AQSH dollari talab qiladi. Tezkor tadbir davomida Uralov kimyoviy ishlov berilgan 500 AQSH dollarini oʻz xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tahlillarimizga koʻra, firibgarlar tomonidan noqonuniy yoʻl bilan sotib olinmoqchi boʻlgan avtomobillar reytingida, ommabop hisoblangan Neksiya, oʻzining tashish hajmi va kengligi bilan Damas yetakchilik qilmoqda. Keyingi oʻrinlarda biroz qimmatroq Lasetti va Kaptiva. Bundan tashqari Kobalt va Spark. Shuningdek, boshqa markadagi avtomobillar.

Yuqorida keltirilgan tovlamachi va firibgarlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi.



Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi sizda mashina sotib olishda korrupsiya bilan bogʻliq muammolar boʻlsa 10-07 yoki Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining 233-10-07 raqamli ishonch telefonlariga murojaat qilishingizni soʻraydi.

OʻzA
1 686