O‘zA O`zbek

15.09.2020 Chop etish versiyasi

Bosh prokuratura akademiyasi magistraturasiga kirish imtihoni boʻldi

Bosh prokuratura akademiyasi magistraturasiga kirish imtihoni boʻldi

Poytaxtimizdagi “Gʻalaba” bogʻi hududidagi yopiq sahna maydonida Bosh prokuratura akademiyasi magistraturasiga kirish imtihoni boʻlib oʻtdi.

Magistraturaga tanlov “yurisprudensiya” yoʻnalishi boʻyicha oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar, shu jumladan prokuratura organlari xodimlari orasida oʻtkaziladi.

Akademiya magistraturasining “Prokurorlik faoliyati”, “Tergov faoliyati” va “Korrupsiyaga qarshi kurashish” mutaxassisliklari boʻyicha 2020/2021 oʻquv yiliga jami 30 qabul kvotasi tasdiqlangan boʻlib, tanlov har bir oʻrin uchun 10 nafar nomzodni tashkil etmoqda.

photo_2020-09-15_18-18-03.jpg

Imtihon chet tili boʻyicha test savollari va huquqiy mavzudagi essedan iborat boʻlib, yozma ravishda topshirildi.

Esse mavzulari jinoyat huquqi, jinoyat-protsessual huquqi, fuqarolik huquqi va fuqarolik-protsessual huquqi kabi fanlardan tuzilgan boʻlib, nomzod oʻz bilim va qobiliyatlarini toʻlaqonli namoyon etishi uchun taklif etilgan savollar orasidan oʻziga eng yaqin boʻlgan mavzuni tanlash imkoniyatiga ega.

Milliy sertifikat yoki xalqaro sertifikatlarning V2 darajasiga ega boʻlgan nomzodlarga chet tilidan imtihonsiz maksimal ball beriladi.

photo_2020-09-15_18-17-59.jpg

Kirish imtihonini xolis, ochiq va shaffof oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida Akademiya qabul komissiyasi tomonidan tegishli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Xususan, chet tili boʻyicha test savollarini tuzish, imtihonni oʻtkazish va javoblarini baholash uchun Davlat test markazi jalb qilingan.

Yozma imtihonni oʻtkazishda kuzatuvchi hamda imtihon javoblarini tekshirishda mutaxassis sifatida turli taʼlim muassasalari, jamoat tashkilotlari va boshqa idoralar vakillari taklif qilingan.

Akademiya rasmiy saytida eʼlon qilingan imtihon materiallari asosida tuzilgan imtihon biletlari avtomatik tarzda elektron generatsiya qilindi. Har bir nomzodga individual identifikatsion raqam berildi, imtihon javoblari esa toʻliq shifrlandi.

photo_2020-09-15_18-18-12.jpg

Imtihonni oʻtkazish jarayoni toʻliq videotasvirga olinib, Bosh prokuratura akademiyasining Feysbukdagi rasmiy sahifasi orqali onlayn tarzda namoyish qilinishi tashkil etildi.

Esse mavzulari, biletlar, suhbat savollari, shuningdek abituriyentlar roʻyxati va ularning imtihonga kirish vaqtlari Bosh prokuratura akademiyasining rasmiy veb-saytida oldindan eʼlon qilingan.

COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyatni inobatga olinib imtihon oʻtkaziladigan joyga kirishdan oldin nomzodlarning tana harorati oʻlchanib, har bir nomzod alohida tibbiy qoʻlqop va niqob hamda suv bilan taʼminlandi, ularga kerakli kanselyariya jihozlari berildi.

Kirish imtihonining suhbat shaklidagi ikkinchi bosqichining oʻtkazilish vaqti qoʻshimcha tarzda maʼlum qilinadi.


4 156
Muattar Roʻziboyeva, OʻzA