O‘zA O`zbek

14.02.2020 Chop etish versiyasi

"Bori elg‘a yaxshilik qilg‘il" nomli mushoira kechasi bo‘lib o‘tdi

"Bori elg‘a yaxshilik qilg‘il" nomli mushoira kechasi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida "Bori elg‘a yaxshilik qilg‘il" nomli mushoira kechasi bo‘lib o‘tdi.

Unga yozuvchi va shoirlar, boburshunos olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, talaba-yoshlar, afg‘onistonlik yozuvchi va shoirlar, o‘qituvchilar, adabiyot muxlislari taklif etildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va boshqalar mamlakatimizda milliy adabiyotga oid islohotlarda Bobur merosini chuqur o‘rganish, xotirasini e’zozlash, asarlarida tarannum etilgan ezgu g‘oyalarni keng targ‘ib etish borasida ham katta hajmda ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yanada obod go‘shaga aylantirilayotgan "Adiblar xiyoboni"da endilikda Alisher Navoiyning qiblaga yuz tutgan siymosi bilan birga Zahiriddin Muhammad Bobur haykali ham qad rostlaydi. Yurtimizdagi ko‘plab nashriyotlarda bobolarimizning asarlari chop etilmoqda. Olim va tadqiqotchilarimiz Bobur va uning asarlariga oid izlanishlar olib bormoqda. Benazir shoir o‘z asarlarida ulug‘lagan g‘oya – ona tilimizga, milliy adabiyotimizga, ma’naviyat, ilm-ma’rifatga e’tibor kun sayin ortib bormoqda.

– Boburning shoirligi, olimligi, nosirligini butun dunyo biladi, – dedi filologiya fanlari doktori Olimjon Davlatov. – Nima uchun uni dunyo sevib o‘qiydi? Nega jahon adabiyot ahli, kitob muxlislari Boburga mahbub? Buning sababi – shoirning asarlarida yaqqol ufurib turgan rostgo‘yligida. Jahonda muallif o‘z kamchiliklarini ro‘y-rost tan olgan "Boburnoma"chalik asarni topish mushkul. Maqsad qanchalik ulug‘vor bo‘lsa, unga erishish yo‘li ham shuncha mashaqqatlidir. Demakki, bunday murakkab yo‘lda inson xato qilishi muqarrar. Hazrati Bobur har bir xatosidan tegishli xulosa chiqargan, ruhi po‘latdek toblangan, kuch-quvvat olgan. O‘zi boshidan kechirmagan, o‘tkazmagan jihatlarni yozmagan. U millat, mamlakat dardini o‘z dardidek qabul qilgani sababli ham qisqa umr ko‘rgan. Shuning uchun xalqimiz Boburga ehtirom ko‘rsatadi. Uni ma’naviyat peshvosi sanaydi. Shoir o‘z asarlarida Andijon, Samarqand, Kobulni ko‘proq tilga oladi. Umid shulki, Kobulda ham ma’naviyat, adabiyot, ilm-ma’rifat gullab-yashnasa. O‘zbek tilini e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish, tilshunoslik, muomala madaniyati kabi jihatlar Bobur asarlarida mujassamdir.

– Hazrati Bobur haqida ko‘plab kitoblar nashr etilgan, – dedi afg‘onistonlik shoir Said Hojiddin Toshqin Bahoiy. – Javoharla’l Neru "Jahon tarixiga nazar" kitobida agar Hindiston osmonga uchsa, Bobur va boburiylar qanotida uchishiga ramziy ishora qilgan. Bobur Movarounnahr, Xurosan – hozirgi Afg‘oniston, Hindiston madaniyatini biriktirib, ulkan madaniyat yaratdiki, natijada uning o‘zi ham jahonshumul shaxsga aylandi. Ijtimoiy fanlarning aniq sohalari "Boburnoma"da yaqqol ko‘rinadi. Bu asar afg‘onistonshunoslik uchun ilk manbaa sanaladi. Bu ilmga kirishish "Boburnoma"siz sira amalga oshmaydi. Ulug‘ shoir tilga olgan qishloqlar, an’analar, o‘simliklar dunyosi bari shu asarda mukammal keltirilgan.

"Jahon adabiyoti" jurnali bosh muharriri, taniqli jurnalist Ahmadjon Meliboev Bobur asarlarida tilga olingan boshqa xalqlar madaniyatiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishdek jihatlar bugun O‘zbekistonning yaqin qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro hurmat asosida hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yganida yaqqol namoyon bo‘layotganini ta’kidladi. Ayni paytda afg‘onistonlik bizga millatdosh qalamkashlarni "Jahon adabiyoti" tahririyati bilan ijodiy hamkorlikka chorladi.

Mushoirada taniqli hofiz, "Nihol" mukofoti sohibi Ilyosbek Arabov tomonidan Bobur g‘azallari bilan kuylanuvchi qo‘shiqlar ijro etildi. "Onajonim – she’riyat" to‘garagi a’zolari, yosh shoirlar bobomizning g‘azallaridan namunalar o‘qidilar. Adabiy kecha g‘oyat samimiy, fayzli, iliq va do‘stona ruhda o‘tdi.

393
Nazokat USMONOVA, O‘zA