Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.03.2017 16:43 Chop etish versiyasi

Boqiy yilboshining yangi sabog‘i

To‘y, bayram ko‘pchilik bilan ko‘rkli. Elning olqishi tantanalarga fayz-baraka kiritadi: “ko‘pning duosi ko‘l”. Bunda ruhiy-ma’naviy kuchlar birlashadi, xalqning bunyodkorlik quvvati jamlanib, ro‘yobga chiqadi. Bunda birlashgan o‘zadi, hamjihatlik, jipslik odamlarni ezgu murod-maqsadlarga yetkazadi.

Tabiatdagi uyg‘onish – yangi yilning boshlanishi. Bunda inson tani va ruhida borliqning mangu davriy halqasidagi yangilanishni his qiladi, anglab yetadi. Odamzot o‘zini nafaqat zamin, balki butun koinot bilan uyg‘unlikda taniydi. Tabiat farzandi bo‘lmish inson tabiat qonunlariga esh bo‘lib yashaganda, ruhan yuksaklikka, ma’nan soflikka erishadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 28-fevraldagi «2017-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra bu yil Navro‘z bayramini shaharu qishloqlarimizda umumxalq sayillari shaklida yuqori darajada o‘tkazish belgilangani xalqimizning ma’naviy quvvatlarini yanada oshirishga, ezgu sa’y-harakatlarni buyuk maqsadlar yo‘lida birlashtirishga xizmat qiladi. Zotan, ildizlari olis “Avesto” zamonlariga borib tutashadigan Navro‘zi olam – sharqona yangi yil o‘zining yangilanish, bahor nafasini boshlab kelishi, har qaysi oila, har qaysi xonadonga shodu xurramlik olib kirishi bilan xalqimiz uchun eng qadrli, aziz va suyukli milliy bayramga aylanib ketgan.

Farishtalar qadrlaydigan kun

Har qanday bayram millat bilan birga yashaydi, ulg‘ayadi, taraqqiy topadi. Xalqimiz tarixi va madaniyatining muhim bo‘lagi – Navro‘z ham har yili xalqimiz qalbi, tasavvur va tafakkuri bilan yangilanib, anglanib borayotgan qadriyatdir. Navro‘z falsafasida ruh va tana pokligi, mehr-oqibat, kattalarga hurmat, kichiklarga himmat, halollik, saxovat, barchaga birday muruvvatli bo‘lish kabi asriy an’analar turadi.

Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Nosiruddin Rabg‘uziyning “Qissasi Rabg‘uziy”, Alisher Navoiy asarlarida Navro‘z bilan bog‘liq ko‘plab ma’lumotlar, badiiy talqinlar uchraydi. Abu Rayhon Beruniy «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida Navro‘z haqida shunday yozadi: «Bu kun – farishtalar qadrlaydigan kun. Chunki shu kuni farishtalar yaratilgan. Bu kunni payg‘ambarlar qadrlaydi. Chunki shu kuni quyosh yaratilgan. Bu kunni shohlar e’zozlaydi. Chunki bu kun yilning birinchi kunidir».

Qadimgi xitoy, eron, arab manbalarida ham yurtimizda o‘tgan Navro‘z bayramlari haqida qiziqarli ma’lumotlarga duch kelamiz. Deylik, xitoylik savdogaru sayyohlar Samarqand va Farg‘onada o‘tgan Yilboshining kutib olinishini kuzatar ekan, ajablanib, shunday qaydlar qoldirgan: «Farg‘onaning odamlari qiziq ekan, ular Navro‘zda ikkiga bo‘linib urishar ekan». Aslida bu marosim ko‘klam va qishning timsoliy kurashidir.

Yana bir o‘rinda xalqimiz Navro‘z marosimida xo‘roz va qo‘chqorlarni urishtirib, kelasi yil qanday kelishini bashorat qilgani aytilgan. Aslida bu tomoshalarda hayvonlarning biri qish, boshqasi yoz atalgan. Bunda ular g‘olib qutbga qarab, kelgusi yil ob-havosi qanday kelishini anglashga intilgan.

Navro‘z falsafasida yoshi ulug‘ insonlar, tabarruk otaxon va onaxonlarni har tomonlama e’zozlash, ko‘makka muhtoj insonlarga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlari o‘z aksini topgan. Bu – xalqimizga mansub mehr-muruvvat, ahillik va totuvlikning hamisha bardavom ekani ifodasi.

«Oy terakmi, kun terak?»

Xalqimiz qadimdan yoz botinida qish, qish zamirida yoz yetilib tug‘iladi, tabiat qish va yozning mavsumiy “o‘lib-tirilishi” davomida uzluksiz aylanadi, deb tushungan, talqin etgan. Har bir mavsumning boshlanishi va yakuni bayram qilingan.

Navro‘z – yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi. Shu bois xalqimiz dehqonchilikka kirishish, chorvani qishlovdan olib chiqishda ham alohida marosimlar o‘tkazgan. Oldinlari dalaga qo‘sh chiqarishdan oldin qo‘shga qo‘shiladigan ho‘kizlarning «shox moylar» udumi qilingan bo‘lsa, bugun ko‘p hududlarimizda fermerlarimiz «darveshona» marosimini o‘tkazmoqda: yangi dehqonchilik mavsumiga kirishishdan avval qurbonliklar qilib, xalqqa osh tortib, elning duosini olmoqda. Bu ham yangi yilning qut-barakali kelishiga, to‘kin-sochinlik bo‘lishiga qaratilgan ezgu niyatlar, umidlar ifodasidir.

Navro‘z – kun bilan tun teng kelgan vaqt, yangi yilning qopqasi. Ajdodlarimiz quyosh, oy, yulduz kabi osmon yoritqichlari harakatini kuzatib, fasllar almashinuvi haqida mukammal bilimlarni bizga meros qoldirgan. Xalqimizning bu bayram bilan bog‘liq barcha bilim va tasavvurlari turli teatrlashtirilgan sahna va ramzlar vositasida ifodalangan. Bunda qish va yoz kurashi, davra almashishi qutblari anglatilgan.

Yoz va qish olishuvining o‘simlik timsoli – boychechak va urug‘ (tariq, bug‘doy). Bunda boychechak (ko‘klam) zamin qobig‘ini yorib («qattiq yerdan qatalab, yumshoq yerdan yumalab»), yuzaga chiqadi, urug‘ (qish) yer ostiga yo‘l oladi. «Boychechak» marosimida Ko‘klam tarafdorlari Qish to‘dasini yenggach, «Kichkinajon» qo‘shig‘ini kuylagan. Mazkur qo‘shiqda qish “Bo‘ri” raqsida ifodalanib, turli obrazlarda bosqichma-bosqich kichik ko‘rinishga keltiriladi va yakunda donga mengzaladi:

Kichkinajon, kichkina,
Tariqdan ham kichkina...


Aslida tabiatda tariqdan mayda urug‘ yo‘q. Biroq xalqimiz bahorga shunchalik intiq bo‘lganidan tabiatda ko‘klam jilovni qo‘lga olgach, o‘z tasavvurida qishni shu darajada kuchsizlantiradiki, oxir-oqibat u tariqdan ham mayda ko‘rinishga keladi – butkul mag‘lub bo‘ladi.

«Oq terakmi, ko‘k terak?» o‘yinimiz ham asosan ko‘klamda o‘ynalgan. Aslida bu o‘yinda yoshi kattalar qatnashgan, so‘ng bora-bora bolalar o‘yiniga aylanib qolgan. O‘yinning nomi nega aynan «Oq terakmi, ko‘k terak?»: zohiran terak bargining bir tomoni oq (yumshoq), bir tomoni ko‘k (qattiq). Botinan bu o‘yinda kun va tun, ko‘klam va qish haqidagi tasavvurlar mavjud. Shu bois Xorazmda bu o‘yin o‘z mohiyatiga yaqinroq nomda aytiladi: «Oy terakmi, kun terak?». Bu o‘yinda qizlar – bahor, yigitlar qish timsoli bo‘lgan.

Navro‘z sayillarida qiz-juvonlarning arg‘imchoq-halinchak uchish odati mamlakatimizda keng tarqalgan. Bu qadimiy udum bugun ham o‘z jozibasini yo‘qotgani yo‘q. Halinchak uchish, shunchaki, ko‘ngil hushi emas, bu nafosat vakilalarining ko‘klamga mos ezgu orzu-umidlarining yuksaklarga parvoz qilishidir.

Bugun Surxondaryo, Qashqadaryo tomonlarda «Oq suyak» o‘yini erta ko‘klamda va qorong‘u paytda o‘ynaladi. Bunda bolalar saylagan jo‘raboshi so‘ngakni uzoqqa otadi, boshqa bolalar uni izlaydi. Kim suyakni birinchi topsa, g‘olib chiqadi. Bu o‘yinning aynan Navro‘z payti va tunda o‘ynalishi bejiz emas. Suyak – ajdodlar ruhi timsoli, yosh bolalar hali begunoh, sabiy. Bu bobolarimiz sabiy qo‘llar vositasida va ajdodlar ruhi yordamida tun (qish)ni haydab, kun (bahor)ga intilganidan dalolatdir. Navro‘z kunlari qabristonlar, ziyoratgohlar, muqaddas maskanlarni obod qilishga alohida e’tibor qaratilishi buni yanada teranroq ifoda etadi.

Navro‘z kunlarida xalqimiz tabiat bilan uzviyligini, o‘zini uning ajralmas bir qismi sifatida yanada teran his etgan, ona zaminni ardoqlab, uning ne’matlarini qadrlab, shukrona keltirgan.

Aytimlar qatidagi orzular

O‘zbek xalq qo‘shiqlarida asosan tabiat fasllari, avvalo, qish va bahor kurashi aytilgani tasodif emas. Ajdodlarimiz tundan so‘ng kun, qishdan so‘ng bahor kelishini ezgulik tantanasi sifatida orziqib kutgan. Yangi kunning tezroq yaxshi bo‘lib kelishini alqab, qo‘shiqlar kuylagan. Yangi fasl – yangi umidlarning kurtak chiqarishi, yangi bir avlodning hayotga kirib kelishi. Shunday qo‘shiqlardan birini eslaylik:

Yomg‘ir yog‘aloq,
Momo tug‘aloq,
Yomg‘ir tinganda,
Chiqar kamalak.


Bu misralar to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qilsa, mantiqsizdek ko‘rinadi. Ammo kosa tagidagi nimkosa anglansa, timsollar tilsimi yechilsa, betakror tasavvur hosilasi qalbimizni hayratga soladi.

«Yomg‘ir yog‘aloq» – qoru yomg‘ir ko‘p yog‘moqda, degani. Chunki bu «momo»ning, ya’ni qish chillasi ramzi bo‘lgan Ayamajuzning ishi. Lekin yog‘ingarchilik, sovuq, qahraton tez orada tinadi: «momo tug‘aloq» – qish homilador, undan Navro‘z kuni yangi farzand (yangi hayot) – bahor tug‘iladi. Yog‘ingarchilik tinib, ko‘klam tantana qiladi. Bu g‘alaba ramzi sifatida samoda kamalak bo‘y ko‘rsatadi, inson borlig‘idagi ezgu kuchlar harakatga keladi, yangilik (ko‘klam) eskilikni (qishni) yengadi.

Sumalak – bahorning shifobaxsh, tansiq va shoh taomi, ko‘klam darakchisi. Uning qat’iy an’analar, ma’lum tartib-qoidalar asosida pishirilishi bejiz emas. Bunda yosh-qari yig‘ilib, bir kecha-kunduz katta gulxan atrofida bir-biriga ezgu tilaklar bildiradi, ma’naviy rishtalar yanada mustahkamlanadi. Har inson yaxshi niyatlar bilan sumalak pishayotgan doshqozonni kovlaydi, gina-kuduratlar unutilib, arazli kishilar yarashadi. Shu bois xalqimiz o‘zini yanada hamjihat qilgan sumalakni muqaddas taom sifatida qadrlab, alqagan:

Bahorning sen elchisi,
Navro‘zning sen singlisi...


Navro‘zning asosiy belgisi – jarchi chorlovi. Bu nainki ko‘klam kelganidan darak, balki elni qish bilan olishayotgan bahorga yordam berish, tabiatdagi yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlashga chorlashdir:

Bor – ho, kel – ho,
Hamalim, ha,
Amalim, ha,
Tezda yetib kel,
O‘ynagani kel,
Tortishgani kel,
Bellashgani kel...


Ha, ajdodlarimiz tabiatni jonlantirish bilan bog‘liq marosimlarida hayotini yanada yaxshilashga, tabiat mushkulotlarini yengillashtirishga hamohang o‘zining hayotiy muammolarini hal qilishga, yangi yilning qut-barakali o‘tishiga hissa qo‘shishga harakat qilgan. Ezgulikka intilgan xalq – buyuk xalq. Bunday millatning hayot mazmuni, olam va odam uyg‘unligi haqida o‘z fikri bor, taraqqiyot va farovonlikka eltadigan o‘z yo‘li bor.

Nurga intilish baxti

Xalqimiz Yerni ona, Quyoshni bobo, deydi. Nonni quyosh, rizq-baraka timsoli sifatida e’zozlaymiz. Chunki quyosh – hayot asosi: jami tiriklikka zarur yorug‘lik, issiqlik manbai, kun va tun, fasllar maromi, uch o‘lchamli makondagi vaqt mezoni. Quyosh so‘ngan kuni Yerda hayot ham tugaydi – qiyomat qo‘padi. Shu bois xalqimizning Navro‘z bayrami bilan bog‘liq bilim va tasavvurlarida quyoshga intilish, nurga talpinish bilan bog‘liq azaliy ezgu an’analari mujassam.

Jizzax viloyatida Huttosh degan joy bor. Bu toshning tuynugi bo‘lib, faqat Hut oyi kirganda quyosh nurlari shu tuynukdan o‘tar ekan. Yoki Farg‘onadagi qoyatoshdan boshida nur taratayotgan quyoshli odam va uning atrofida raqsga tushayotgan 12 kishi aksi (bir yil va o‘n ikki oy) tasvirlari topilgan. Nurota shevasida quyosh yo‘li manzillarining to‘xtash nuqtalari “qo‘ro‘t” atalgan. Qo‘ro‘t – yorug‘lik, nur, degani.

Yoki milliy so‘zana va palaklarimizdagi quyosh, oy timsollarini ifodalovchi doiralar soni, ichki halqalar, ulardagi «yol»lar – xalqimiz quyosh va oy fazalari haqida mukammal bilim, tasavvur va dunyoqarashga ega bo‘lganidan dalolatdir. Deylik, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi Qo‘shtamg‘ali qishlog‘ida Nazokat momo Orom qizi 1968-yili bir juft so‘zana tikkan. Ularning birida quyosh gullari naqshidagi «yol»lar doira chizig‘ining sirti va ichida bodom bargi shaklida alohida-alohida joylashtirilgan. Ikkinchisida quyosh guli naqshi sidirg‘asiga doira tashqarisida turibdi, doiradan atrofga uzluksiz nur taratib, porlagandek tuyuladi. Bunda so‘zana doirasidagi ichki, tashqi «yol»lar doirani goh o‘ngga, goh chapga aylanayotgandek taassurot uyg‘otadi. Bu timsollar nimaning ifodasi? Nega kashtachi ikki so‘zanada quyosh gullarini ikki xil ifoda etgan? Bu savollarga quyoshning shafaqdan chiqishi va ufqqa botishini kuzatib, javob topdik. Qarang, chekka bir qishloqda o‘rta maktabdan boshqa ta’lim olmagan oddiy ayol quyosh harakatini kuzatib, uning fazalarini milliy an’analar asosida qayta kashf etib, kashta naqshlarida shunchalar aniq ifodalagan.

Navro‘z falsafasi «Go‘ro‘g‘li» dostonlarida yorqin ifoda etilgan. «Go‘ro‘g‘li»ning ibtido va intihosi shunday: qahramon go‘rdan chiqib, g‘orga kirib ketadi. Dostonda Go‘ro‘g‘lining otasi Nurtoy/Ravshan (quyosh), onasi Hiloloy/Oqanoy (yangi chiqqan oy) ataladi. Uning turli versiyalarda uch ismi bor: Go‘ro‘g‘li, Qiro‘g‘li, Ko‘ro‘g‘li. Uch ism birlashtirilsa, chiqayotgan, tik va botayotgan – bir kunlik quyoshning timsoliy harakati paydo bo‘ladi. Shu bois Ko‘klam farzandi Go‘ro‘g‘li qish vakili Rayhon poshsho bilan kurashib, g‘alaba qozonadi. Uning olti oy yer ostida yotishi, yerga chiqqach, biya (quyosh)/echki (ko‘klam)ni emib katta bo‘lishi buni ancha oydinlashtiradi.

Go‘ro‘g‘li – ko‘klamni keltiruvchi Quyosh va Oy farzandi. U bir yillik mavsumning uch oyida yer ostida yetilib, ko‘klam bilan birga tug‘iladi, bahorda tetapoya bo‘ladi, yozda ulg‘ayadi, kuzda kamol topib-qartayib, qayta o‘z makoni g‘orga (qish qo‘yniga) kirib, uyquga ketadi.

Birgina shu doston misolida Navro‘z bayrami shu zamin etnosi qarashlari asosida yaralgani va xalqimiz eposining o‘zagini tashkil etishiga amin bo‘lish mumkin. Zero, bu ayyom xalqimizning ko‘ngli, e’tiqodi, qadri va qadriyatlari ildiziga tutash.

...Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «2017-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorida bu yilgi sayil dasturlarini tayyorlashda xalq o‘yinlari, folklor san’atining eng yaxshi namunalarini, elu yurtning dilidan chuqur joy olgan, qadimiy urf-odatlar, ezgu insoniy tuyg‘ularni tarannum etadigan kuy va qo‘shiqlar, o‘lan va laparlarga keng o‘rin berishga alohida e’tibor qaratilgani Navro‘z bayrami ruhi va falsafasining xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ong-qalbiga yanada chuqur singishiga xizmat qiladi. Aslida ham barcha bayram kabi Navro‘zi olam ham insonning inson sifatida oilada, jamiyatda, tabiatda va butun borliqdagi munosib o‘rnini ko‘rsatishga, o‘z o‘rniga mos faoliyat yuritishga undaydi. Zotan, xalqimiz Navro‘z kunida yangi hayot sahifalarini ko‘radi, ezgu intilishlari ijobatini niyat qiladi, ertasi bugundan ham to‘kisroq, farovonroq va barqaror bo‘lishi uchun yana ham hamjihat bo‘lib yashashga, ishlashga intiladi.

Shomirza Turdimov,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili 
va adabiyoti universiteti Folklorshunoslik va
dialektologiya kafedrasi mudiri, 
filologiya fanlari doktori.

O‘zA
3 664






Все о погоде - Pogoda.uz