O‘zA O`zbek

22.02.2019 16:59 Chop etish versiyasi

Bolalarning manfaati doimiy himoyada

Bolalarning manfaati doimiy himoyada

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi 22-Mehribonlik uyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 fevraldagi “Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining mazmun-mohiyatini oʻrganishga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi.

Yurtimizda bolalarning manfaatlarini himoyalash, ayniqsa, murakkab sharoitda qolgan oʻgʻil-qizlarni kuchli, manzilli, aniq va yoʻnaltirilgan tarzda himoyalash masalalariga ustuvor eʼtibor qaratilmoqda. Oʻtgan vaqt mobaynida bu yoʻnalishda qabul qilingan qonun hujjatlari bolalar himoyasini tobora kuchaytirish, Mehribonlik uylari, maxsus maktab-internatlar faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini yaxshilash, taʼlim-tarbiya sifatini oshirish imkonini bergani bilan ahamiyatlidir.

Prezidentimizning mazkur qarori ijtimoiy ahvoli murakkab boʻlgan bolalarga eʼtiborni yanada kuchaytirish, tizimda ishlayotgan mutaxassislar faoliyatini ragʻbatlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Unga koʻra, joriy yilning 1 martidan boshlab Mehribonlik uylari va bolalar shaharchalarining rahbar xodimlari va tarbiyachilari, shuningdek, barcha turdagi xalq taʼlimi muassasalari tarbiyachilarining bazaviy tarif stavkasini 1,5 barobarga oshirish va uni umumtaʼlim maktablarining tegishlicha rahbar va pedagogik xodimlari bazaviy tarif stavkasining 75 foizi darajasida belgilash koʻzda tutilgan. Ayni paytda vasiylik va homiylik organlari xodimlari, bolalar uylari, nogiron bolalar uchun Muruvvat internat-uylari hamda sil kasalligiga qarshi bolalar sanatoriyasi tarbiyachilariga tegishli toifadagi davlat maktabgacha taʼlim muassasalari xodimlari mehnatini qadrlashning amaliy mexanizmlari yaratildi.

Shu bilan birga Mehribonlik uylari va bolalar shaharchalarida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Xalq taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan zamonaviy kompyuter sinflarini ochish, tarbiyalanuvchilarni zamonaviy kompyuter dasturlash koʻnikmalariga oʻqitishni tashkil qilish va axborot texnologiyalari sohasida yosh mutaxassislar tayyorlanishini taʼminlashga oid ishlar keng yoʻlga qoʻyiladi.

Qarorda koʻzda tutilganidek, bolalarni tarbiyalash uchun oilaga qabul qilinayotgan (patronat) vasiy va homiylikka nomzodlarni, farzandlikka olayotganlar va oilaviy bolalar uylarining tarbiyalovchi ota-onalarini tanlash va kuzatib borish tizimini takomillashtirish, Mehribonlik uylari va bolalar shaharchalarida zarur aloqa vositalari bilan jihozlangan alohida xonalar ajratilishini, “Ishonch telefonlari“ uzluksiz ishlashini hamda ulardan tarbiyalanuvchilarning erkin foydalanishini taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni keng yoʻlga qoʻyishga jiddiy eʼtibor qaratiladi.

N.Usmonova, OʻzA
568