O‘zA O`zbek

20.07.2019 Chop etish versiyasi

Bolalarni maktabga qabul qilishdagi ixtiyoriy toʻlov bekor qilinmoqda

Bolalarni maktabga qabul qilishdagi ixtiyoriy toʻlov bekor qilinmoqda

Bolalarni maktabga qabul jarayonini yanada takomillashtirish, jumladan ixtiyoriy pullik toʻlovni butunlay bekor qilish boʻyicha takliflar muhokamaga qoʻyildi, deyiladi Xalq taʼlimining rasmiy saytida.

Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-maydagi qarori bilan “Bolalarni umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti” tasdiqlangan edi. Ushbu maʼmuriy reglament ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari, internet tarmogʻi hamda jamoatchilik orasida qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Eslatib oʻtamiz, amaldagi maʼmuriy reglamentda ota-onalarning ixtiyoriy roziligi asosida eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida toʻlovni amalga oshirganidan soʻng quyidagilar uchun qoʻshimcha kvota ajratilishi belgilangan edi:

a) mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi bolalar;

b) mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan, yaʼni tegishli yilning 1-yanvaridan 31-avgustiga qadar 7 yoshga toʻlmaydigan bolalar;

v) umumtaʼlim muassasalarida (mikrohudud va mikrohududdan tashqari) taʼlim berish tili boʻyicha boshlangʻich bilim (muloqot qilish) koʻnikmasiga ega boʻlmagan bolalar uchun ariza beruvchilarning ixtiyoriy roziligi asosida yigʻim undirilishi belgilab qoʻyilgan edi.

Ushbu koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari uchun toʻlov miqdori hamda qoʻshimcha kvota boʻyicha ota-onalarning ixtiyoriy roziligi hamda Kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadigan toʻlov bekor qilinmoqda.

Qoʻshimcha kvota asosida ota-onalarning ixtiyoriy roziligi bilan pullik toʻlov orqali maktabga joylashtirish tartibi ham bekor qilinmoqda.

Eslatib oʻtamiz, qaror loyihasi boʻyicha jamoatchilik muhokamasi joriy yilning 5-avgustiga qadar davom etadi.

2 769
OʻzA