O‘zA O`zbek

12.02.2020 Chop etish versiyasi

“Bolalaringizni faqirlikdan qo‘rqib o‘ldirmang”

“Bolalaringizni faqirlikdan qo‘rqib o‘ldirmang”


Alloh taolo biz bandalariga ato etgan ko‘plab ne’matlari orasida farzand ne’mati ham bor.

Ba’zi oilalarda uzoq yillar tirnoqqa zor bo‘linadi. Er-xotin sabr qilib yashaydilar. Hatto 10-15 yil farzand ne’matini kutib yashab, oxirida orzulari ro‘yobga chiqadigan oilalar ham bor.

Farzand dunyoga kelgach, ota-ona, bobo-buvilar qalbi quvonchga to‘ladi. Chaqaloq yig‘lasa yupatishga, uxlasa tinchlanishga, kulsa birga kulishga tushishadi. Hamma uni erkalaydi, uning o‘yinlari, tabassumlarini ko‘rgisi keladi.

Afsuski, keyingi paytda yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini turli joylarga tashlab ketadigan kimsalar ko‘paydi. Kimdir nikohsiz homilador bo‘lib qolgani uchun chaqalog‘ini tashlab ketsa, kimdir yetishmovchilik vahimasidan o‘z bolasidan voz kechishni ravo ko‘rmoqda.

Biri hojatxonaga tashlab ketsa, boshqasi axlatga tashlab ketyapti, ayrimlari esa o‘z bolasini pulga sotib yuborishi ham quloqqa chalinyapti.

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda yangi tug‘ilgan chaqaloqning anhorga tashlab ketilgani haqida xabar tarqaldi.

Chaqaloqni kim tashlagan? Tuqqan ayolmi? Yoki ayolni kimdir majbur qilganmi? Balki kambag‘allik sababli tashladimikan? Kim tashlaganidan qat’i nazar, bu ish naqadar jirkanch, katta musibat!

Bu qanaqasi bo‘ldi?! Bolasidan ochlik, faqirlik tufayli voz kechgan bo‘lsa, rizqni beruvchi Alloh taoloning O‘zi ekanini, ularga shuncha yil rizq berayotgan Zot yangi tug‘ilgan chaqaloqqa ham rizq berishini nahot bilmasalar?!

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:

وَمَا مِن دَآبَّةٍ فِي الأَرْضِ إِلاَّ عَلَى اللّهِ رِزْقُهَا وَيَعْلَمُ مُسْتَقَرَّهَا وَمُسْتَوْدَعَهَا كُلٌّ فِي كِتَابٍ مُّبِينٍ

“Yer yuzida o‘rmalagan narsa borki, ularning rizqi Allohning zimmasidadir. U ularning turar joylarini ham, borar joylarini ham bilur. Hammasi ochiq-oydin kitobdadir” (Hud surasi, 6-oyat)

Alloh taolo boshqa bir oyatda bunday deb marhamat qilgan:

وَلاَ تَقْتُلُواْ أَوْلادَكُمْ خَشْيَةَ إِمْلاقٍ نَّحْنُ نَرْزُقُهُمْ وَإِيَّاكُم إنَّ قَتْلَهُمْ كَانَ خِطْءاً كَبِيراً

“Bolalaringizni faqirlikdan qo‘rqib o‘ldirmang. Biz ularni ham, sizlarni ham rizqlantiramiz. Albatta, ularni o‘ldirish katta xatodir”. (Johiliyat davrida arablarda faqirlik va ochlikdan qo‘rqib farzandni tiriklay ko‘mib yuborish odati bor edi) (Isro surasi, 31-oyat)

Axir bu xalq Aqida bo‘yicha dunyoga ustozlik qilayotgan Moturidiy, Nasafiy, Fiqh bo‘yicha mudarrislik qilayotgan Marg‘inoniy, Hadis bo‘yicha peshqadamlikda bo‘lib kelayotgan Buxoriy, Termiziy, tasavvufda Naqshband singari allomalarning beshigini tebratgan edi-ku!

Axir bu xalq qaynotasi kirganda o‘lim to‘shagida yotgan bo‘lsa ham o‘rnidan turib, ro‘molini o‘rashga uringan Kumushlarni tarbiya qilgan edi-ku!

Sovuq urush davrida, bir burda nonga zor bo‘lingan vaqtlarda o‘zining 5-6 nafar bolasining yoniga yetim qolgan 10 dan ziyod bolalarni o‘z bag‘riga olgan xalq edik-ku?

Axir bizning mastura, hayoli momolarimizning juftu halollari urushda halok bo‘lib, 18-20 yoshlaridayoq erdan beva qolgan bo‘lsalar ham boshqa turmushga chiqish u yoqda tursin, turmushga chiqishni o‘ylab ham ko‘rmay, umrbod yoriga vafodor bo‘lib yashab o‘tishgan edi-ku!

Axir bizning bobolarimiz bellaridagi belbog‘larini begonalar ostonasida yechmagan, nomahramlarning qo‘lini ushlash u yoqda tursin, ularga suqlanib qaramagan mard, oriyatli, sadoqatli erkaklar bo‘lishgan edi-ku!

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:

وَإِذَا الْمَوْؤُودَةُ سُئِلَتْ بِأَيِّ ذَنبٍ قُتِلَتْ

“Va vaqtiki, tiriklay ko‘milgan qizdan so‘ralsa. U nima gunoh uchun o‘ldirilgan?” (Takvir surasi, 8-9-oyatlar)

Qiyomat kuni o‘ldirilayotgan chaqaloqlardan qaysi gunohi uchun o‘ldirilgani so‘ralganda, ularni tashlab ketayotgan onasi, shunga majbur qilayotgan otasi Alloh taologa nima deb javob beradi?!

Bunday nobakorliklarning sababi nima deb o‘ylaysiz? Jamiyatda qanday bosh ko‘tarib yuraman degan qo‘rquvmi? Ota-onamga nima deyman degan fikrmi? Nima bo‘lganda ham bunday jirkanch ishni amalga oshirishga sabab Dinni bilmaslik, ilmsizlik, oilada Islomiy tarbiyaning yo‘qli, insonparvarlik qadriyatlaridan uzoqlikdir!

Do‘konlarda diniy-ma’riy kitoblarimiz ko‘p. Ammo ularni sotib

olib, o‘qiydiganlar kam. O‘sha kitoblardagi ilmni uyida tatbiq etadiganlar oz. Ulfatlar bilan osh yeyish uchun bir o‘tirishda besh-oltita kitob pulini ishlatishni bilamiz. Ammo bolamizning tarbiyasiga zarur bo‘lgan kitobni olishga kelganda, o‘sha kitob qimmatdek tuyuladi yoki pulimizni qizg‘onamiz.

Farzandlarimizga go‘daklik paytlaridan boshlab, ajdodlarimiz merosi asosida ta’lim-tarbiyaga jiddiy e’tibor qaratmas ekanmiz, boshimiz tashvishlardan chiqmay qolaveradi.


Nozimjon Iminjonov


1 158
O‘zA