O‘zA O`zbek

05.09.2018 21:02 Chop etish versiyasi

Bolalarga bayram sovgʻasi

Bolalarga bayram sovgʻasi Buxoro shahridagi nutqida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan maxsus 82-maktabgacha taʼlim muassasasi binosi rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

Bundan 41 yil muqaddam barpo etilgan mazkur muassasa binosi, garchi bir necha bor joriy taʼmirlangan boʻlsa-da, bugungi davlat standartlari talablariga javob bermay qolgan edi. Rekonstruksiyadan soʻng maktabgacha taʼlim maskanining qiyofasi tubdan oʻzgarib, imkoniyatlari yanada kengaydi.

“Obod mahalla” dasturiga kiritilgan “Shayx ul-olam” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi ushbu maktabgacha taʼlim muassasasida loyiha qiymati 3,5 milliard soʻmlik bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Bunda “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” unitar korxonasi homiylik yordami koʻrsatdi.

Yangidan qurilgan qozonxona muassasani kuz-qish mavsumida barqaror issiqlik energiyasi bilan taʼminlaydi. Zamonaviy meva-sabzavot omborxonasi oziq-ovqat mahsulotlarini yaxshi saqlashga xizmat qiladi.

– Bu yerda amalga oshirilgan ishlardan juda mamnun boʻldik, – deydi onalar nomidan Robiya Yoʻldosheva. – Oʻzgarishlar katta. Masalan, bolalar qishin-yozin choʻmiladigan yopiq suzish havzasi, ular toza havoda dam olishi uchun milliy uslubdagi soyabonli ayvon, shuningdek, sport zali ham qurilibdi.

Rekonstruksiyagacha muassasada 6 guruh faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, endilikda ular soni yana uchtaga koʻpaydi. Qabul quvvati 120 nafardan 135 taga yetdi. Musiqa, tibbiyot xonalari, yangidan alohida qurilgan oshxona tegishli jihozlar bilan taʼminlangan.

– Jamoamiz asosan malakali tarbiyachi va ularning yordamchilari, shuningdek, alohida malakaga ega logopedlardan iborat, – deydi maktabgacha taʼlim muassasasi mudirasi Feruza Abdullayeva. – Bu muhim jihat. Ular nutqida qusuri boʻlgan bolalarning toʻgʻri talaffuz qilish qobiliyatini rivojlantirish va lugʻat boyligini oshirish uchuninterfaol usulda lab, til, tomoq, yuz, barmoq, nafas olish harakatlari bilan bogʻliq turli mashgʻulotlar olib boradi. Rekonstruksiya jarayonida barcha guruhlarda logopedik mashqlar uchun alohida xona tashkil etilgani mutaxassislarga oʻrgatish va bolalarning esa oʻzlashtirish samaradorligini oshirishda qulay boʻldi.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat) OʻzA
1 861