O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

“Bolalarda ayb yo‘q”

“Bolalarda ayb yo‘q”

“O‘zavtoyo‘l” qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvalievning “Yo‘l-transport hodisalari yo‘llarning torligidan emas, harakat noto‘g‘ri tashkil etilgani oqibatida yuz bermoqda”, deb bildirgan fikrini eshitib, bir paytlar internet tarmoqlarida keng yoyilgan, o‘zbekistonlik futbolchilarga bag‘ishlangan “bolalarda ayb yo‘q”, degan qochirim gap yodimga tushdi. 

To‘g‘ri-da, futbolchilarda ayb yo‘q, hamma gap trenerlarda, degandek, A.Abduvalievning gapidan ham yo‘l-transport hodisalarida yo‘l quruvchilarda ayb yo‘q, hamma ayb haydovchilarda degan ma’no kelib chiqayapti.

Ammo, hurmatli Abdurahmon Abduvaliev, bu gapni aytishdan oldin o‘zingiz boshchilik qilib kelayotgan qo‘mita faoliyatida ishlatilib kelinayotgan bir qator me’yoriy hujjatlar talablarini ko‘zdan kechirsangiz, yaxshiroq bo‘lardi. Agar yodingizdan ko‘tarilgan bo‘lsa, biz uni eslatib o‘tamiz.

“O‘zavtoyo‘l” DAKga qarashli avtomobil yo‘llari ilmiy-tekshirish instituti tomonidan kiritilgan va O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Avtomobil yo‘llari”ga oid shaharsozlik normalari va qoidalari 2.05.02-07ning 1.2-bandi talablariga asosan avtomobil yo‘llarining toifasi yo‘lning belgilangan vazifasiga va kelajakdagi harakat miqdoriga, ya’niki transport vositalarining harakat jadalligiga qarab qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan. Jumladan, transport vositalarining harakat jadalligi 14000 avt/sutkadan yuqori bo‘lsa, avtomobil yo‘li 1-toifaga mansub bo‘lgan holda, kamida 4 ta harakatlanish bo‘lagiga ega bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonunida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga molik avtomobil yo‘llariga bo‘linishi, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari maxsus vakolatli organ (bugungi kunda “O‘zavtoyo‘l” qo‘mitasi) ixtiyorida bo‘lishi, avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash mazkur yo‘llar qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ta’minlanishi, yo‘l tashkilotlari avtomobil yo‘llarining soz holatda bo‘lishini, ulardan transport vositalari mutaassil va xavfsiz o‘tishini ta’minlashi shartligi belgilab qo‘yilgan. 

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunida avtomobil yo‘llari qurish va foydalanish tashkiloti o‘ziga qarashli avtomobil yo‘llarida transport vositalarining xavfsiz harakatlanishi uchun bu yo‘llarning soz holatda saqlanishini ta’minlashi, avtomobil yo‘llarini yo‘l harakatini tartibga solish vositalari bilan jihozlanishini amalga oshirishi hamda ularning saqlanishini ta’minlashi, shuningdek avtomobil yo‘llarining harakatlanish uchun xavfli uchastkalarini aniqlashi va bu uchastkalarda yo‘l harakatini tashkil etishni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Agar yuqoridagi Qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlar talablariga amal qilinadigan bo‘lsa, Namangan viloyati hududidan o‘tuvchi davlat ahamiyatiga molik va Namangan viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi tasarrufida bo‘lgan yo‘lda bugungi kunda transport vositalarining harakat jadalligi 30000 avt/sutkadan oshib ketganligini inobatga olish zarur. Bu degani, yo‘lni 1-toifaga o‘tkazish, kamida 4 ta harakatlanish bo‘lagiga ega bo‘lgan yo‘l qurish, qarama-qarshi harakatlanuvchi transport vositalarining oqimini beton to‘siqlar bilan ajratish zarur, ayniqsa, ushbu yo‘lning 0-75 kilometrlari oralig‘ini 1-toifaga o‘tkazib, kamida 4 ta harakatlanish bo‘lagiga ega yo‘l qurish, qarama-qarshi harakatlanuvchi transport vositalarining oqimini beton to‘siqlar bilan ajratish ishlarini belgilangan tartibda dasturga kiritib, ijrosini ta’minlash talab etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi hududidagi avtomobil yo‘llarini Germaniya davlatidagi avtomobil yo‘llari bilan taqqoslashni ham to‘g‘ri emas deb hisoblayman. Chunki Germaniyada avtomobil yo‘llarini qurish va ularni saqlashda transport vositalari haydovchilari tomonidan xatolikka yo‘l qo‘yilishi mumkinligini inobatga olib, ushbu xatolik oqibatlarini imkon darajasida kamaytirishga harakat qilinadi. Masalan, avtobanlarda va asosiy yo‘llarda qarama-qarshi transport oqimi sun’iy ravishda, muhofazalovchi yo‘l to‘siqlari yordamida ajratiladi. Qatnov qismining chetki qismida har qanday to‘siqlar bo‘lishiga imkon darajasida yo‘l qo‘yilmaydi. Buning imkoni bo‘lmaganda bunday joylar xavfsizlik elementlari ya’ni urilish oqibatlarini kamaytiruvchi vositlar yordamida xavfsiz holatga keltiriladi.

Shu bilan birga yo‘lning holati va ushbu yo‘lning atrofidagi ob’ektlar to‘g‘risida haydovchilarga yetarlicha axborot beriladi. Ya’niki yetarlicha miqdorda yo‘l belgilari, yotiq chiziqlar va yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatiladi.

Respublikamiz hududidagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida aksariyat hollarda harakat ishtirokchilari uchun axborotning kamligi, elementar xavfsizlik choralari ko‘rilmaganligi, aksariyat avtomobil yo‘llarining holati talab darajasida emasligi harakat xavfsizligiga bevosita raxna solib baxtsiz hollarga olib kelmoqda.

Xullas shunaqa gaplar, hurmatli A.Abduvaliev. Siz tomoningizdan “yo‘l-transport hodisalari yo‘llarning torligidan emas, harakat noto‘g‘ri tashkil etilgani oqibatida yuz bermoqda” deb bildirgan fikrdan faqatgina siz emas, balki barcha qo‘mita xodimlari yo‘l sohasiga tegishli amaldagi qonunlar bilan o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarish o‘rniga aybdorlarni chetdan axtarish bilan mashhur bo‘layotganliklari ayon bo‘lmoqda. Uzr, ko‘p gapirib yubordik, aslida “bolalarda ayb yo‘q”.

Orifjon JO‘RAEV

501
O‘zA