Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.08.2018 18:18 Chop etish versiyasi

Bolalar uyining nolalari

Bolalar uyining nolalari
Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj, og‘ir sharoitlarda yashovchi, daromadi kam oilalar davlat himoyasidadir. Aholining ijtimoiy zaif qatlami farovonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgan shu kunlarda kichik muammolardan katta fojia yasab, farzandidan voz kechish kechirilmas jinoyatdir.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga qarashli A.P.Xlebushkina nomidagi 22-Mehribonlik uyida bizni ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Xursanoy Xolova qarshiladi.

U menga hamroh sifatida tarbiyachi Shohista opani biriktirib berdi. Biz bolalar oldiga ketdik. Tarbiyachi yo‘l-yo‘lakay bolalarning dars qiladigan xonalari, dam olish va ma’naviy hordiq chiqarish xonasi-yu yotoqxonalari bilan tanishtirdi.

Bir guruh bolalar o‘tirgan xonaga kirdik. Xona zamonaviy usulda jihozlangan, katta televizor qarshisida bolalar qiziqarli ko‘rsatuv tomosha qilishardi.

Xorijni orzu qilib, qaytolmagan onalar...

O‘zini Abdulaziz deb tanishtirgan bolakay sekin kelib pinjimga tiqildi. Uni gapga soldim.

– Mening oyim uzoqda qolib ketdi. Men bu yerga kelayotganimda oyim sovqotib uxlab qolgan edi. Men oyimni oldiga qaytib ketish uchun pul yig‘ayapman. Borgunimcha oyim sovqotib, och qolib ketadi. Shuning uchun Xudodan har kuni tezroq katta qilishini so‘rayapman.

Tarbiyachi Shohista opaning aytishicha, Abdulazizning onasi bolasini olib, Tailandga ishlash uchun ketadi. U yerda ona-bola och qolib, nochor va azobli kunlarni boshidan kechirgan. Balki ayol shu yo‘qchilikka toqat qilolmagandir, balki boshqa dardi bo‘lgandir, xullas bizga noma’lum sabablarga ko‘ra o‘zini va bolasining joniga qasd qilmoqchi bo‘ladi. Ayol voqea joyida vafot etgan, Abdulaziz O‘zbekistonning Tailanddagi elchixonasi ko‘magida yurtimizga qaytarilgan.

– Abdulaziz ilk kelganida juda nimjon, qarovsiz ahvolda qolib ketganligi ko‘rinib turardi, – deydi uning tarbiyachisi.

Agar imkoni bo‘lganida, bu bolakayning uzoqdan ish qidirib, yaxshi yashash istagida xorijga ketib, nega ayanchli ahvolga tushib qolgani borasidagi savollarga javob izlab ko‘rgan bo‘lardik.

Tarbiyalanuvchilar orasida yurgan 5-6 yoshlardagi Bonu ismli qizaloqda ham shunga o‘xshash taqdir. Bonuning onasi Hindistonda nima ish qilishini hech kim bilmaydi. Bonu ayni paytda kasal, yordamga muhtoj. Uning jajji oyoqchalaridan birida qurish boshlangan. Xursanoy opaning ta’kidlashicha, Mehribonlik uyi rahbari mutasaddi tashkilotlar bilan bog‘lanib, Bonuning oyog‘ini operatsiya qilishda ketadigan mablag‘ uchun amaliy yordam so‘ragan. Ammo bolasining kasalligidan xabardor onasi qizining ahvoliga qiziqib ko‘rmagan. Kasal qizi taqdiriga befarq bu ayolni ham topishning iloji bo‘lmadi.

“Menga ota-onam kerak emas, ukam mensiz qiynaladi. Ukamni shu yerga olib kelaylik!

Ro‘paramda menga savol nazari bilan termulib turgan rangpar, ozg‘in Abduqodir ismli bolaning ham ohi olamni tutadi.

Abduqodirning o‘tmishi ham ayanchli. Ota ham, ona ham tirik. Ammo ikkisi ikki yoqda. Onasi ancha yillar ilgari ishlash maqsadida xorijga ketgan, bolalaridan voz kechgan otasi ichkilikka ruju qo‘ygan. Mehribonlik uyi xodimlarining aytishicha u bolalari tugul, o‘ziniyam unutgan. Og‘ir muhitda o‘sgan Abduqodirning injiq fe’li o‘zgarishiga ruhshunos ko‘rigi ham ta’sir qilmayapti. Uning bolalar uyiga kelib qolishi sabablari ko‘rsatilgan hujjatga ko‘ra, Abduqodir onasi va otasidan ayrilgach, ukasi bilan keksa bobosi qaramog‘ida qoladi. Ikkita voyaga yetmagan bolani boqolmagan keksa bobosining arizasiga ko‘ra, Abduqodir bolalar uyiga keltirilgan.

Psixologning aytishicha, tarbiyasi og‘ir muhitda o‘sgan, ota-onaning janjallariga guvoh bo‘lgan, bu ham yetmagandek, oilasidan ayrilib, bu yerga keltirilgan Abduqodir moslashuv davridan hamon o‘tib ketolmayapti.

– Menga ota-onam kerak emas, menga ukamni olib kelib beringlar, bobom keksa, ukam yosh, ukamga bobom qaray olmaydi, ukam menga juda o‘rganib qolgan edi, – deydi Abduqodir.

O‘z farzandini dunyoga keltirgan ota-ona ular taqdirini o‘ylamaydi, ammo bolalar bir-birlarining ahvolini o‘ylab, achinib, bir-biriga talpinadi. Abduqodir Mehribonlik uyidagi bolalarning kichkina bo‘lib qolgan kiyimlarini-yu, o‘yinchoqlarini ukasi uchun yig‘ib yurarkan. Abduqodir qo‘l mehnatiga juda qiziqadi. U tayyorlangan buyumlar ko‘pchilikni hayratga soladi.

Bu yerdagi bolalarning yuragi “travma” olib bo‘lgan.

Mazkur Mehribonlik uyida 7-8 sinf, balog‘at yoshidagi o‘g‘il-qizlar alohida bo‘limga olinadi.

22-Mehribonlik uyining ushbu bo‘limida “o‘z-o‘ziga xizmat” yo‘lga qo‘yilgan. Oshxonada 4-5 nafar o‘g‘il-qizlar o‘zaro kelishib, turli taomlar tayyorlayapti. Hammayoq saranjom-sarishta.

Sartaroshlik, pazandalik, sport, kompyuter kabi to‘garaklar yo‘lga qo‘yilgan. 30 ga yaqin bola shu bo‘limda tarbiyalanmoqda.

– Biz bu yerda “Hayot” diplomini beramiz, – deydi ijtimoiy masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Umida Mamanova.

– Har bir bola bir tarix. Bu bo‘limdagi bolalar balog‘at ostonasida bo‘lganligi uchun ruhshunos yordami kerak bo‘ladi. Qolaversa, bu yerdagi bolalarning yuragi “travma” olib bo‘lgan. Ularning og‘riqli nuqtalariga tegib ketmasdan munosabatda bo‘lishimiz lozim.

Biz, ayniqsa, bir narsaga ko‘proq ahamiyat qaratamizki, bu yerdagi bolalarda boqimandalik hissi shakllanib qolmasligi kerak. Davlatimiz tomonidan yaratilgan bunday qulay sharoitni suiiste’mol qilmasliklarini uqtiramiz. Bir narsani ta’kidlashim joizki, Prezidentimiz tashabbusi bilan yana 11 yillik ta’lim tizimini joriy etilishi, biz uchun ham qulay bo‘ldi. Chunki, ayni nozik yoshni boshidan kechirayotgan bolalarimiz o‘spirin vaqtlarida kollejga chiqib, u yerdagi “erkinlik”dan noto‘g‘ri foydalangan vaqtlar bo‘ldi. Aytmoqchimanki, 11 yillik ta’limning qayta joriy etilishi biz uchun ham ayni muddao bo‘ldi. Chunki qaysidir ma’noda kollej bolalar uyida tarbiya topgan bola bilan muomala qilish tasavvuriga ega emas edi.

Bu yerda ko‘rib turganingizdek, o‘z-o‘ziga xizmat turini tashkil qilganmiz. Chunki, oila, ro‘zg‘or yumushlarni o‘rgatishda bizning bu tajribamiz yordam berpyapti.

A.P.Xlebushkina 53 yil Z7 millat bolasiga onalik qildi

1942 yil Rossiyaning urush bo‘layotgan shaharlaridan ota-onasi vafot etgan bolalar O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan.

O‘zbekistonda “Yosh o‘lkashunoslar” nomli markaz tarkibida mazkur 22-Mehribonlik uyi tashkil qilingan. 1942 yildan 1996 yilga qadar A.P.Xlebushkina Mehribonlik uyiga rahbarlik qilgan.

Bu dargohdagi muzey suratlari A.P.Xlebushkinaning tarbiyalanuvchilar bilan goh kulib, goh yig‘lab tushgan suratlari, birgalikda erishgan yutuqlari aks etgan maqtov yorliqlar, uning bolalar uchun o‘z qo‘llari bilan yasab bergan qo‘l bola o‘yinchoqlari minglab bolalarning taqdiridan “so‘zlab” turibdi.

– A.P.Xlebushkina shu dargoh uchun qaysidir ma’noda o‘z hayotidan kechdi, – deydi tarbiyachi Vereshagina Nina Ivanovna. – U 53 yil 37 millat vakillariga onalik qildi. Biz 35 yil birga mehnat qildik. Eng achinarlisi, o‘tgan yillar ahvol va sharoit qanchalik og‘ir bo‘lmasin, ota-ona tirik bo‘la turib, farzandlarini mehribonlik uyiga topshirmas edi. Biz ota-onasi vafot etgan chin yetim bolalarni qabul qilganmiz, hozir zamonamiz gullab yashnayotgan, hamma imkoniyatlar yaratilib, xalq manfaatlariga xizmat qilinayotgan bunday zamonda o‘z bolasidan voz kechish kechirilmas xatodir.

Ushbu Mehribonlik uyida 100 dan ortiq tarbiyalanuvchi bor. Ular orasida turli musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelayotgan bolalar talaygina. Shulardan Jahongir Ochilov futbol bo‘yicha, Mirjahon Hakimov rassomchilik bo‘yicha, Sevinch Jabborova ashula va raqs yo‘nalishi bo‘yicha katta muvaffaqiyatlarga erishdi.

Davlatimiz yetim va ota-onalarning vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi. Va shu bilan bir qatorda onalik va bolalik ham davlat himoyasida. O‘zbekistonimizda onalik va bolalik muhofazasi uchun yuzlab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Ammo Mehribonlik uylari qaysidir ma’noda ota-onasi bevaqt vafot etganlar, qarovchisini erta yo‘qotganlar uchun xizmat qilsin. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasiga ko‘ra: “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar”.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
4 209