Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2017 16:33 Chop etish versiyasi

Yuragida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bir guruh bolalar xorijda davolanib qaytdi

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Birinchi Prezidentimizning 2014-yil 1-avgustdagi “2014-2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida bolalarni mamlakatimiz klinikalarida va tibbiyot markazlarida hamda chet elda sog‘lomlashtirish, shu jumladan, tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan bolalarni tezkor davolash borasidagi ishlarda fondning alohida o‘rni bor.

Fond tomonidan Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti, Koreya Respublikasining Pundan Cha va Inha universitetlari gospitallarida tug‘ma yurak nuqsoni, terining kuyish asoratlari, tug‘ma qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari va boshqa tashxislar bilan og‘rigan bolalar bepul sog‘lomlashtirilmoqda. 2015-yil Hindistonning “Artemis Medicare Services Limited” gospitali hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida o‘zaro uch tomonlama hamkorlik bitimi imzolangan. Ushbu hamkorlik doirasida yurtimizdagi tug‘ma yurak nuqsonli bolalar Janubiy Koreya va Hindistonda jarrohlik amaliyoti orqali sog‘lomlashtirilmoqda. Jumladan, o‘tgan yillar davomida 26 nafar yurak tug‘ma nuqsonli bemor bola «Artemis Medicare Services Limited» gospitalida shifo topdi.

Joriy yilning 25-yanvar kuni yana bir guruh yurak nuqsoni bilan og‘rigan bolalar «Artemis Medicare Services Limited» gospitaliga davolanish uchun yuborilgandi. Jarrohlik amaliyotidan so‘ng ularning salomatligi tiklanib, yurtimizga qaytib keldi.

Andijonlik Oydinoy Qobiljonova ulardan biri. Qizaloq avvaliga yurtimizda bosqichma-bosqich davolandi. Jarrohlik amaliyotidan so‘ng uning salomatligi tiklandi.

– Farzandim sog‘ayib, oyoqqa turib ketishi uchun davlatimiz tomonidan katta yordam ko‘rsatildi, – deydi Oydinoyning onasi Shohida Oripova. – Qizim Hindistonning nufuzli klinikasida bepul davolanib bag‘rimizga sog‘-omon qaytganidan boshimiz ko‘kka yetdi. Farzandim salomatligini tiklashga yordam bergan shifokorlardan, har bir bolaga mehr va e’tibor bilan qaraydigan davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
581






Все о погоде - Pogoda.uz