O‘zA O`zbek

22.05.2020 Chop etish versiyasi

Bolalar milliy tibbiyot markazi – bebaho boyligimiz

Bolalar milliy tibbiyot markazi – bebaho boyligimiz


Poytaxtimizning Yashnobod tumanida Markaziy Osiyoda yagona shifo maskani – Bolalar milliy tibbiyot markazi foydalanishga topshirildi. Yuqori texnologiyalar asosida xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan markaz koʻplab noyob jarrohlik amaliyotlarini bajarish imkoniyatiga ega.

Albatta, bunday amaliyotlarga yuqori malakali mutaxassislar zarur. Markazda ana shunday malakali shifokorlar mavjud. Ular oʻz yoʻnalishlari boʻyicha xorijda malaka oshirib qaytgan.

Akrom HIKMATOV, nuklear tibbiyot shifokori:

– Toshkent davlat pediatriya tibbiyot institutini tamomlab, 3 yil magistratura yoʻnalishida tahsil oldim. Markaz ochilishi arafasida Janubiy Koreyada malaka oshirib, bilimlarimni yana-da mustahkamlab qaytdim.

Bugungi tibbiyotning asosiy yutuqlaridan biri bu – nuklear tibbiyot. Yaʼni, yadro fizikasining yutuqlarini tibbiyotga tatbiq etish natijasidir. Nuklear tibbiyot organizmda hali hujayra darajasida boʻlayotgan patologik va biologik oʻzgarishlarni aniqlash imkonini beradi.

Boʻlimimizda ikkita zamonaviy davolash apparati bor. PET-KT (Pozitron-emission kompyuter tomografiya) – saraton tashxisini qoʻyish uchun samarali va zamonaviy usuldir. Ushbu apparat kasallikni erta aniqlashga imkon yaratadi. Saraton hujayralarini aniqlash uchun turli radiofarmatsevtika qoʻllaniladi.

Inson organizmiga radioaktiv modda FDG (18F-ftordezoksiglyukoza) yuborilib, hujayrada patologik boʻlinish boshlangan boʻlsa har bir joyida toʻplanadi va toʻplanish darajasiga qarab jarayon aniqlanadi. Yaʼni, hujayra boʻlinishidagi buzilishni oʻsma kasalliklarining ilk belgilarida aniqlash imkonini beradi. Bolalarda onkologik jarayonlarning erta diagnostikasi tibbiyotning dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi. Shu sababli mazkur davolash vositasi yosh organizmning kasalliklardan erta va toʻliq xalos boʻlishi uchun zamin yaratadi.

Boshqa koʻrish vositalari – ultratovush (UZI), rentgen, kompyuter tomografiyasi, MRT yordamida aniqlanmaydigan oʻsimta oʻchoqlarini PET-KTda tashxislash mumkin. PET-KTning boshqa diagnostika turlaridan ustunligi shundaki, u mutlaqo xavfsiz, ogʻriqsiz davolash imkonini beradi. Preparatning oʻrtacha dozasi 6-8 millikuriyni tashkil qiladi, bu 10 daqiqada quyoshda toblanish olish bilan tengdir.

Undan tashqari klinikada “GE Discovery NM 630” gamma kamera apparati ham oʻrnatilgan. Bu apparat ham yadro nuklear tibbiyot yutuqlaridan biri boʻlib, nafaqat onkologik jarayonlarni, balki yurak, buyrak, jigar va organizmdagi boshqa aʼzolarning ishlashini va funksional holatini aniqlash imkonini beradi. Yaʼni, organizmga yuborilgan radioaktiv moddaning maʼlum bir organdan ajralib chiqishiga asoslangan. Bu hozirgi kundagi transplantologiyaning rivojlanishida nafaqat asosiy omillardan biri, balki uning asoslovchi tekshiruv usuli hisoblanadi.

Umuman olganda boʻlimimiz hozirgi kundagi eng asosiy va zamonaviy tibbiy uskunalar bilan toʻliq jihozlangan. Bu tibbiy uskunalarimiz nafaqat Oʻzbekistonda, Markaziy Osiyo davlatlarida yagona, desak xato boʻlmaydi.

Diyora HUSANBOYEVA, radiolog vrach:

– Biz har bir bolaga gʻamxoʻrlik qilib, alohida eʼtibor berishimiz kerak. Radiologiya boʻlimida bolalar uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgan. Kichik dozali tekshiruvlar va nurlanishlardan olinadigan taʼsirni minimallashtirish maqsadida boʻlimda maxsus asbob-uskunalar mavjud.

Tashxislarning koʻpchiligi klinikamiz radiologiya boʻlimida olib boriladigan tekshiruvlar nurlanish usullari natijalariga tayanadi. Bu boʻlimda minimal nurlanishli yoki nurlanishsiz yuqori sifatli tasvir olish imkonini beruvchi eng zamonaviy asbob-uskunalar oʻrnatilgan.

3 Tesla quvvatli MRT apparatining aniqligi hozirgi vaqtda eng yuqori sanaladi. Apparatning afzalliklaridan biri uning yuqori tezligi, tekshiruv vaqtini 2 barobarga qisqartira olishimizda. Ikkinchidan apparatda shovqinni toʻsuvchi moslama mavjud. Bu apparatda 3D rekonstruksiya funksiyasi hamda kontrast tekshiruv usullarini oʻtkazish imkoniyati bor.

KT apparati – imkoniyati 256 satxli boʻlib, uning yordamida organizmdagi eng mayda oʻzgarishlarni aniqlash mumkin. Yangi texnologiyalik “smart dose” funksiyasi oʻrnatilgan boʻlib, bu funksiya yordamida biz nurlanish miqdorini maksimal darajada pasaytira olamiz. Apparatning yana bir imkoniyati 3D tasvirni amalga oshirishdir.

Shuningdek, rentgenografiya, rentgenoskopiya va 2 ta mobil rentgen apparati bor. Turli sharoitlarda rentgen tashxislashning zarur usullarini qoʻllash mumkin boʻladi. Yuqori aniqlikdagi bir necha UZI apparatlari ham oʻrnatilgan.

Xorij amaliyotiga koʻra, radiologlar tibbiyot boʻyicha umumiy bilimlardan tashqari yana biror tor yoʻnalishni egallashi, masalan, neyroradiologiya, yurak radiologiyasi, abdominal radiologiya kabi mutaxassislikni egallashi lozim. Bu radiologga oʻz sohasini yana-da chuqurroq egallashi, natijada yuqori malakali mutaxassis boʻlib yetishish imkonini beradi.

Biz har bir bemorga professional yondashamiz. Barcha harakatlarimiz klinik jihatdan samaraliligi isbotlangan xalqaro standartlar asosida olib boriladi. Koreya Respublikasi Pusan milliy universiteti Yang Sang klinikasida malaka oshirishda olgan bilimlarimiz, xalqaro tajribani amaliyotda qoʻllash vaqti keldi. Buning uchun Prezidentimizga, hukumatimizga hamda Koreya Respublikasi mutasaddilariga oʻz minnatdorligimizni bildiramiz.


966
Nurillo NASRIYEV, OʻzA