O‘zA O`zbek

20.09.2018 Chop etish versiyasi

BOLALAR FUTBOLI: Namangan – Respublika turniri gʻolibi

BOLALAR FUTBOLI: Namangan – Respublika turniri gʻolibi

Respublika musobaqasining barcha sovrinlari vodiyliklarga nasib etdi – eng kattasi Namanganga tegishli boʻldi.

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining sunʼiy maydonida beshta yosh guruhlari oʻrtasida Respublika turnirining dastlabki bosqichi nihoyasiga yetdi. 
2001-2005 yillarda tugʻilgan futbolchilar oʻrtasida tashkil qilingan oʻziga hos musobaqaning birinchi bosqichida 2001 yilda tugʻilgan yoshlar ishtirok etishdi. Surxondaryo viloyati vakillarini sababsiz musobaqada qatnashmaganligini inobatga olmaganda, barcha hududlardan jamoalar yetib kelishdi. Eʼtiborli jihati, turnirning yarim finalidagi toʻrt jamoadan uchtasini vodiyliklar tashkil etishdi. Finalda ham vodiyning ikki vakili – Andijon va Namangan jamoalari oʻzaro kuch sinashishdi.

Bugun, sanoqli daqiqalar oldin OʻFA sunʼiy maydonida final uchrashuvi yakuniga yetdi. Barcha oʻyinlarni koʻtarinki ruhda oʻtkazgan namanganliklar hal qiluvchi bahsda ham boriniberib harakat qilishdi. Hisob aynan namanganliklar foydasiga 2:1 koʻrinish hosil qilayotgan pallada qoʻpol harakati uchun bosh hakam namanganliklar darvozasiga renalti belgiladi. Agar andijonliklar bunday imkoniyatdan foydalanishganida oʻyin penaltilar seriyasigacha borish ehtimoli katta boʻlardi. “Lotoreya” oʻyinida esa omad kimga kulib boqsa “uloq” oʻshaniki boʻlardi. Biroq Andijon jamoasi bunday imkoniyatdan foydalana olmadi, aksincha, namanganliklar uchrashuvning soʻnggi daqiqalarida yana bir toʻp kiritishib, hisobni oʻzlari foydasiga mustahkamlashdi.

Musobaqaning gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi ham koʻngildagidek tashkillashtirildi. Avvaliga turnirning turli nominatsiyalari boʻyicha eng yaxshilari maxsus esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Turnir tartib-qoidasiga koʻra yarim finalda magʻlub boʻlgan jamoalarga bronza medallari taqdim etilishi lozim edi. Bunday sovringa Fargʻona va Xorazm jamolari loyiq topildi. Andijon jamoasi kumush, Namangan esa oltin medal bilan taqdirlandi. Shuningdek, gʻolib va sovrindorlar maxsus diplom hamda Kuboklar bilan ham mukofotlandi.

Musobaqa davom etadi. Navbatdagi bosqich oʻyinlari 2002 yilda tugʻilgan bolalar oʻrtasida 25-30 sentyabr kunlariga belgilangan. Undan keyingilar - 2003 yilda tugʻilgan bolalar oʻrtasida 20-25 oktyabr, 2004 yilda tugʻilgan bolalar oʻrtasida 8-13 oktyabr, 2005 yilda tugʻilgan bolalar oʻrtasida esa 5-10 noyabr kunlariga rejalashtirilgan.

1 972
O'zA