O‘zA O`zbek

11.09.2019 Chop etish versiyasi

Bolalar bogʻchaga necha yoshdan berilishi kerak?

Bolalar bogʻchaga necha yoshdan berilishi kerak?

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi aholi oʻrtasida “Bogʻchaga bolalar necha yoshdan berilishi kerak?” nomli soʻrovnoma oʻtkazdi. Unda 5 ming 945 respondent ishtirok etdi. Ularning 59 foizi bolani ikki yoshdan maktabgacha taʼlim muassasasiga berishni taklif qilgan.

Bu haqda partiya Saylovoldi dasturining ijtimoiy sohani rivojlantirish yoʻnalishida belgilangan ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan davra suhbatida maʼlum qilindi.

Joriy yilda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – parlament quyi palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar boʻlib oʻtadi. Saylovlarda munosib qatnashish esa barcha partiyalardan alohida tayyorgarlik va masʼuliyat talab qiladi.

Taʼkidlanishicha, partiyaning tegishli vazirlik va idoralar bilan yaqin hamkorlik qilishi zamirida ham ayni shu maqsadlar mujassam. Partiya Saylovoldi dasturining ijtimoiy sohani rivojlantirish yoʻnalishida oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, tomorqa xoʻjaligi va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash va fuqarolarning oilaviy byudjetini oʻstirishga eng samarali shakllaridan biri sifatida eʼtibor qaratilgan.

Bundan tashqari, partiyaning eng asosiy vazifasi – mamlakat sogʻliqni saqlash tizimini dunyodagi ilgʻor davlatlar qatoriga olib chiqish, innovatsion va inson kapitalini koʻpaytirish, “Aqlli tibbiyot” konsepsiyasini joriy etish, xususiy tibbiyotni rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish orqali aholining umr koʻrish davomiyligi uzayishini taʼminlashdan iborat. Qolaversa, Oʻzbekistonni sogʻliqni saqlash tizimida dunyoning yuqori samaradorlikka erishgan eng ilgʻor 30 mamlakati qatoriga kiritish ham eng muhim vazifalardan biridir.

Yer yuzidagi har qaysi jamiyatning madaniy darajasi uning ayollarga nisbatan munosabati bilan belgilanadi. Xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, jamiyatdagi oʻrni va maqomini mustahkamlashga koʻmaklashish keyingi besh yilda ham partiyaning oʻta muhim vazifalaridan biri boʻlib qolaveradi. Partiya bu borada faol tadbirkor xotin-qizlar va fermerlarni ragʻbatlantirish, ularning faoliyati, ilgʻor ish tajribasini ommalashtirishga yoʻnaltirilgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi.

– Elektoratimizdan bolani ikki yoshdan davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga joylashtirish boʻyicha takliflar kelib tushdi, – deydi OʻzLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Mavludaxon Xoʻjayeva. – Ayollar orasida ikki yoshli bolali tadbirkorlar, shifokorlar, oʻqituvchilar va siyosat vakillari bor. Ular oʻz ish faoliyatini davom ettirishni istaydi. Biroq, davlat MTMlari bu yoshdan bolalarni qabul qilmaydi. Kimdir ikki yoshli bolasini enagalarga, xususiy MTMlarga berar, ammo bunga hammaning ham qurbi yetmaydi. Biz aholi oʻrtasida oʻtkazgan soʻrovimizda koʻpchilik bolani ikki yoshdan MTMga berishni taklif qildi. Ularning taklifini inobatga olishimiz kerak. Hudud ehtiyojidan kelib chiqib, davlat MTMlari ham bolalarni ikki yoshdan qabul qilishi zarur. Bunga huquqiy asosni yaratish uchun ushbu taklifni dasturimizga kiritdik.

M.Xoʻjayevaning aytishicha, partiya “Bolalari sogʻlom boʻlgan yurtning kelajagi buyuk” tamoyili hayotga joriy qilinishi tarafdori. Shundan kelib chiqib, yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi va nazorati boʻyicha uzoq muddatli davlat strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, jamiyatda sogʻlom turmush tarzi va sogʻlom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish borasidagi ishlarni kuchaytirish taklif etilmoqda.

Partiyaning maqsadli vazifalari sirasiga ehtiyojmand aholi qatlamini ijtimoiy himoyalash choralari bilan toʻliq qamrab olishga erishish, ular uchun bazaviy resurslardan, yangi texnologiyalar va moliyaviy xizmatlardan, shu jumladan, mikromoliyalashdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish kabi vazifalar ham kiradi.

Tadbirda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlarning mazmun-mohiyati ham atroflicha tushuntirib oʻtildi. Mazkur qonunlarni eng chekka hududlarda ham targʻib qilish borasida aniq vazifalar belgilab olindi.

1 373
Xurshid QODIROV, OʻzA