Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.01.2017 16:20 Chop etish versiyasi

Qishki ta’til kunlari bolalar uchun qiziqarli tomoshalar taqdim etilmoqda

Farg‘ona viloyatida o‘quvchilar qishki ta’til kunlarini maroqli o‘tkazishi uchun turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, qiziqarli tomosha va uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

– Sport va madaniyat maskanlari, “Barkamol avlod” markazlari bugun har qachongidan ham gavjum, – deydi Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari N.Ahmedov. – Hamkor tashkilotlar bilan qishki ta’tilni mazmunli o‘tkazish maqsadida aniq tadbirlar belgilab olingan. Ayniqsa, o‘quvchilarning teatrlarga borishi, turli sahna asarlarini tomosha qilishi uchun barcha sharoit yaratildi.

Viloyat musiqali drama va komediya teatri, Rus drama teatri, Qo‘qon shahar musiqali va drama teatri ijodiy jamoalari bolalar uchun Yangi yil tomoshalari taqdim etmoqda. Bolalar Qorbobo, Qorqiz va boshqa ertak qahramonlari sarguzashtlarini miriqib tomosha qilmoqda.

Viloyat qo‘g‘irchoq teatri jamoasi kichkintoylarni yangi yil mo‘jizalariga boy yangi tomoshalar bilan xushnud etayotir. Bayramda ular “Sariq archaning sarguzashtlari” deb nomlangan yangi spektaklni namoyish etmoqda. Insoniy ezgu fazilatlarni ulug‘lovchi spektaklda do‘stlik bosh g‘oya sifatida tarannum etilgan. Bu tomoshalar bolajonlarga unutilmas taassurotlar baxsh etayotir.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
1 709






Все о погоде - Pogoda.uz