Bolajonlarning begʻubor olamiga gʻubor qoʻnmasin
BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi shu maqsadda qabul qilingan. UNICEF – (United Nations Childrenʼs Fund), yaʼni BMTning Bolalar jamgʻarmasi dunyo boʻylab bolalar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan faoliyat olib boradi.
1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
Bolalar oʻziga xos begʻubor olam. Ammo bu shunday olamki, u doim himoyaga muhtoj.
BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi shu maqsadda qabul qilingan. UNICEF – (United Nations Childrenʼs Fund), yaʼni BMTning Bolalar jamgʻarmasi dunyo boʻylab bolalar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan faoliyat olib boradi.
Oʻzbekiston ham bu jarayonda faol ishtirok etib kelmoqda. Keyingi paytda bu borada salmoqli amaliy ishlar qilindi.
Aynan himoyaga muhtoj, yaʼni ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarga oʻzlari yashab turgan turar joylarni oʻn sakkiz yoshga toʻlgunga qadar bronlashtirish huquqi berildi.
Bolalarning roʻyxatda turish joyi va fuqaroligidan qatʼi nazar, ularga barcha ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilmoqda.
Bolalarning davlat organlariga bevosita qilgan murojaatlarini toʻliq koʻrib chiqish kafolatlandi. Bola toʻliq muomala layoqatiga ega emasligi vajlari bilan bu turdagi murojaatlarni koʻrmasdan qoldirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bolalarni himoya qilish maqsadida sudlarga ariza bilan murojaat qilgan daʼvogar davlat boji va boshqa toʻlovlarni toʻlashdan ozod qilindi.
Oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda, shuningdek, har qanday sud muhokamasi yoki maʼmuriy muhokama davrida bola oʻz fikrini ifoda qilishga haqli ekanligi qonunchilikdan joy oldi.
Bolalarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga barham berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari — Bola huquqlari boʻyicha vakil lavozimi joriy etildi.
Mazkur institut joriy yil mart oyi boshida faoliyatini boshladi.
– Ishga kirishishim bilan uy-joyidan mahrum boʻlgan bir necha bolalar uyida ulgʻaygan shaxslar murojaat qilishdi, – deydi Bola huquqlari boʻyicha vakil Aliya Yunusova. – Chirchiqlik boʻlgan bu yosh oilalar tushunmovchilik sabab shu vaziyatga tushgan ekan. Koʻrilgan taʼsir choralari tufayli muammo hal boʻldi. Zangiota tumanida kar va soqovlardan iborat oila esa voyaga yetmagan bolalari bilan uyidan ajralgan. Ushbu masalada sud ularning ishtirokida boʻlsa ham surdo tarjimonsiz koʻrib chiqilgani uchun ushbu masalada prokuror protesti kiritilishiga erishdik. Karantin boshlanib qolgani tufayli keng faoliyat olib bora olmayapmiz. Biroq bizga tushayotgan murojaatlarni imkon qadar koʻrib chiqishga harakat qilyapmiz. Sardobadagi halokat tufayli koʻplab bolalar ham jabr koʻrganidan xabaringiz bor. Ikki marta borib ulardan xabar olib, muammolarini oʻrgandik. Hozir ham bu masala eʼtibor markazimizda turibdi.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 29-maydagi “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan Bola huquqlari boʻyicha vakilning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari aniq belgilab berildi.
Endilikda bolalar bilan bogʻliq barcha masalalar vakil ishtirokida amalga oshiriladi. Xususan, BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini bajarish strategiyasini va bola huquqlari masalalari boʻyicha boshqa hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil aholi oʻrtasida bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari masalalari boʻyicha huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirishga koʻmaklashadi.
Vakil bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi bilan bogʻliq murojaatlarini koʻrib chiqish orqali bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining ijrosini oʻrganish kabi ishlarni amalga oshiradi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil oʻz vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga tobe boʻlmagan tarzda bajaradi.
Qisqa qilib aytganda, qarorda vakil tomonidan amalga oshiriladigan ishlar batafsil keltirilgan. Muhimi, qoʻyilayotgan vazifalarning amalda bajarilishi.
Zero, mazkur hujjat bolalarni, ayniqsa, ota-ona qaramigʻisiz qolgan voyaga yetmagan shaxslarni har tomonlama himoya qilish boʻyicha vakilga nafaqat vakolat, balki katta masʼuliyat ham yukladi. Buning amalda taʼminlanishi hayotga umid koʻzlari bilan boqayotgan yosh avlodning himoyada boʻlishi, qoqilmasligi kafolati boʻlib xizmat qiladi.
Bu jarayonda esa keng jamoatchilikning faol ishtirok etishi maqsadga muvofiq. Shunday qilishimiz kerakki, toki bolajonlarning begʻubor olamiga hech bir gʻubor qoʻnmasin!