O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Bola quvonchidan ortiq baxt yoʻq

Bola quvonchidan ortiq baxt yoʻq

Har yili 15 fevral – Xalqaro saratonga chalingan bolalar kuni sifatida nishonlanadi.

Bu sana birinchi marta 2001 yilda Butunjahon saratonga chalingan bolalar ota-onalari birlashmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan. Bugungi kunda saratonga chalingan bolalar kuni koʻplab davlatlarda Xalqaro bolalar saratoni onkologlar jamiyati homiyligida oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, “Moʻjizalar davri” koʻngilli yoshlar jamoasi va bir nechta homiy tashkilotlar tomonidan Xalqaro saratonga chalingan bolalar kunini keng nishonlash maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida estrada xonandalari hamda sportchilar ishtirokida tadbirlar oʻtkazildi.

Mutaxassislar fikricha, onkologiya kasalligi birinchi yoki ikkinchi darajada aniqlansa, uni davolashning imkoni bor. Biroq saratonning oʻndan bir qismi uchinchi darajada namoyon boʻladi. Bemor bolalarning 8 foizida kasallikning toʻrtinchi darajasidagina tashxis maʼlum boʻladi. 

Onkologiyaning murakkabligi shundaki, bu kasallikning turlari 200 ga yaqin va inson tanasining istalgan qismida boshlanishi mumkin. Yosh bolalarda asosan oqqon kasalligi uchraydi. Tibbiyot rivojlangan mamlakatlarda hozirgi kunda saratonga chalingan bolalarning har toʻrttadan uchtasi tuzalmoqda.

Shularni nazarda tutib Xalqaro saratonga chalingan bolalar kuni faollari har bir imkoniyati bor va koʻngli ochiq insonlarni qoʻldan kelgan yordamni ayamasdan qon topshirish, xayriya fondiga yordam berish, maʼrifatparvarlik ishlarini olib borishga chaqiradi.

– Davlatimizda birinchi navbatda onkologik kasalliklarni barvaqt aniqlash, onkologik muassasalarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va malakali kadrlarni tayyorlashga alohida eʼtibor berilmoqda, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Odiljon Ahmedov. – Ona va bola skriningi amalga oshirilayotgani sababli onkologik kasalliklarni barvaqt aniqlashga erishyapmiz. Hatto ona qornidagi homilada ham saraton aniqlanmoqda. Shu sababli barcha bolalar diagnostika va davolash muassasalarida chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilmoqda. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 30 ta ximiya-terapiya va yana shuncha jarrohlik boʻlimi bor. Bu yerda 60 nafar bola davolanishiga qulaylik yaratilgan. Bugungi kunda markazning viloyatlarda 15 ta filiali mavjud.

Markazda oʻtkazilgan tadbirlar davomida sevimli sanʼatkori va sportchilarni koʻrgan bolalar yuzida quvonch balqidi. Tanasidagi dardni unutib, ular bilan suhbatlashdi, suratga tushdi.

– Oʻgʻlim Bilolbek hozir toʻqqiz yoshda, – deydi Xorazm viloyatidan kelgan Shohista Xudoyberganova. – U oʻtgan yili doʻstlari bilan oʻynab yurganida yiqilib, oʻng yelkasi qattiq lat yegan edi. Shifokorlar uning yelkasida yalligʻlanish yuz berayotganini va xavfsiz oʻsma borligini aniqlab, 2018 yilning mart oyida operatsiya qilishdi. Bugun uni tekshiruvdan oʻtkazgani olib kelgandim. Markazga bir nechta tashkilot vakillari kelib, oʻgʻlimning koʻnglini koʻtarishdi, sovgʻalar berishdi. Bola quvonchidan ortiq baxt yoʻq. Bu mehr va eʼtibordan juda xursandmiz.

787
Xurshid Qodirov, OʻzA