O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Bola qalbi pok bir gavhardir

Bola qalbi pok bir gavhardir

Unga qanday naqsh solinsa, qanday shakl berilsa, aynan shuning yaqqol ifodasini ko‘rish mumkin

Ulug‘ alloma Abu Homid G‘azzoliy bola tarbiyasi eng muhim ishlardandir. Farzand ota-onaga omonat. Bola qalbi pok, nozik, sodda va har qanday naqsh va suratdan xoli gavhardir. Unga qanday naqsh solinsa, qanday shakl berilsa, aynan shuning yaqqol ifodasini ko‘rish mumkin, degan edi.

Asrlar osha bizgacha yetib kelgan bu hikmatli so‘zlar bugun ham o‘z ahamiyatini aslo yo‘qotmagan. Chindan ham farzand tarbiyasi doimo dolzarb va bunda e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilsa, oqibati yaxshilikka olib bormaydi.

Bu fikrlar Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 232-umumta’lim maktabida “Inson huquqi bola huquqidan boshlanadi” mavzusida o‘tkazilgan huquqiy-ma’rifiy tadbirda qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuratura hamda Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda bola tarbiyasida, ularning o‘z huquqini bilishida e’tibor qaratish zarur bo‘lgan jihatlar haqida so‘z bordi.

Oliy sud raisining o‘rinbosari X.Yodgorov xalqimiz azaldan farzand tarbiyasiga alohida e’tibor qaratib kelishini ta’kidladi. Bola dunyoga kelganidan boshlab to kamolga yetgunga qadar uning tarbiyasi, ta’minoti, kasb-hunar egallashi, umuman, yetuk inson bo‘lib kamol topishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solingan.

Milliy qonunchiligimizda bu insonparvar qadriyatlarimiz o‘zining teran ifodasini topgan. Xususan, Konstitutsiyamiz, Oila kodeksi, "Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi, "Vasiylik va homiylik to‘g‘risida"gi, "Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida"gi qonunlar va boshqa qonun hujjatlarida farzandlarimiz, ayniqsa, voyaga yetmagan bolalar manfaatlarining ishonchli himoyasi kafolatlangan.

Ularni amalda ta’minlash maqsadida bolalar haq-huquqlarini himoya qilish, voyaga yetmagan bolalarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rag‘batlantirish, ta’lim-tarbiya olishi uchun yetarli sharoitlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 9 yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida farzandlarimizga huquqiy ongni bolalikdan singdirishga oid choralar ko‘rilmoqda. Zero, qonunlarga hurmat ruhi bolalikdan qaror topishi zarur. Shunda yosh avlod ongiga huquq va burch tushunchalari chuqur singadi. Bu, o‘z navbatida, halollik va poklik, jamiyatda odob-axloq normalari mustahkam qaror topishiga zamin yaratadi.

Sudlarda jinoyat ishi ko‘rilishida jinoyat sodir etgan shaxslar tomonidan “Men qonunni bilmayman, o‘z harakatimning jinoyat ekanligini bilmabman, endi tushundim, boshqa takrorlanmaydi, pushaymonman” degan ibora ko‘p takrorlanadi. Ammo qonunni bilmaslik jinoiy javobgarlikdan ozod qilishga asos bo‘lmaydi, aksincha qonunni bilmaslik va unga rioya qilmaslik, buzish – javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Xalqimiz “So‘nggi pushaymon o‘zingga dushman” degan maqolni bekor aytmagan. Qilg‘ilikni qilib qo‘yib, pushaymon bo‘lgandan ko‘ra, o‘qib-o‘rgangan, amaldagi qonunlarga hurmat bilan qarab, tinch-osoyishta yashagan afzal.

Uchrashuvda bolalar, yoshlar huquqiga oid qonunlar haqida tushuncha berilishi bilan bir qatorda o‘quvchilarning savollariga ham javoblar qaytarildi. 

478
Muattar RO‘ZIBOEVA, O‘zA