O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

07.09.2018 18:39 Chop etish versiyasi

Bola aziz, odobi undan aziz

Bola aziz, odobi undan aziz Toshkentdagi “Poytaxt” biznes markazida BMT Bolalar jamgʻarmasining (YUNISЕF) mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan oʻtkazilgan davra suhbati taʼlim muassasalarida zoʻravonlikning oldini olish boʻyicha jamoatchilik muloqotini rivojlantirishda ommaviy axborot vositalarining oʻrni mavzusiga bagʻishlandi.

Taʼkidlandiki, yosh avlod tarbiyasi yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlarda davlat tashkilotlari bilan bir qatorda nodavlat notijorat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari va ommaviy axborot vositalarining hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Dunyoda oʻsmirlar tengdoshlarining tahqirlashi va zoʻravonligiga duchor boʻlayotgani haqida maʼlumot berildi. Albatta, bunday noxush holatlar oʻquvchilarning puxta bilim olishi va hayotda oʻz oʻrnini egallashiga salbiy taʼsir etadi.

– Oʻsmirlar zoʻravonligiga qarshi choralar koʻrish barcha mamlakatlarda dolzarb masalaga aylanmoqda, – dedi YUNISЕFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari S.Graumann. – Bu vaziyatga qarshi kurashish uchun hamkorlikni yanada mustahkamlash lozim. Tashkilotimiz hamkorlar yordamida maktablardagi zoʻravonlikka barham berish uchun oʻquvchilarni himoya qilishga doir qonun va tartib-qoidalarni ishlab chiqish, mahallalar va oilalar hamkorligini kuchaytirish kabi choralarni koʻrishni taklif etadi.

Ishtirokchilar mavzu doirasida taklif, munosabat va mulohazalarini bildirdi.

N.Ziyodullayeva, OʻzA