O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Boks boʻyicha jahon chempionlari ham partiya aʼzosiga aylandi

Boks boʻyicha jahon chempionlari ham partiya aʼzosiga aylandi

Bugun Olimpiya shon-shuhrati muzeyida Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamkorligida “Yurtimiz iftixorlari” mavzusida tadbir oʻtkazilib, jahon chempionlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda OʻzMTDP yetakchisi Alisher Qodirov soʻzga chiqib, partiya bu tadbirni oʻtkazishni hali jahon chempionati boshlanmasdan oldin rejalashtirganini maʼlum qildi.

— Chunki biz sportchilarimizning birinchi oʻrinni olib, xalqimiz boshini yanada baland koʻtarishiga ishongan edik va shunday ham boʻldi, — dedi partiya yetakchisi. — Har birimiz, ayniqsa, yoshlarimiz Vatanni sevishni, ardoqlashni bokschilarimizdan oʻrganishi lozim. Sababi, ularning bilagi yengilmas kuchga toʻlib-toshgan boʻlsa, yuragi oʻz xalqi, oʻz vataniga boʻlgan mehr, gʻurur, milliy iftixor tuygʻulari bilan toʻlgan. Shuning uchun ham ular doimo xalqaro musobaqalarda eng yuqori oʻrinni egallab, yurtimiz bayrogʻini koʻklarga koʻtarib qaytmoqda. Yana shuni mamnuniyat bilan taʼkidlashim lozimki, Oʻzbekiston boks federatsiyasi hamda jahon chempionati gʻoliblari bir ovozdan Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi safiga qoʻshilishga rozi boʻldi. Endi kuchlarimiz yanada birlashadi va biz har qanday toʻsiqlarni birgalikda yengib, gʻalaba sari yanada ildam qadam bosamiz.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev ham soʻzga chiqib, xalqimiz muhim siyosiy tadbir — saylov arafasida turganini, partiyaga aʼzo boʻlishda bejiz OʻzMTDP tanlamaganini taʼkidlab, bu partiyaga qabul qilganidan mamnuniyat izhor qildi.

— Chunki maqsadlarimiz mushtarak, — dedi vazir D.Nabiyev. — Xalqimiz, yoshlarimizni shu yurtga, shu mamlakatga boʻlgan mehrini oshirish, milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, tariximizni ulugʻlash, xalqimizni oʻtayotgan har bir kunidan rozi qilib, Oʻzbekistonni rivojlangan davlatlar qatoriga qoʻshish, nufuzini yanada oshirishdir. Ayniqsa, bunda sportning oʻrni beqiyos.

Tadbirda jahon chempionlari va boks federatsiyasi rahbarlari navbati bilan davraga taklif qilinib, aʼzolik guvohnomasi topshirildi. Zarbop toʻn kiydirilib, partiya koʻkrak nishoni taqildi. Esdalik sovgʻalari taqdim qilindi.

Uchrashuvda chempionlar ham soʻzga chiqib, OʻzMTDP safiga kirganidan xursandligini va ringda mamlakatimiz sharafini himoya qilgani kabi, endi Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi mavqeini yanada oshirish, partiya gʻoyalarini keng targʻib qilishdan charchamasligini taʼkidladi.

Tadbir yakunida OʻzMTDP vakillari va chempionlari “Birmiz! Qoʻlni-qoʻlga beramiz” deya estalik uchun rasmga tushdi.

653
OʻzA