O‘zA O`zbek

16.07.2019 16:29 Chop etish versiyasi

Bojxonaning birinchi rahbari: “Oʻzbekistondan oʻgʻirlab ketilgan boyliklarning sanogʻi yoʻq” (+video)

Bojxonaning birinchi rahbari: “Oʻzbekistondan oʻgʻirlab ketilgan boyliklarning sanogʻi yoʻq” (+video)


Davlat bojxona qoʻmitasining ilk raisi, isteʼfodagi general-mayor Oʻrayimjon Abdugʻaniyev bilan suhbat


- Oʻrayimjon aka! Siz mustaqil Oʻzbekistonning bojxona tizimiga asos solgan odamlardan biri, Davlat bojxona qoʻmitasining ilk rahbarisiz. Mustaqillikning dastlabki yillaridagi jarayonlar oson kechmagani aniq. Bugun oʻsha yillar xotiralarini yodga olganingizda nimalar esga keladi?

- Mustaqillik eʼlon qilinganiga endigina 26 kun boʻlgan edi. Oʻsha kezlarda bizda bor-yoʻgʻi ikkita, yaʼni Termizdagi va Toshkent aeroportidagi bojxona posti ishlardi. 1991-yil 26-sentyabrda Vazirlar Mahkamasining qarori chiqdi. Unga asosan Ichki ishlar vazirligi tizimida – tovar-moddiy boyliklar olib chiqib ketilishi ustidan nazorat qilish Davlat inspeksiyasi tuzildi. Boshqarma maqomidagi u inspeksiyaning boshligʻi etib men tayinlandim. Inspeksiyaga 107 ta shtat berildi. Mana – Oʻzbekiston Respublikasining xaritasi. Uning hududi: gʻarbdan sharqqacha – 1425 km, shimoldan janubgacha esa – 930 km. Hududining umumiy maydoni 440,4 ming kvadrat kilometr. Menga Ichki ishlar vazirligidan bitta xona ajratishgan. Kelib oʻtirganim hamono qoʻlimga Oʻzbekistonning xaritasini oldim. Ochigʻi, unga qarab oʻtiribman-u, koʻnglimda qoʻrquv. Boisi – ana shu ulkan hududning hamma yogʻidan olib chiqilayotgan tovarlarni nazorat qilish oson emas. Xoʻsh, nima qilish kerak? Qarorda “asossiz va noqonuniy olib chiqilishini nazorat qilish kerak”, deyilgan, xolos. Boshqa konkret bir koʻrsatma yoʻq. 106 ta shtat – vakant, faqat boshliq oʻrnida oʻzimman....

U paytda Oʻzbekistonda chegara qoʻshinlari yoʻq edi. Vaholanki, mamlakat hududining uchdan bir qismi – choʻl, xiyobon va togʻli joylar, ularniyam bekitish kerak, mamlakatning besh tomonida beshta mustaqil davlat turgan boʻlsa... Xullas, oʻsha kezlarda Respublika boʻylab 100 dan ortiq postlar tashkil qildik. Undan tashqari har bir viloyatda 2-3 tadan, avtomashinada harakatlanadigan koʻchma postlar ochganmiz. Chunki statsionar postlar hamma narsani hal qilolmasdi. Koʻchma postlar aylanib yurib, chegaralarni nazorat qilib turgan. Natija, menimcha yomon boʻlmadi. Toʻgʻri, hamma masala hal boʻldi, deb aytolmayman. Lekin Oʻzbekiston mustaqilligi mustahkamlandi, deyishim mumkin.

1991-yil 25-oktyabrda esa alohida bojxona qoʻmitasi tashkil qilingan. Uning vakillari asosan shahar markazlarida joylashib, tashqi iqtisodiy masalalar, eksport-import operatsiyalari bilan shugʻullanishdi. Lekin 99 foiz hududda bunaqa operatsiyalar amalga oshgani yoʻq, ularning nazorati bilan esa – davlat inspksiyasi shugʻullanar edi.

- Bojxona masalasida ham qoʻsh hokimiyatchilik boʻlgan ekan-da?..

- Davlat inspeksiyasining tashqi iqtisodiy aloqalar, eksport-import bilan shugʻullanish vakolati boʻlmagan. Faqat tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy oʻtishini nazorat qilgan. Agar tovar qonuniy olib chiqilsa, xuddi bojxona xodimlaridek – deklaratsiya qilishga haqqi boʻlgan. Lekin baribir 1992-yil 10-avgustga borib, inspeksiya va bojxona qoʻmitasi negizida – davlat bojxona qoʻmitasi tashkil etildi. 12-avgust kuni esa Birinchi Prezident farmoni bilan men uning raisi boʻldim. Shundan keyin biz mavjud 39 ta aeroport, 140 magistral yoʻllar va boshqa joylarda 150 dan ortiq bojxona punktlari ochdik. Chegaralar bekitilishi toʻliq taʼminlandi.

- Siz – matbuotga begona odam emassiz. Yaxshi eslayman, televideniye orqali namoyish etilgan “Shahar bedarvoza emas” degan koʻrsatuvga oʻzingiz, bojxona qoʻmitasi raisi oʻlaroq, boshlovchilik ham qilgansiz. Oʻsha yillar ziddiyatlari, qarama-qarshiliklari ham esingizda bordir. Jamoatchilik nazaridan panada qolgan shov-shuvli, katta voqealar ham boʻlganmi? Misollar keltira olasizmi?

- Nafaqat misol... Toʻgʻrisi, men uchun savolingizga javob berish anchagina mushkul. Chunki bilasizmi, oʻsha shov-shuvga sabab boʻlgan holatlar – davlatning u yoki bu lavozimlarida ishlagan shaxslarning yaqin koʻmaklari vositasida sodir qilingan. Million-million dollar turadigan tovar-moddiy boyliklarni chetga chiqarib yuborish holatlari deysizmi, ularga homiylik qilishmi, shularning hammasida bizdagi ayrim rahbarlarning qoʻli bor edi. Oʻzlari bosh-qosh boʻlib turgan. Misollarni, raqamlarni keltirishim mumkin. Lekin ularning familiyasi, ismini aytgim yoʻq. Sabab – ularning koʻpi hozir ham umrguzaronlik qilmoqda. Bola-chaqalari, nevara-evaralari bor, zurriyotlari oldida ularni sharmanda qilgim yoʻq.

Lekin bitta narsani aytamanki, oʻsha yillari – u yoki bu davlat idorasiga kirib, “Shu ishni notoʻgʻri qildingiz, tovarni yoki paxtani notoʻgʻri ravishda chetga chiqarib yubordingiz, hukumat qarorini buzdingiz”, desangiz, koʻkragiga urib, uni “tosh” qilib tashlagan. Shuning uchun ham, falsafiy nuqtai nazardan gapirganda, ularning qalbiyam toshga aylanib ketgan boʻlsa kerak. Nazarimda, Oʻzbekiston davlatining boy yoki kambagʻal boʻlishi – ularni zigʻircha ham qiziqtirmagan. Aksincha, shaxsiy boylik qiziqtirgan, xolos. Aslida “Hamma gapingiz toʻgʻri”, deb turadi. Amalda oʻsha ishlarga ruxsat berib yuboraverardi. Bu yogʻda esa “vatanparvarlikdan” falsafa soʻqadi... Hozir yashab turgan dangʻillama uylarini ham – oʻsha yillari qurgan. Nima, davlat bergan oylik hisobidan qurganmi ularni?..

Menga yoqmagan bitta misolni keltiraman. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” negizida “Progress” degan Oʻzbekiston-AQSH qoʻshma korxonasi tuzilgan edi. Nizom jamgʻarmasi atigi 128 rubl edi. Lekin oʻsha korxona bir yarim-ikki yil ichida 44 tonnadan koʻproq dizel yoqilgʻisi hamda benzinni Oʻzbekistondan “reeksport” qilib, Vengriyaga, Afgʻonistonga sotib yuborgan. Oʻzi benzinni biz import qilib, chetdan olib kelamiz. Bu firmaga tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi litsenziyani – uglevodorod xomashyosi olib kirib, qayta ishlash va Oʻzbekistonda sotish uchun bergan.

“UMI” degan yana bir qoʻshma korxona bor edi. Uyam tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida roʻyxatdan oʻtgan. Uning (Oʻzbekistondan eksport qilayotgan) kabellari tarkibida (tonnasiga) 5 grammgacha tilla, 80 grammga qadar kumush aniqlandi. Aslida kabel tarkibida bir gramm ham tilla boʻlmasligi, adashmasam, 25-30 gr kumush boʻlishi mumkin, xolos. Biz buni aniqlab, ekspertiza qilganimizda, oʻta koʻp miqdorda (noqonuniy) tilla va kumush chiqqan. Aynan mana shu korxona 8 ta kontrakt boʻyicha davlatga uch-uch yarim million dollar miqdorida zarar keltirgan. Bu haliyam bizning hisob-kitoblarimizga koʻra...

- Yaʼni mening tushunishim boʻyicha, ular chetga – mis kabel oʻrniga tilla va kumushni qorishtirib, oʻtkazib yuborishgan, shundaymi?

- Shunday. Tasavvur qiling-da, simni eritsangiz, baribir (tilla boʻladi). Ularga kabel emas, tilla va kumushlar kerak boʻlgan, xolos.

Oʻshanda bir-ikkita odamlarni himoya qilish yo boʻlmasam, chetga tovar olib oʻtishda “oʻrtakashlik” qilish, mansabdor shaxslar bilan “kelishish” uchun “koʻcha”da bir emas, bir necha “obroʻmanda”lar (yaʼni “avtoritetlar”) paydo boʻlgan. Maqsadi – bojxona xodimlariga taʼsir oʻtkazish, qoʻrqitish boʻlgan.

- Bu ishlarga “tepa”dan, yaʼni rahbariyatdan ham aralashishlar boʻlganmi?

- Bilasizmi, bu – alohida mavzu. Keyinchalik qaytarmiz...

- Nega endi, shuncha tillani Oʻzbekistondan olib chiqishayapti-yu, uni rahbariyatdan hech kim bilmasligi – aqlga sigʻmaydi-ku?..

- Menimcha, keyinchalik bilishgan. 1994-yildan keyin qandaydir choralar ham koʻrishgan. Bu – judayam uzun mavzu...

Mana, paxta boʻyicha ham misollar keltiraman: 771 million rubllik paxta ushlab qolinib, musodara qilingan. (Oʻzaro) til biriktirish boʻlgan-da – Oʻrta Osiyo temir yoʻli rahbarlari bilan, boshqasi bilan. Bizning bojxona xodimlari Oʻrtaovul temir yoʻl stansiyasida 1534 tonna paxtaning vagonda turgani haqidagi faktni aniqlashgan. Yuk koʻp turganidan shu ahvolgacha yetganki, oʻtlar oʻsib, hatto vagon ichiga ham kirib ketgan. Nimaga turib qolgan, degan savol tugʻiladi. Chunki paxtani chet elga opchiqib sotish rejasi amalga oshmay qolgan. Oʻsha yillari temir yoʻl bojxonasida juda insofli, vijdonli yigitlar ishlardi. Bu – “Liventul” degan birlashmaning nayranglari edi. Shu voqeadan soʻng qiziqib qolib, yana surishtiruv olib borsak, Sergeli stansiyasida ham 33 ta vagonda 1650 tonna paxta oylab ushlab turilgan. Unisi “VITA” degan qoʻshma korxonaniki ekan...

Bilasizmi, faqat oʻgʻrincha paxtalar emas, undan dahshatliroq voqealar ham bor edi. Deylik, barter (yaʼni mahsulot ayirboshlash – tahr.) operatsiyalari boʻyicha. 1992-yil holati boʻyicha oʻrganganimizda, Oʻzbekistondagi tashkilotlar 1 milliard 900 million rubl zarar koʻrgan. Yaʼni shuncha pullik mahsulot bizdan chiqarib yuborilgan, lekin oʻrniga hech narsa olib kirilmagan. Asosan juda katta pulimiz Rossiyada qolib ketgan. Paxtaning oʻrniga – aroq, sigaret kirib kelgan. Tasavvur qilayapsizmi, Oʻzbekistonning strategik xomashyosi oʻrniga bu. Rangli metallar olib chiqilgan...

- Qarshiliklar boʻlmaganmi? Siz oʻshanda qatʼiy choralar qoʻrmaganmisiz?

- “Qarshilik” degani – oddiy bir soʻz. Shunday qarshiliklar boʻlganki... U narsa menga kechasi-yu kunduzi boʻlardi. Hattoki bojxona xodimlari haloq boʻlgan holatlar ham bor.

Men “Hayot haqiqatlari” degan kitob yozib tugatayapman. Menga boʻlgan katta-katta qarshiliklar haqida, Siz aytgan masalalar toʻgʻrisida – oʻsha kitobda batafsil toʻxtalganman.

- Jilla qursa, bir uchini chiqarmaysizmi?

- Yoʻq, oldindan “nogʻora chalish”ni istamayman. Sababi – bu yerda men ishga qabul qilgan 2 mingdan ortiq bojxona xodimlarining taqdiri yotibdi. Eng yuqori lavozimlarda ishlagan ayrim rahbarlar ustida ham qattiq gaplar bor u kitobda. Oʻshanda Respublika miqyosida men egallagan mavqe, lavozim – ular egallagan lavozimdan pastroq boʻlgan. Ayrim masalalar boʻyicha u noisof, azaldan boylik neligini koʻrmagan “manqurt”larga kuchim yetmagan...

- Koʻnglingizga olmang-u, ishlagan yillaringizda sizni orqavarotdan “Uragan” deb atashardi. “Toʻfon”, “boʻron” maʼnolarini beradigan soʻz aslida u. Bu – tabiatingizdagi keskinlik, qatʼiyat namoyon boʻlganidanmi va yoxud ichki ishlar tizimida, konflikt koʻp boʻlgan joylarda ishlaganingiz bois majbur boʻlganmisiz “Uragan” atalishga?

- (Kuladi) Bu nomni oʻzimga oʻzim qoʻyganim yoʻq. Hozir ham viloyatlarning qaysi chegarasiga borsam, eski ishlagan odamlar kelib, ismim qolib, “Ana, “Uragan” kepti” deyishadi. Bunday qaraganda, shu nom menga yoqadi. Balki oʻta qattiqqoʻlligim, talabchanligim, davlat manfaati taqozo qilsa, yoʻlda uchragan har qanday noqonuniy, asossiz holatlarni oʻz paytida tozalaganim bois shu “nom”ga sazovor boʻlgandirman. 1991-93 yillarda 400 dan ortiq jinoiy ishlar qoʻzgʻatganmiz: juda koʻp odamlar jinoiy, 25-30 mingga yaqin shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. Ular baribir alamzada-ku...

- Samarqand viloyatida ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi boʻlib ham ishlagansiz. Siz – bojxona qoʻmitasi raisi, vazir darajasidagi odamni nega keyinchalik viloyat darajasidagi rahbar qilib yuborishgan?

- Chunki 1994-yil Davlat bojxona qoʻmitasini yoʻq qilishib, Davlat soliq qoʻmitasi tarkibiga – bojxona boshqarmasi sifatida qoʻshib yuborishdi. Oʻshanda Respublika rahbariyati meni chaqirib, Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi qilib tayinladi...

- U yerda eshitganim bor ediki, Siz oddiy kiyim-bosh bilan, xalq orasida oʻzingizni tanitmay yurgansiz. Ichki ishlar xodimlari esa, “qilgʻilikni qilib qoʻyib”, innaykeyin oʻz boshligʻi, yaʼni generalni tanib qolishgan ekan. Shu gaplar rostmi?

- Bu bor gap. Mamlakat Birinchi Prezidentining – oʻsha paytlardagi “Davlat avtomobil inspeksiyasi” deya atalgan boʻlinma (yaʼni GAI) hamda Siyob bozori boʻyicha oʻta qattiq topshirigʻi boʻlgan. Shu ikkita yoʻnalishda ishlash ogʻir kechgandi. Samarqand shahridagi GAI ishini haqiqatan oʻrganish uchun oʻzim rulda yurib, xodimlar bilan “muomala qilib”, oʻsha qilmishlariga amin boʻlib, keyin ularni tarbiyalash bilan shugʻullanganman. Siyob dehqon bozoridagi militsiya xodimlari bilan “tanishuv”da ham oddiy kiyimda, “kartoshka-piyoz sotuvchisi” rolida boʻlganman. Chunki holatni yaqindan bilish kerak edi. Asl haqiqatni ich-ichidan bilmasang, notoʻgʻri qaror qabul qilib qoʻyish hech gapmas. Bu esa – xalqning gʻazabiga sabab boʻlishi mumkin. “Men ichki ishlar boshqarmasi boshligʻiman”, deya hamma yerni agʻdar-toʻntar qilsam, keyin nima boʻlardi. Men nimaiki ish qilmayin, oldin uning ildizigacha yetib, shundan keyingina biror chora koʻrganman...

Suhbatdosh – Komiljon SHAMSIDDINOV,

Tasvirchilar – Yoqubjon MELIBOYEV, Nishonboy ABDUVOITOV,

OʻzA


7 104