O‘zA O`zbek

11.01.2019 19:39 Chop etish versiyasi

Bojxona xodimlari yashirin tamaki mahsulotlarini nega koʻrmadi?

Bojxona xodimlari yashirin tamaki mahsulotlarini nega koʻrmadi? Chegarachilarimiz tomonidan yashirin ravishda chegara orqali mamlakatimizga olib kirilmoqchi boʻlgan 1 milliard 143 million soʻmlik tamaki mahsulotlari aniqlanib, toʻxtatib qolindi. Achinarlisi, mazkur noqonuniy mahsulotlarni olib oʻtilishida ularga bojxona xodimlari ham yordam berishgan.

Bojxona haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish, qonun hujjatlari buzilishi, shu jumladan, kontrabandaning oldini olish, uni aniqlash va ularga chek qoʻyish bojxona xodimining asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Ammo, soha xodimlari oʻz burch va vazifasini unutsa-chi? Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi “Andarxon” chegara bojxona postining bojxona koʻrigi va rasmiylashtiruvi guruhi katta inspektori lavozimida ishlagan Nozim Karimov va Davron Olimovlar (ism-familiyalar oʻzgartirilgan) ana shunday xatoga yoʻl qoʻydi. Ular bojxona nazoratini chetlab, xizmat lavozimidan foydalangan holda tovarlarni juda koʻp miqdorda Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan oʻtkazishda ifodalangan jinoiy harakatlarini qasddan sodir qilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlari xodimlari tomonidan 2018 yil 2 may kuni soat 10:00larda “Andarxon” bojxona posti orqali Tojikiston Respublikasidan Oʻzbekiston Respublikasiga juda koʻp miqdordagi sigaret mahsulotlarini transport vositasi orqali noqonuniy olib oʻtilayotgan holati aniqlangan. Mazkur transport vositasida umumiy narxi 1 milliard 143 million soʻmlik boʻlgan 184 ming 500 quti “Business Royal” hamda “Milano” markali sigaretlar borligi aniqlanib, belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan. Bojxona xodimlari Nozim Karimov va Davron Olimovlar esa bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzgani holda, tanishiga “yuklar”ni oʻtkazishda yordam berishgan. Boshqa bir yuk uchun berilgan plombani berib, mashinasi yukxonasini shu bilan plombalashni aytib, noqonuniy mahsulotlarni oʻtkazib yubormoqchi boʻlishdi. Sergak chegarachilarimiz bu holatni fosh etishdi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona tumani sudida mazkur jinoyat ishi koʻrib chiqildi va sobiq bojxona xodimlariga nisbatan tegishli jazo tayinlandi.



Maʼsudjon Sulaymonov, OʻzA
1 069