Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.09.2017 18:50 Chop etish versiyasi

Bojxona xizmati vakillari bilan ochiq muloqot

Toshkent shahar bojxona boshqarmasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, soha vakillariga qulayliklar yaratish hamda ularning huquqlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, jumladan, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga har tomonlama qulaylik yaratishga qaratilayotgan e’tibor sohaning izchil rivojlanishiga keng yo‘l ochayotgani ta’kidlandi. Prezidentimizning 2017-yil 25-maydagi “Tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlarning eksport qilinishi va raqobatbardoshligini ta’minlashni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bunda muhim omil bo‘lmoqda.

Mamlakatimizda sog‘lom savdo muhitini shakllantirish, mavjud investitsion muhitni yanada yaxshilash maqsadida tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga qator qulayliklar yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan “Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestri” elektron shaklda yuritilmoqda va ushbu reyestr qo‘mita veb-saytining ochiq ma’lumotlar bo‘limiga muntazam joylashtirib borilmoqda. Bugunga kunga qadar mazkur reyestrga 93 tovar belgisi kiritildi. Bundan tashqari, joriy yilning 1-mayidan boshlab unifikatsiyalashtirilgan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi amaliyotga joriy qilindi. Mazkur tizim orqali tadbirkor moliyaviy xarajatlarni tejash, byurokratik omillardan xalos bo‘lish, hujjatlarni tayyorlash va taqdim etishga yanada kamroq vaqt sarflash, mantiqiy nazorat funksiyalari ko‘magida turli xato va kamchiliklardan xoli bo‘lish kabi qulayliklarga ega bo‘ladi. Shuningdek, “Yagona darcha” axborot tizimi tadbirkorlik subyektlariga ruxsatnoma hujjatlarining tartib-qoidalardan o‘tish jarayonini interaktiv kuzatish imkonini beradi.

Ochiq muloqotda soha mutaxassislari eksport-import masalalariga oid ma’lumotlarga to‘xtaldi. Joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi davomida Toshkent shahar bojxona boshqarmasining tashqi iqtisodiy faoliyat postlari tomonidan jami 491,2 million AQSh dollari qiymatidagi sanoat tovarlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilingan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,4 foizga oshgan. Joriy yil boshidan buyon Toshkent shahri bo‘yicha jami 839 tadbirkorlik subyekti tovarlar eksporti faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Ularning soni 2016-yilning shu davri holati bilan solishtirilganda 36,4 foizga ko‘paygan.

Tadbirda bojxona organlarida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga chek qo‘yish masalasi ham muhokama etildi. Mazkur illatga oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik prinsipini ta’minlash, har bir jinoiy harakat va harakatsizlik uchun jazoning muqarrarligi tushuntirildi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bojxona qo‘mitasining customs.uz saytiga kirib, o‘z faoliyati bo‘yicha huquqiy madaniyatini oshirishi va sohadagi yangiliklardan boxabar bo‘lib borishi, bojxona organi xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Ishonch telefoni” – 120-76-71 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishi mumkinligi aytildi.

Ishtirokchilar savollariga javob oldi.

Davron Sunnatov, O‘zA
1 257






Все о погоде - Pogoda.uz