O‘zA O`zbek

08.08.2019 Chop etish versiyasi

Bojxona tizimida korrupsiyaga yoʻl yoʻq!

Bojxona tizimida korrupsiyaga yoʻl yoʻq!
Korrupsiyasiz – taraqqiyot sari!

Korrupsiya insoniyatning maʼnaviy va moddiy taraqqiyotiga juda katta toʻsiq boʻlib kelmoqda. Bugungi kunda ham insoniyatni tashvishga solayotgan eng global muammolardan biri – korrupsiya balosi.

Bu illat butun dunyoda bor va muntazam ravishda unga qarshi jiddiy kurashiladi. Korrupsiya jamiyatning har bir sohasi rivojiga toʻsiq boʻlibgina qolmay, ildiz otib, mamlakatni muammolar botqogʻiga botiradi.

Ijtimoiy-tarixiy vaziyat, fuqarolarning huquqiy dunyoqarashi, davlat tuzilishi, iqtisodiy rivojlanish omillaridan kelib chiqib, har bir davlat korrupsiyaga qarshi oʻziga xos usullarda kurashmoqda. Bu borada eng samarali yoʻl hali topilgan emas. Chunki korrupsiya bir qarashda oddiy jinoyat boʻlib koʻringani bilan aslida uning kelib chiqishi va yashovchanlik sabablari juda chigal va murakkabdir.

Mamlakatimizda bu illatga qarshi kurashish, poraxoʻrlikning barcha koʻrinishiga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish boʻyicha tizimli ishlar qilinmoqda. Xususan, 6 bob va 34 moddadan iborat “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha keng qamrovli chora-tadbirlar va meʼyorlar belgilangan.

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 28-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi farmoniga muvofiq mamlakatimizda bu illatga qarshi kurashish, korrupsiyaga qarshi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha yangi tizimli choralar belgilab berildi.

Prezidentimizning 2018-yil 12-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi farmonida bojxona organlari tizimida korrupsiya koʻrinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish, xalqning ishonchini mustahkamlash va davlat bojxona xizmati xodimlarini ijtimoiy himoya qilish va moddiy ragʻbatlantirish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Shu sababli bojxona organlarida korrupsiya va tamagirlikka qarshi kurashish, turli salbiy illatlarning oldini olish masalasi hamisha ustuvor vazifalardan biri boʻlib kelmoqda.

Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida“gi qonunning 30-moddasiga muvofiq joriy yilning birinchi yarmida bojxona organlarida 3 yoʻnalishda (tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari, bojxona chegarasi orqali harakatlanayotgan fuqarolar hamda bojxona xodimlari oʻrtasida) jami 36 marotaba 1 ming 648 respondent ishtirokida anonim soʻrovnomalar oʻtkazildi.

Soʻrovnoma natijalari Davlat bojxona qoʻmitasi tarkibiy tuzilmalarining xizmat yigʻilishlarida tanqidiy muhokama qilinib, aniqlangan muammolar joyida bartaraf etib kelinmoqda. Chunonchi, xodimlar tomonidan jinoyat sodir etilishining oldini olish, muhitni sogʻlomlashtirish maqsadida bojxona organlarida rotatsiya qilish, axloq sudlarida masalasini koʻrib chiqish, profilaktik suhbatlar oʻtkazish kabi tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Shuningdek, 2019-yilning oʻtgan davrida 345 marotaba tarbiyaviy-profilaktik tadbirlar, xodimlar bilan yakka tartibda 398-marta, xodimlarning oila aʼzolari ishtirokida 27-marta, turli tadbirkorlik subyektlari ishtirokida 40 marotaba profilaktik suhbatlar oʻtkazildi.

Bundan tashqari, “Qasamyodga xiyonat“, “Nafs oʻpqonida“, “Korrupsiya – halokatga yoʻl“ va “Pora – yuzni qilur qora“ nomli hujjatli filmlar tayyorlanib, barcha shaxsiy tarkibga namoyish etildi.

Guruch kurmaksiz boʻlmaydi, deganlaridek, ayrim kimsalar xalq rizqi hisoblanuvchi bojxona toʻlovlarini toʻlashdan boʻyin tovlab, oʻzining nopok ishiga bojxona xodimlarini ham sherik qilishga urinmoqda.

Masalan, oʻtgan 2018-yilda 4 holatda bojxona xodimlariga pora taklif qilgan shaxslarning qingʻirliklari fosh qilindi.

Joriy yilning 5-avgust kuni Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Yallama” chegara-bojxona postiga tutash hududda oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida jismoniy shaxslar va bojxona xodimlaridan iborat jinoiy guruh faoliyati fosh qilindi.

Ular yuk avtotransport vositalarini mazkur post orqali navbatsiz va tezlashtirgan holda oʻtkazishni vaʼda qilib, avtotransport vositalari haydovchilari va tadbirkorlardan tamagirlik yoʻli bilan pora olib kelgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yana taʼkidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kurashishda bojxona organlari tomonidan 50 dan ortiq axborot tizimi ishlab chiqildi va 14 interaktiv xizmat yoʻlga qoʻyildi. Bu esa tadbirkorlik subyektlariga koʻplab yengilliklar yaratmoqda.

4 312
Nurillo NASRIYEV, OʻzA