O‘zA O`zbek

08.08.2018 13:55 Chop etish versiyasi

Bojxona sohasida 7 oyda 5 215 huquqbuzarlik sodir etildi

Bojxona sohasida 7 oyda 5 215 huquqbuzarlik sodir etildi
Aniqlangan huquqbuzarlik holatlarida qiymati 69,9 milliard so‘mlik tovarlar olib qo‘yilgan.

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, soha xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan tadbirlar va bojxona ko‘riklari natijasida jami 5 ming 215ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, qiymati 69,9 milliard so‘mlik tovarlar olib qo‘yilgan. Aniqlangan huqubuzarliklarning 230 holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Joriy yilda tovarlarni soxta kuzatuv hujjatlari asosida chegaradan olib o‘tish va rasmiylashtirish bilan shug‘ullangan 20ta tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari (TIF)ning jinoiy faoliyati fosh etilib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ulardan jami 135,2 milliard so‘mga yaqin qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi. Bundan tashqari, 60ta TIF qatnashchisi tomonidan 24,5 milliard so‘mlik bojxona imtiyozlaridan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlarda 23,9 kilogramm giyohvandlik vositalari, 567 dona psixotrop moddalar, 22 dona o‘qotar qurol, 202 jangovar o‘q-dori, 4 ming 421 dona diniy mazmundagi, shavqatsizlik va zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi materiallar huquqbuzarlardan olib qo‘yilgan.

O‘zA
2 004