Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.03.2017 14:59 Chop etish versiyasi

Bog‘da ekologik hashar o‘tkazildi

Bog‘da ekologik hashar o‘tkazildi Poytaxtimizdagi Botanika bog‘ida O‘zbekiston Ekologik harakati tashabbusi bilan ekologik hashar o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari vakillari, Ekoharakat faollari, talabalar, jurnalistlar ishtirok etdi.

Oltmish besh gektar maydonni egallagan Botanika bog‘i mintaqamizdagi noyob tabiiy hudud hisoblanadi. Bu yerda to‘rt yarim mingdan ziyod o‘simlik mavjud. Ularning orasida kamyob turlari ham ko‘p. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘simlik va hayvonot olami genofondi instituti olimlari va mutaxassislari bog‘ ma’muriyati bilan hamkorlikda ushbu tabiiy boylikni asl holicha asrash, ko‘paytirish va tarqatish borasida keng qamrovli ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirmoqda.

Bog‘ning noyob tabiiy salohiyatini asl holicha asrashda olimlar va mutaxassislarga davlat va jamoat tashkilotlari yaqindan ko‘mak berayotir. Xususan, O‘zbekiston Ekologik harakatiga qariyb o‘ttiz sotixni tashkil etadigan uchastka ajratilgan. Bu maydonda manzarali va mevali daraxtlarning bir necha turi bor, dorivor giyohlar yetishtiriladi. Ekoharakat faollari yil mobaynida bog‘da bir necha bor ekologik hashar tashkil etib, tevarak-atrofni obodonlashtirish, daraxtlarni parvarishlash, noyob turlarni asrash va ko‘paytirish, tabiat musaffoligini saqlashga o‘z ulushini qo‘shmoqda.

Bu galgi hashar ham uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda. Yer uchastkalari, ariq-zovurlar tozalanib, chiqindilar tashib ketilmoqda. Qurigan shox-shabbalar butalib, daraxtlar oqlandi, yangi ko‘chatlar ekilmoqda.

– Xalqimiz farovon turmush kechirishi uchun qulay ekologik muhit yaratish, aholi salomatligini muhofazalash, tabiiy resurslarning barcha majmuini mufohaza qilish va ulardan oqilona foydalanish faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishidir,–deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekoharakat deputatlari guruhi a’zosi Abdurahim Qurbonov. – Bu boradagi vazifalarni izchillik bilan hayotga tatbiq etish maqsadida ekologik qonunchilik takomillashtirilmoqda. Ekoharakat tashabbusi bilan bugungi kungacha joylarda bir yuz o‘ttiz gektardan ko‘proq ekobog‘lar yaratildi. Bu yilgi hasharda ham yashil hududlarni yanada kengaytirish maqsadida qator ekologik aksiyalar tashkil etishni rejalashtirganmiz.

– Toza havo, tiniq suv, musaffo zamin nafaqat ekologik barqarorlik, balki salomatlikning ham muhim omilidir, – deydi Toshkent Botanika bog‘i direktori Sodiq Abdunazarov. – Tabiatda bunday mutanosiblikni saqlashda o‘simliklar muhim o‘rin tutadi. Chunki o‘simliklar havo, tuproq, suvni chang, gaz singari chiqindilardan tozalab, uning o‘rnini kislorod bilan to‘ldirib turadigan laboratoriyadir. Shu bois, yashil boyligimizni muhofazalash, yangi-yangi turlarini iqlimlashtirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Bu yil mavjud o‘simliklarni parvarishlash barobarida piyozdoshlar oilasiga mansub turlarni yanada ko‘paytirish va ularni boshqa hududlarga ham tarqatish yuzasidan ish olib borilmoqda. Bugungi hashar bunday ilmiy-amaliy loyihalarni o‘z vaqtida hayotga tatbiq etishimizda bizga katta ko‘mak bo‘ldi.

Bahor Xidirova, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
4 174






Все о погоде - Pogoda.uz